Vazirlar Mahkamasi qarori bilan qonunchilik hujjatlari soni qisqartiriladi

O‘zbekiston 18:37 / 11.05.2024 3950

O‘zbekiston hukumatining 493 ta qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi, ularning 362 tasi yaxlit, 131 tasi o‘zgartirish va qo‘shimchalardan iborat. Bu haqda 6 may kuni Vazirlar Mahkamasining 226-son qarori qabul qilingan. Qarorning mazmuni qonunchilik hujjatlarini qisqartirishdan iborat.

Ushbu qarorni qabul qilish zarurati milliy bazadagi qonunosti hujjatlarning to‘lib ketgani bilan izohlanmoqda. Misol uchun, qonunchilik ma’lumotlarining Lex.uz milliy bazasida 14 mingdan ortiq amaldagi qonunchilik hujjatlari mavjud bo‘lib, ularning deyarli 93 foizini qonunosti hujjatlari tashkil etgan. Taqqoslanadigan bo‘lsa, Yevropa davlatlarida bunday hujjatlarning salmog‘i o‘rtacha 25-30 foizni tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, har yili o‘rtacha 1,5 mingta qonunchilik hujjatlari qabul qilinib, ularning aksariyat qismini qonunosti hujjatlari tashkil etadi. Tahlillarga ko‘ra, ularda, ayniqsa hukumat qarorlarida, normativ-huquqiy tusga ega bo‘lmagan vaqtinchalik (bir martalik) tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Misol uchun, 2017-2022 yillarda qabul qilingan 6 mingta yaxlit qonunchilik hujjatlarida belgilangan masalalar o‘rganilganida, ularning 45 foizini huquqiy normalar, qolgan 55 foizini esa topshiriqlar, tavsiya va ma’lumot ko‘rinishidagi boshqa masalalar tashkil etishi aniqlangan.

Shu bois norma ijodkorligi sohasida o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunosti hujjatlarini bekor qilish doirasida «Tartibga solish gilyotinasi» usuli qo‘llanilib kelmoqda va ushbu yo‘nalishda so‘nggi 5 yilda 8848 ta qonunosti hujjatlari bekor qilingan.

Qarorda O‘zbekiston hukumatining 493 ta (shundan 362 tasi yaxlit, 131 tasi o‘zgartirish va qo‘shimchalar) o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish nazarda tutilgan. Ushbu qarorlar vaqtinchalik (bir martalik) hamda tashkiliy chora-tadbirlarni (yillik rejalar, bayram kunlari va yubileylarni nishonlash) amalga oshirish bilan bog‘liq hujjatlar hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: