Suv xo‘jaligi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

O‘zbekiston 19:11 2504

O‘zbekiston prezidentining tegishli qaroriga muvofiq, Zokir Ishpulatov suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi obektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tayinlovga qadar u Vazirlar Mahkamasining Investitsiya, eksport, savdo, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Zokir Ishpulatov – 1983 yil 24 iyunda Surxondaryo viloyati Termiz tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, muhandis-gidrotexnik. 2005 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti bakalavriatini, 2009 yilda mazkur institut magistraturasini tamomlagan. Texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan vazir o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi obektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori zimmasiga vazirlik tizimidagi quyi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, tasdiqlangan suv olish limitlari, grafiklari va taqsimoti asosida suv yetkazib berilishini hamda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash kabi vazifalarni amalga oshirish yuklatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: