Koronavirus raqamlarda: 91 davlat Xitoyni ortda qoldirgan, Amerikada olingan testlar soni aholi sonidan ortiq, Isroil vaksinatsiyada yetakchi

Jahon 21:05 / 07.04.2021 7160

6 aprel holatiga ko‘ra dunyo bo‘ylab koronavirus yuqtirganlar soni 133,3 milliondan oshdi. Bu ma'lumot dunyo bo‘ylab turli statistikalarni yuritib boruvchi Worldometers portalida e'lon qilingan. Aynan shu sayt ma'lumotlariga ko‘ra, ayni damdagi koronavirusga bog‘liq asosiy raqamlarga e'tibor beramiz.

Bugungi kunga qadar dunyo bo‘ylab 2 million 891 mingdan ortiq kishi koronavirus qurboniga aylandi. Afsuski, siz bu ma'lumotlarni o‘qiyotgan vaqtda ularning soni ko‘paygan. 107 milliondan oshiq odam virusdan tuzaldi. Ayni damda 23 milliondan ortiq odam virus bilan olishmoqda. Ularning 99,6 foizi o‘rtacha holatda bo‘lsa, faqatgina 0,4 foizi og‘ir yoki o‘ta og‘ir holatda.

Eng ko‘p kasallanish holati hamon AQShda bo‘lib turibdi. 31,5 milliondan ortiq amerikalik pandemiya boshidan buyon koronavirus yuqtirishga ulgurdi. Ulardan 570 mingdan ortig‘i vafot etdi. Braziliya virus yuqtirganlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda. 13,1 milliondan ortiq braziliyalik virus yuqtirgan. 12,9 million fuqarosi virus yuqtirgan Hindiston bu borada uchinchi o‘rinda.

So‘nggi vaqtlarda kunlik o‘sish aynan shu mamlakatda yuqori bo‘lmoqda. Masalan, 5 aprel kuni 96 mingdan ortiq, 6 aprel kuni 115 mingdan ortiq yangi holat qayd etildi.

Kunlik o‘limlar soni Braziliyada tinimsiz ko‘paymoqda. Mart oyi mamlakatda eng ko‘p o‘lim qayd etilgan davr bo‘ldi. Bu oy davomida mamlakatda 8 marta kunlik o‘lim rekordi yangilandi. Eng yuqori kunlik o‘lim ko‘rsatkichi 3,9 mingtagacha ko‘tarildi. 2021 yil mart oyida Braziliyada 14 mingdan ortiq odam vafot etgan va ularning aksarini koronavirus «olib ketgan». Bu o‘tgan yil martiga qaraganda uch baravar ko‘p degani. Pandemiya boshidan buyon 337 mingdan ortiq braziliyalik koronavirus sabab vafot etgan.

«Yuqori o‘nlik»da eng tez yuqorilayotgan davlat Turkiya bo‘lib turibdi. Aprel boshidan buyon mamlakatda kunlik koronavirus yuqtirish holati 40 mingdan kamaygani yo‘q. Shuningdek, Fransiya, Italiya, Kolumbiya, Eron, Argentinada ham kunlik o‘sish yuqori bo‘lib turibdi. Vaksinatsiya jarayoni jadal davom etayotgan bo‘lsa-da, Yevropada o‘sish yana tezlashdi. Umumiy hisobda hozirgacha 14ta davlatda virus yuqtirganlar soni 2 milliondan, 23 mamlakatda milliondan ortiq.

Koronavirus ilk marta aniqlangan Xitoy virus yuqtirganlar soni bo‘yicha 100talikdan chiqib ketishga yaqin turibdi. Hozirgacha 91ta davlat Xitoyni ortda qoldirishga ulgurdi. Xitoydan keyin Qirg‘iziston, Zambiya va O‘zbekiston turibdi.

Aholidan test olishda Amerika aql bovar qilmas ko‘rsatkich qayd etmoqda. Hozirgacha amerikaliklardan 412 milliondan oshiq test olingan. Ma'lumot uchun, AQSh aholisi 333 millionga yaqin. Ya'ni ko‘pchilik bir necha martadan test tpshirgani hisobiga natija mana shunday kattalashib ketgan. Hindiston 251 million, Xitoy 160 million, Britaniya 132 million (fuqarolarining ikki baravariga teng miqdorda), Rossiya 122 million test o‘tkazgan.

Vaksinatsiya borasida Isroil yetakchi bo‘lib turibdi. 5 aprel holatiga ko‘ra 5,2 milliondan ortiq isroilliklar birinchi dozani, 4,8 million isroillik esa vaksinaning ikkinchi dozasini qabul qilib bo‘ldi. Ma'lumot uchun, mamlakat aholisi 10,1 million kishini tashkil etadi. Ya'ni mamlakat aholisining 52 foizi koronavirusga qarshi 100 foiz emlangan bo‘lsa, 16 yoshdan katta aholining 79 foizi vaksina olgan.

Isroilda vaksina bepul qilinmoqda va navbatda telefon orqali onlayn yozilish mumkin. Vaksinaga yoshga qarab navbatga yozish tizimi joriy qilingan. Yoshi kattalar oldinroq emlangan. Isroilliklar Pfizer vaksinasini qabul qilmoqda va u 12 yoshdan kattalar uchun 100 foiz ta'sirli ekani isbotlangan.

JCCT ma'lumotiga ko‘ra, hozirgacha 678 millionta vaksina ishlab chiqarilgan. Vaksina olganlar soni bo‘yicha ham AQSh yetakchi. Hozirgacha 62 milliondan ortiq amerikalik to‘liq vaksina olgan. Bu mamlakat aholisining deyarli 19 foizi degani. O‘tgan bir kun davomida 2,1 million amerikalik vaksina olgan. Hozirgacha Amerikada 167 million doza vaksina ishlab chiqarilgani ma'lum. Hindistonda 10,8 million kishi, Turkiyada 7,1 million kishi, Britaniyada 5,4 million kishi, butun dunyoda esa 146 million kishi vaksina qabul qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: