«Vatanga muhabbat ona tilga e'tibordan boshlanadi» - o‘zbek tilining o‘rni va mavqeyini mustahkamlash haqida

Jamiyat 09:53 / 28.03.2021 1676

Bugungi globallashuv davri har bir millatdan ona tilini asrab-avaylash, uning o‘rni va mavqeyini oshirishni taqozo etyapti. Zotan, vatanga muhabbat, milliy qadriyat va an'analarga hurmat ruhi, avvalo, ona tiliga bo‘lgan e'tibor-u e'zozdan boshlanadi.

Xo‘sh, bugungi kunda o‘zbek tilining o‘rni va mavqeyini mustahkamlay olyapmizmi? Uning boy imkoniyati va salohiyatidan to‘liq foydalanyapmizmi? Uning chinakam jozibasini yuzaga chiqara olyapmizmi?

Toki ayrim davlat tashkilotlarida hali-hamon rus tilida ish yuritilar, qonunlar rus tilida ishlab chiqilib o‘zbekchaga tarjima qilinar ekan, o‘zbek tili mavqeyi haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Hatto, rus tilida ish yuritish hukmron tashkilotlarda bu tilni bilmagan kadrlar ishga qabul qilinmaydi.

Shuningdek, ba'zi tashkilotlarda o‘zbek tilida juda qo‘pol xatolar bilan ish yuritish holatlari kuzatiladi, ish hujjatlarining imloviy va uslubiy xatolariga esa qarab ham bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, ko‘cha-kuyda rus, ingliz va boshqa tillardagi yorliqlar, havolalar, e'lon va shiorlarga ko‘zimiz tushadi. Xizmat ko‘rsatish obektlari peshtaxtalari ham aksariyat holatda ruscha yoki inglizcha nomlangan bo‘ladi. Ularni o‘zbekchalashtirishga kim yoki nima xalaqit beradi?

O‘zbekcha vikipediya maqolalari g‘arib ahvolda

Yana bir muhim masala, bugungi kunda o‘zbek tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta'minlash, o‘zbek tilining kompyuter dasturlari, onlayn darsliklar, elektron lug‘atlarini yaratish zamon talabi.

Shuni tan olib aytish kerakki, o‘zbek tilidagi veb-resurslar soni va sifatini yuqori, deb bo‘lmaydi. Internetda o‘zbek tilida ayrim kerakli tushunchalar izlansa tayinli ma'lumot chiqmaydi. Lekin ingliz, rus va boshqa tillarda izlab ko‘rsangiz, ma'lumotlar ipga terilgan marjon misoli chiqib kelaveradi.

Ingliz, rus va boshqa tillarda har qanday narsaning vikipediyada to‘liq ma'lumoti joylashtirilgan. Qolaversa, ularda ma'lumotlar tez-tez yangilab turiladi. Misol uchun, bir xorijlik futbolchi o‘z klubini tark etib, boshqa jamoaga o‘tdi deylik. Inglizcha, ruscha vikipediyada ana shu ma'lumot darhol yangilab qo‘yiladi. Buni ko‘rib, ular qanday qilib bunday tezkorlikka erisharkan, deb o‘ylab qolasiz. Bizda-chi?

Futbolchi haqidagi ma'lumot tugul undan ham zarur yangilik va voqeliklarning vikipediya ma'lumotlari yaratilmagan. Mavjudlarining ham ma'lumotlari va hajmi nihoyatda g‘arib ahvolda. Ko‘pi eskirib bo‘lgan, uzoq muddat yangilanmagan ham.

O‘zbek tilida yetarli ma'lumot topa olmagan o‘zbek tilli fuqarolar albatta, boshqa tillardagi veb-resurslarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.

Televideniyeda sheva yoki «ko‘cha tili»da gapirish «trend»ga aylandi(mi?)

Bugungi kunda barcha milliy telekanallarimizda ham til madaniyati va me'yorlariga rioya qilinyapti, deb bo‘lmaydi. Taassufki, ayrim xususiy telekanallar boshlovchilari ko‘cha tili, shevada gapirib ko‘rsatuv olib borishadi. Aslida, telekanallar boshlovchilari adabiy tilda gapirib, teletomoshabinlarga o‘rnak, namuna bo‘lishi kerak emasmi?

Telekanallarning badiiy rahbarlari, muharrirlari bu masalaga nega panja ortidan qarashadi? Sheva yoki ko‘cha tilida gapirilsa, telekanallar zamonaviy ko‘rinib, trendga chiqib oladimi?

To‘g‘ri, bugun xususiy telekanallar faoliyatiga keng o‘rin berilmoqda, bu ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni ham yuzaga keltiradi. Ammo so‘z boyligi haminqadar, sof adabiy tilda gapira olmaydigan, efirda qanday muloqot qilishni bilmaydigan, saviyasiz boshlovchilar tomoshabinda ma'naviy ozuqa bera olmaydi. Bu tomoshabinlar didi, ma'naviy saviyasining o‘tmaslashishiga, eng yomoni, tilimizning g‘arib holda ko‘rsatilishiga olib kelmoqda.

Estrada xonandalari tomonidan ona tilimizdagi so‘zlarni buzib, boshqa xorijiy tillardagi so‘zlar bilan qorishtirib kuylanayotgan qo‘shiqlar, yengil-yelpi, mazmunan sayoz «ijod namunalari» tinglovchiga hech qanday estetik zavq bermaydi.

Xususiy telekanallar bunday qo‘shiqlarni efirga uzatib, ona tilimizning qadrsizlanishi hisobidan pul topayotganini nahot anglashmayapti? Vijdoni qanday qabul qilyapti? Bunday oldi-qochdi so‘zlardan iborat, saviyasiz qo‘shiqlarni efirga uzatish ona tilimizga befarqlik, uni toptash, yerga urish emasmi?

Shahzod G‘afforov

Ko‘proq yangiliklar: