Har bahorda shu bo‘lar takror: Sariosiyoliklar Xarkush daryosidan sarosimada

Jamiyat 19:00 / 28.03.2021 18276

Fors-tojikchadan tarjimasi «eshak o‘ldiruvchi» ma'nosini beruvchi daryo nafaqat eshaklarning, bir necha yildan buyon tumandagi Bog‘iston, Do‘stlik, Jannatmakon, Yangi hayot, Erkin, Mehr-shafqat va Yoqutli mahallalari ahlining moliga, joniga xavf solib keladi.

Aholi bahor faslida osmonga bulut to‘plansa yurak hovuchlab qoladi. Chunki ko‘p yillardan buyon kutilmaganda sel kelib, daryo yoqasida istiqomat qilayotgan aholining uy-joylari, ekin-tekinlariga talafot yetkazadi.

Sariosiyo tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Ravshan Turdiyevning bildirishicha, Xarkush daryosida bahor mavsumida sekundiga 100 kub metr suv oqib o‘tadi.

Albatta, bunday katta miqdordagi suv soy o‘zaniga sig‘maydi. Sel toshqinidan nafaqat aholi, fermerlar ham katta ziyon ko‘radi.

Lekin bu masala sellarni keltirib chiqaruvchi bahorgi yomg‘irlar mavsumida bir ko‘tariladi, kunlar isib ketgach, xavf chekingach mutasaddilar ham «unutishadi», odamlar ham boshqa yumushlariga g‘arq bo‘lishadi.

Masalan, sel toshqinining oldini olish maqsadida 2020 yilda ushbu soyni 13,5 km qismini qazish, qirg‘oqlarini mustahkamlash uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, tegishli tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan.

Bu ishlarning barchasi 2020 yilning ikkinchi choragida boshlanishi kerak edi. Ammo karantin sabab soyni qazish, ta'mirlash ishlari amalga oshmay qoldi.

Odamlar esa hayotini xavfdan asrash uchun turli idoralarga ko‘plab murojaatlar qilib yurishibdi.

Selning oldini olish maqsadida odamlar xaltalarga qum to‘ldirib qirg‘oqlarni mustahkamlaydi. 2019 yilda kelgan sel uchta uyni qulatib, bir necha xonadonni vayron qilgan.

Bahorning seryog‘in kunlari boshlanishi arafasida aholining sarosimasi ortayotganini tushunsa bo‘ladi. Surxondaryodagi mutasaddilar albatta Xarkush daryosining qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha boshlangan xayrli ishni oxiriga yetkazishlari kerak. Toki, aholining moliga va mulkiga talafot yetmasin.

O‘ylaymizki, viloyat hamda tumandagi mutasaddilar ushbu vaziyat yuzasidan o‘z rasmiy munosabatlari, qiladigan ishlari rejalarini taqdim etishadi. Kun.uz ushbu mavzuga yana qaytadi.

Sirojiddin Mamajonov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: