«Urgut» EIZ hududi kengaytiriladi. Samarqand shahridagi mavzedan 294 gektar yer uchastkalari ajratiladi

Jamiyat 13:55 / 17.03.2021 4457

Vazirlar Mahkamasining «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

«Urgut» erkin iqtisodiy zonasi («Urgut» EIZ) uchun Samarqand viloyatining Urgut, Past Darg‘om, Nurobod tumanlari hamda Samarqand shahridan jami 918 gektar yer maydoni ajratilgan. Shundan 278,7 gektar yer maydonida «Urgut» EIZ ishtirokchilari va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 207,2 gektar yer maydonida muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi obektlari joylashtirilgan. 173,1 gektar yer maydoni muhofaza zonalaridan iborat ekani hamda 259 gektar yer maydonida istiqbolli investitsiya loyihalarini joylashtirish rejalashtirilgan.

Qarorga ko‘ra, Urgut tumani «O‘ramas» mavzesi hududidan 50 gektar hamda Samarqand shahar hokimligi zaxirasidagi Samarqand shahri «Xishrav» mavzesida joylashgan 294 gektar yer uchastkalarini ajratish hisobiga «Urgut» EIZ hududi kengaytiriladi.

Energetika vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil yakuniga qadar «Urgut» EIZning «Mergancha» hamda «Sariqtepa» mavzelarida nimstansiya qurishni respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi.

Hujjat bilan «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining tashqi muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi. Unga ko‘ra, EIZ ishtirokchilari uchun barpo qilingan muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga hududidan tashqarida bo‘lgan iste'molchilarning ulanishi qat'iyan man etilmoqda.

Shuningdek, respublika budjeti va Samarqand viloyatining mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtirish hisobiga «Urgut» EIZ direksiyasi ma'muriy binosi quriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 apreldagi «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaroriga asosan «Urgut» EIZ hududi tarkibiga kiritilgan Urgut tumani «Mergancha» mavzesida loyihalar joylashtirilmagan 37 gektar yer maydonida ichki avtomobil yo‘llarini quriladi va yangi investitsiya loyihalarini joylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil yanvar oyida Urgut tumani Mergancha mahallasi aholisi Kun.uz’ga tuman hokimligi tomonidan ogohlantirish xati olganini ma'lum qilgan edi

Ma'lum bo‘lishicha, ogohlantirish xatida Samarqand viloyati hokimining 2020 yil 6 avgustda tumanda o‘tkazgan sayyor yig‘ilishi bayoniga asosan Urgut erkin iqtisodiy zonasining Mergancha massividagi sanoat korxonalari bilan qo‘shilib ketgan aholi turar joy binolarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, so‘ng shu bo‘yicha turar joy binolarini ko‘chirish orqali hudud bosh rejasiga o‘zgartirish kiritish yuzasidan taklif ishlab chiqish, xatlovda aniqlangan uy-joy binolarining ko‘chirilishi haqida topshiriq berilgani yozilgan.

Ko‘proq yangiliklar: