KOICA O‘zbekistonga "Elektron parlament" tizimini joriy etishda ko‘mak beradi

O‘zbekiston 09:02 / 10.05.2024 703

Senati raisi Tanzila Norboyeva Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi delegatsiyasini qabul qildi.

Parlament yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar ikki davlat parlamentlarining aloqalari hozirda yangi bosqichga ko‘tarilganini, yaqin do‘stlik rishtalariga, xalqlarimizning mentaliteti, an’ana va qadriyatlari o‘xshashligiga asoslangan aloqalar strategik sheriklik munosabatlari darajasida rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Koreya tajribasi asosida KOICA xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magi bilan O‘zbekistonda "Elektron parlament" tizimini joriy qilish grant loyihasining amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Yaqinda saylangan Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi qo‘mitalari bilan Oliy Majlis Senati qo‘mitalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi. 

Janubiy Koreyaning boy tajribasini inobatga olgan holda ayollar bandligini ta’minlash, birinchi navbatda, ularni tadbirkorlikka jalb etish, biznesni boshqarish salohiyatini oshirish yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rag‘batlantirish lozimligi ta’kidlandi.

Parlament darajasida Koreyadagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun qulay sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi.

Suhbat chog‘ida ikki davlat o‘rtasida ta’lim, sog‘liqni saqlash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida birgalikda yangi loyihalarni ishga tushirishga kelishib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: