“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Zevarda” konidagi siquv kompressor stansiyasi ishga tushirildi.
Mirishkor tumanida joylashgan “Zevarda” konidagi siquv kompressor stansiyasi past bosimli gazlarni o‘zlashtirishga mo‘ljallangan.
Mazkur obektning ochilish marosimida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev ishtirok etdi.
Umumiy qiymati 75,8 mln. dollar bo‘lgan ushbu loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyevning “2017-2021 yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish Dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini, ya’ni kondagi qoldiq gaz va kondensat zaxirasini maksimal darajada qazib olish maqsadida amalga oshirildi.
Qurilish ishlari “Enter Engineering” (Singapur) kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Zamonaviy gaz-turbina uskunalari va kompressorlar “Baker Hughes General Electric” (AQSh), “Motorsich” (Ukraina), “Akcelik” (Turkiya), “Denair Energy” (Xitoy) kompaniyalari tomonidan yetkazib berildi.
– Yangi siquv kompressori stansiyasi yiliga 3,3 mlrd kub metr tabiiy gaz bosimini oshirish quvvatiga ega bo‘lib, gaz tarkibidagi suyuq komponentlarni ajratib olish uchun gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga yetkazib berishga xizmat qiladi. Kunlik qo‘shimcha 1,5 mln. kub metr gaz qazib olishga erishiladi. Ushbu siquv kompressor stansiyasining ikkinchi bosqichi ikkita agregat orqali “Zevarda” koni quduqlarining sanoat miqyosidagi past bosimli tabiiy gazlari bosimini ko‘tarib, “Zevarda” siquv kompressor stansiyasiga uzatib beradi. Bu orqali tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirishga erishiladi. O‘z navbatida, loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan xorijiy kompaniyalarning hamkorligi, yordamini ham e’tirof etishni istardim, – dedi “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev.
“Zevarda” koni va undagi quduqlarning joriy holatida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan 2,27 mlrd. kub metr tabiiy gaz va 46,6 ming tonna gaz kondensati qazib olinadi.
“Zevarda” koni 1968 yilda ochilgan bo‘lib, dastlabki tabiiy gaz zaxirasi 305 mlrd. kub metrni hamda kondensat zaxirasi 18 mln. tonnani tashkil qilgan. Konni ishlatish davomida 136 ta quduq burg‘ulanib, hozirgi kunda 82 ta quduq ishlatilmoqda.
Ta’kidlash kerak, “Zevarda” konini ishlatish jarayonida qatlam va quduq ustki bosimining keskin tushib borishi natijasida 2007 yilda 1-sonli siquv kompressor stansiyasi ishga tushirilgandi.
Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev qurilmani ishga tushirishga ruxsat berdi.
Mazkur obektni barpo etish natijasida “Zevarda” konidagi tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan holda nazorat qilinishi ta’minlandi.
Jurnalist Isomiddin Po‘latov
Operator va montaj ustasi Faxriddin Hotamov