Nafsilamrini aytganda, o‘zi umumiy cheklovlar bekor qilingani ham yo‘q edi. Niqob taqish, masofa saqlash, jamoat joylarga kirishda antiseptik vositalardan foydalanish, haroratni o‘lchash hech qachon bekor qilinmagan. Lekin bu qoidalarga anchadan beri rioya qilinmayapti.
Tegishli qoidalar asosida erkinliklar berildi: jamoat transporti harakati tiklandi, ta'lim maskanlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari ochildi, buyum bozorlari ishga tushdi, ommaviy tadbirlarga ruxsat berildi.
Ammo bu erkinliklar uchun joriy etilgan talablar shunchaki qog‘ozda qoldi. Umuman, 2020 yil oxiriga kelib O‘zbekiston aholisi karantin hali bekor qilinmaganini deyarli butkul unutib yuborgandi. Avval 30, keyin 100 kishiga qadar ruxsat berilgan to‘ylar pandemiyadan avvalgi ko‘rinishga qaytdi. Vaholanki, to‘yxona va kafe-restoranlarda nazorat o‘rnatilishi hamda tashrif buyuruvchilarda PZR test natijasi bo‘lishi lozim edi.
Ommaviy tadbirlar esa qizg‘in tus olmoqda. Muxlislarga to‘lgan stadionlarda, «Million» jamoasining, Yulduz Usmonovaning konsertlarida ham zallar liq to‘ldi, masofa butkul, niqob esa deyarli unutildi.
Holbuki, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, konsert va tomosha tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat berilganda quyidagi talablar belgilangan edi:
• konsertlarda tomoshabinlar sonini 50 foizdan oshirmaslik;
• tomoshabin o‘rindiqlaridan oraliq masofani saqlanishini ta'minlash (orada bitta o‘rindiq qoldirish);
• konsertga kelgan tomoshabin hamda xizmat ko‘rsatuvchilar niqobda bo‘lishi.
Bu qadar erkinlikka kim yo‘l qo‘yayotganini so‘rab «O‘zbeknavo» estrada birlashmasiga murojaat qilganimizda, bu tashkilot vakili faqat san'atkorlarga litsenziya berishi, ommaviy tadbirlardagi tartibga javobgar emasligini bildirdi.
Maxsus komissiya vakili Nurmat Otabekov O‘zbekistonda niqob taqish, ijtimoiy masofa, antiseptik vositalardan foydalanishga amal qilinmayotganini, bu sog‘lik uchun kerakligini aytdi.
Bugungi kunga kelib jahonda koronavirusga chalinganlar soni 120 milliondan oshgan, O‘zbekistonda 2020 yil martidan buyon har kuni yangi kasallanish holatlari aniqlanib kelmoqda. Birinchi to‘lqinda hosil qilingan immunitet muddati allaqachon tugagan, so‘nggi haftalarda Toshkent shahrida kunlik ko‘rsatkichlar yil boshidan buyon rekord darajaga chiqa boshlagani ham shundan dalolat beradi.
Endilikda hukumat karantin qoidalariga amal qilinishi ustidan nazoratni kuchaytira boshladi, ko‘chalarda niqobsiz yurganlar va ijtimoiy masofani saqlamayotganlarga yana jarima qo‘llanmoqda.
Konspirologik nazariyalar ishqibozlari «vaksinani sotish uchun qilingan o‘yin» deya baholayotgan bugungi vaziyat aslida jiddiy e'tiborni talab qiladi. Unutmang, hech kim bizni virusdan o‘zimizchalik himoyalay olmaydi!
Abror Zohidov, Gulmira Toshniyozova,
tasvirchi Muhiddin Qurbonov.