Qashqadaryoda bilyard o‘ynash uchun navbat talashish bir inson o‘limiga sabab bo‘ldi

Jamiyat 16:39 / 28.03.2021 3934

Qashqadaryoda ikki yigit bilyard o‘ynash uchun navbat talashib qolgan. So‘ng, ularning biri ikkinchisini o‘sha joyning o‘zida pichoqlab o‘ldirgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, joriy yil 15 mart kuni soat 20:00 lar atrofida Chiroqchi tuman «Paxtaobod» mahalla fuqarolar yig‘ini Paxtaobod qishlog‘i hududida joylashgan bilyardxonada shu qishloqda yashovchi J. va qo‘shni Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi I. navbat talashib, o‘zaro janjallashib qolgan. Ikkalasi bilyardxonaning o‘zida bir-birini obdan haqorat qilganidan keyin J. uyiga ketgan.

Uyga ketishda, yo‘l-yo‘lakay achchiq ustida raqibining haqoratlari esiga tushgan va uyiga borib, u yerdan oshxona pichog‘ini olib, yana bilyardxonaga qaytib kelgan. So‘ng, I.ni tashqariga chaqirib chiqadi va unga «Sen nega boya meni onamni so‘kding?» deb qo‘lidagi oshxona pichog‘ini I.ning chap ko‘kragiga ikki marta sanchgan.

Pichoq zarbidan yerga yiqilgan I.ni zudlik bilan shifoxonaga olib borishgan. Ammo ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramasdan, u vafot etgan.

Ta'kidlanishicha, J. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Surishtiruvlardan ma'lum bo‘lishicha, bilyardxona egasi hali tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmay, to‘liq bitmagan binoda faoliyat ko‘rsatgan. Endi u ham o‘z qonunbuzarligi uchun javob beradi.

Ko‘proq yangiliklar: