AQSh yangi prezidenti Donald Trampga qarshi sudga bir necha da’vo arizasi berildi. Bu uning birinchi ish kunidayoq yuz berdi va kamida 3 ta da’vo arizasi mavjud, deb yozdi Bloomberg.
Da’volardan biri 20 yanvar kuni 37 ta federal agentlik va idora xodimlarini ifodalovchi Milliy g‘aznachilik xodimlari kasaba uyushmasi (National Treasury Employees Union) tomonidan qo‘zg‘atilgan. Bu Tramp tomonidan imzolangan yuqori martabali federal xodimlarni ishdan bo‘shatish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi buyruq bilan bog‘liq. Ish Vashingtondagi federal sudda ko‘rib chiqiladi.
Da’vogarlarning ta’kidlashicha, prezidentning harakatlari qonunchilik maqsadiga zid, chunki Kongress federal kadr xodimlari uchun «munosib yuridik jarayon huquqini» o‘rnatgan.
«Tramp buyrug‘i apellyatsiya huquqisiz ishdan bo‘shatilishi mumkin bo‘lgan xodimlarning yangi toifasini yaratish orqali davlat xizmatini tubdan o‘zgartiradi», deyiladi da’vo arizasida.
Yana bir da’vo bir necha inson huquqlari tashkilotlari tomonidan Nyu Hempshir federal sudiga kiritilgan. Ular Tramp ma’muriyatining noqonuniy migrantlarning AQSh hududida tug‘ilgan bolalariga fuqarolik berishni rad etish haqidagi qaroriga qarshi chiqishdi. Arizada bu qaror Konstitutsiyaga 14-tuzatish va boshqa qonunlarga zid ekani ta’kidlanadi.
«Tug‘ilish huquqi asosida fuqarolik berishning mohiyati shundaki, AQShda tug‘ilgan har bir bola jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lib hayot boshlashi kafolatlangan», — deyiladi arizada.
Javobgar sifatida Donald Tramp, Ichki xavfsizlik vazirligi, Davlat departamenti va boshqa tashkilotlar ko‘rsatilgan. Endi bu masala Oliy sud muhokamasiga chiqishi kutilmoqda.
1868 yilda konstitutsiyaga 14-tuzatish bilan ratifikatsiya qilingan tamoyilga ko‘ra, ota-onasining kimligi va maqomidan qat’i nazar AQSh hududida tug‘ilgan har bir bola fuqarolik olish huquqiga ega. 1898 yilda Oliy sud mazkur huquq migrantlarning farzandlariga ham tegishli ekanligini tasdiqlagan.
Uchinchi da’vo National Security Counselors yuridik firmasi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, unda tadbirkor Ilon Mask va respublikachi Vivek Ramasvami boshchiligida AQSh Hukumat Samaradorlik Departamentining (DOGE) tashkil etilishi 1972 yilda qabul qilingan AQSh qonunini buzgani da’vo qilingan. Qonun ma’lum ma’lumotlarni oshkor qilish, ishga yollash talablari va boshqa amaliyotlarga rioya qilishni talab etadi.
Donald Trampning inauguratsiya marosimi 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi. Lavozimga kirishganidan keyin u 200 ga yaqin buyruqni imzoladi, jumladan oldingi prezident Jo Bayden tomonidan imzolangan 78 ta buyruq va memorandumni bekor qildi. Tramp, shuningdek, avvalgi ma’muriyat tomonidan tayinlangan mingdan ortiq odamni ishdan bo‘shatish niyatida ekanini ma’lum qildi.