Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida havo reyslari ko‘paytiriladi

O‘zbekiston 18:49 / 11.05.2024 4070

Qozog‘iston Transport vaziri Marat Qoraboyev O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan uchrashdi. Unda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, temir yo‘l va avtomobil transporti, transport infratuzilmasini qurish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd qilinishicha, Dorboza va Maqtaaral o‘rtasida yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi davom etmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi ikki davlat o‘rtasidagi yuk tashish hajmini yana 10 million tonnaga oshirish imkonini berishi kutilmoqda.

Shuningdek, avtomobillarda eksport-import yuk tashish hajmi 6 foizga oshib, 1,8 million tonnani tashkil etgan.

Shu bilan birga, Qozog‘iston va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida haftasiga 37 ta reys amalga oshirilmoqda. Muzokaralar chog‘ida reyslar sonini yanada oshirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish, Ostona-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha reyslar sonini haftasiga 12 tadan 36 taga, Olmaota-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga 20 tadan 36 ta reysga ko‘paytirish, boshqa yo‘nalishlarda esa haftasiga 4 tagacha reysni oshirishga kelishuvga erishilgan.

«Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li qurilishi borasida Qozog‘iston tomoni O‘zbekistonga ko‘mak berishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida 2024-2025 yillarda transport va logistika sohasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni imzoladi.

Ko‘proq yangiliklar: