Turkiyada koronavirusning ulkan to‘lqini: raqamlar, rekordlar va xavotirlar

Jahon 17:00 / 11.04.2021 28053

Turkiyada kunlik holatlarning qayd etilishi

Manba: Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

Shunday qilib, Turkiyada koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgan 2020 yilning martidan beri holatlarning umumiy soni 3,7 millionga yaqinlashdi, 33 mingdan oshiq turkiyalik koronavirus qurboni bo‘lgan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotlaridan olingan ma'lumotlar shuni ko‘rsatadiki, kasallikka chalinishlar soni fevral oyida orta boshlagan, mart oyining boshidan esa tez o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Mart oyidan e'tiboran hukumat «bosqichma-bosqich normallashish»ga o‘tilganini e'lon qildi va cheklovlar mintaqaviy tarzda asta-sekin bekor qilina boshladi. 

Mart oyida Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) va Milliyatchi Harakat partiyasi (MHP) ommaviy tadbirlar o‘tkazdi. Qolaversa, Turkiyaning turli hududlarida Navro‘z tantanalari ko‘pchilik ishtirokida nishonlandi.

Ayni paytda yanvar oyi o‘rtalarida boshlangan emlash dasturi davom etmoqda. Hozirgacha jami 18 million kishi emlandi. Shundan 10,6 millioni birinchi doza, 7,4 millioni ikkinchi dozadir. Bu shuni anglatadiki, aholining 12,6 foizi emlashning birinchi dozasini qabul qilgan, ularning qariyb 9 foizi esa ikkinchi doza bilan emlangan. Vaksinaning kamida bitta dozasini qabul qilganlarning umumiy aholi soniga nisbati 21,5 foizni tashkil qiladi.

Vafot etganlar soni

Ushbu tahlilda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kunlik holatlar soni yangidan e'lon qilina boshlangan 2020 yil 25 noyabrdan 2021 yil 8 aprelgacha bo‘lgan vaqtga asoslanildi.

Turkiyada hafta davomida koronavirus tufayli hayotdan ko‘z yumganlarning kunlik soni 250dan oshib, rekord darajaga yetdi.

Turkiyada kunlik o‘limlarning qayd etilishi

Manba: Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

Turkiyada kunlik o‘limlar soni avvalroq – dekabr oyida 200dan yuqorida edi, fevral oyida esa ushbu ko‘rsatkich 100dan pastga tushdi.

Ko‘rinib turibdiki, kunlik o‘limlar soni ortishi ham mart oyi oxirlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu haftada e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, kunlik o‘limlar sonining o‘sish sur'ati 30 foizdan oshdi.

Kunlik o‘limlar sonining o‘sish sur'ati

Manba: Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

Kasal va og‘ir bemorlar soni

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e'lon qilinayotgan ma'lumotlarda nafaqat kunlik bemorlar, balki og‘ir kasallar soni ham berilmoqda. Har ikki kesimdagi raqamlar dekabrdagiga nisbatan sezilarli darajada kamaygan, ammo so‘nggi paytlarda yana o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Vazirlik og‘ir bemorlar bilan bog‘liq ma'lumotlarni 2020 yilning 29 iyunidan beri e'lon qilib kelmoqda va ularni «kislorod bilan to‘yinganligi ma'lum darajadan past bo‘lgan yoki intensiv terapiyaga muhtoj bo‘lganlar» deb tavsiflamoqda.

Og‘ir bemorlar sonida dekabrga nisbatan sezilarli pasayish bor, ammo fevral oyidan o‘sish tendensiyasi yana boshlandi.

Og‘ir bemorlarning soni dekabr o‘rtalarida qariyb 6 ming nafarni tashkil qilgandi. Fevral oyi o‘rtalarida 1 ming 100gacha kamaydi. Biroq mart oyi oxirida 2 mingdan ortiqni tashkil qilgan og‘ir bemorlarning soni keyingi paytlarda 2500dan oshib ketdi.

Og‘ir bemorlar soni

Manba: Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

Kunlik bemorlar soni ham o‘sib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ularni «faqat simptomatik holatlar» deb aytmoqda.

Dekabr oyida 6 ming kishidan yuqori bo‘lgan bemorlar soni fevral oyida 700dan kamni tashkil qildi, keyingi kunlarda esa 2 minglik chegaradan oshdi.

Iyul oyi oxirida Sog‘liqni saqlash vazirligi kunlik holatlar o‘rniga simptom kuzatilgan va test natijalari musbat chiqqan deb tavsiflanuvchi bemorlar sonini e'lon qila boshladi.

Bemorlarning soni

Manba: Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

Biroq ushbu amaliyot tanqidga uchragach, 25 noyabr kunidan e'tiboran kasallikka chalinish bilan bog‘liq barcha holatlar soni ochiqlana boshladi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, katta yoshdagilar uchun mo‘ljallangan intensiv terapiyaning bandlik darajasi 66,5 foizni tashkil etmoqda. Dekabr oyida bu ko‘rsatkich 70 foizdan oshgan edi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Xo‘ja 2020 yil aprel oyida Turkiya Buyuk Millat Majlisida qilgan bayonotida Turkiyaning davlat va xususiy shifoxonalarida kattalar uchun intensiv terapiya sig‘imi 25 ming 466 ekanligini bildirgandi. Hozirgi kunda Turkiyada 17 mingga yaqin kishi intensiv terapiyada.

Testlarning musbat chiqish darajasi

Manba: Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

Testlarning musbat chiqish darajasi

Turkiyadagi rekord darajadagi ko‘rsatkichlardan yana biri musbat testlar sonidir. Hozirgi kunda Turkiyada o‘tkazilayotgan kunlik testlar soni 300 mingdan oshiqni tashkil qilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘rsatmalariga binoan, alomatlar kuzatilishi ortidan murojaat qilganlar va kontaktlarni kuzatish tadqiqotlari natijasida test natijasi musbat chiqqan insonlar bilan aloqada bo‘lgani aniqlanganlar testdan o‘tkazilmoqda. 

So‘nggi ma'lumotlar testlarning musbat chiqish darajasi 18 foizdan oshganligini ko‘rsatmoqda. Bu Turkiyada holatlar soni yangidan e'lon qilina boshlangan vaqt – noyabr oyi oxiridan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Viloyatlarga ko‘ra o‘sish darajasi

Sog‘liqni saqlash vazirligi fevral oyida e'lon qilishni boshlagan yana bir ma'lumot – viloyatlarga ko‘ra 100 ming kishi boshiga to‘g‘ri keluvchi haftalik kasalliklar sonidir.

Dastlabki ma'lumotlar e'lon qilingan 8-14 fevral haftasidan e'tiboran viloyatlar bo‘yicha haftalik ma'lumotlar sakkiz marta e'lon qilindi. Ushbu ma'lumotlar shundan dalolat beryaptiki, ba'zi viloyatlarda haftadan haftaga o‘tishda jiddiy o‘sish ro‘y bermoqda, ba'zi hollarda esa pasayish kuzatilmoqda.

8 hafta ichida eng yuqori o‘sish kuzatilgan viloyatlar

Manba: Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

Biroq birinchi hafta va oxirgi hafta ma'lumotlari taqqoslanganda, sakkiz hafta ichida yettita viloyatdan tashqari barcha shaharlarda o‘sish sur'ati 100 foizdan yuqori bo‘ldi. Burdur, Mersin, Shonliurfa, Trabzon, Adana, Karaman va Rize o‘sish darajasi 100 foizdan past darajada saqlanib qolgan hududlardir.

27 mart-2 aprel ma'lumotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, Eskishehir, Chankiri, Chanakkale va Kastamonuda haftalik holatlarning o‘sish sur'ati 8-14 fevral haftasiga nisbatan 1000 foizdan oshgan.

8 hafta ichida eng past o‘sish kuzatilgan viloyatlar

Manba: Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi / BBC

O‘sish sur'ati Istanbulda 880 foiz, Anqarada 660 foiz, Izmirda esa 390 foizdan yuqorini tashkil etdi.

Ko‘proq yangiliklar: