«Elektr doimiy bo‘lsa, daromadimiz ikki barobar ko‘p bo‘lardi» - asakalik tikuvchilar muammosi

Jamiyat 11:18 / 29.03.2021 8731

Tikuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular tayyorlagan ko‘rpa-yostiqlar nafaqat O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlarga ega, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport qilinadi.

Ana shunday yakka tartibdagi tadbirkorlardan biri Shohidaxon Dadajonovaning ishlab chiqarish sexida bo‘ldik. U yerda 50 nafardan ortiq ayol ish bilan ta’minlangan. Bir kunda ular 200dan ortiq ko‘rpa tayyorlashadi, mingdan ortiq yostiq tayyor holatga keltiriladi.

Ishbay haq olish evaziga ishlayotgan ayollar bilan suhbatlashdik.

Ular kuniga o‘rtacha 50 ming so‘m atrofida daromad topishadi. Biroq ularni qiynayotgan muammo bor: elektr energiyasida tez-tez uzilishlar kuzatiladi.

Tadbirkor transformator muammosi tufayli ularning ishida to‘xtalishlar bo‘layotganini aytib o‘tdi.

Biz borgan paytda ham mahallada elektr toki yo‘q edi. Holbuki, «svet» o‘chmasa, ular ikki barobar ko‘proq daromad qilishlari mumkinligini aytishdi. Chunki tikuv-bichuv dastgohlarining barchasi elektr energiyasi yordamida ishlaydi.

Yosh bolali, uyidan sexga chiqib ishlay olmaydigan ayollarning xonadonlariga tikuv mashinalari yetkazib berish orqali ular ham ish bilan ta’minlangan. Ular kuniga o‘rtacha 400dan ortiq yostiq tikib, ro‘zg‘or tebratishmoqda.

«4 nafar farzandim bor. Kichik farzandim 8 oylik bo‘lgani uchun sexga chiqib ishlolmayman. Shuning uchun ish beruvchimiz tikuv mashinasini uyimizga o‘rnatib bergan», – deydi Muharram Ahmadjonova.

Xulosa o‘rnida ta’kidlashni istardikki, elektr energiyasidagi uzilishlar oddiy tikuvchining ham daromadini ikki barobarga qisqartirar ekan, bu – har gal sovuq tushganda butun jamiyat miqyosidagi yo‘qotishlarimiz ko‘lami haqida o‘ylashga undaydi.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: