«O‘zbekistonda haligacha sovet pedagogikasi unsurlari saqlanib qolgan» - Germaniyada dars berayotgan ishtixonlik o‘qituvchi bilan suhbat

Jamiyat 14:21 / 17.03.2021 27265

Kun.uz'ning «Xorijdagi o‘zbeklar» rukni va Uzbek.Life loyihasi xorijda o‘qib va yashab, ma'lum muvaffaqiyatlarga erishgan vatandoshlar bilan suhbatlar uyushtirmoqda. Loyihaning bu galgi mehmoni – Germaniyada yashab kelayotgan hamyurtimiz Kamoliddin Bediyev. U Germaniyadagi maktablardan birida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida ishlab kelmoqda.

Avvalo, Germaniyaga kelishingiz va bunga sabablar haqida aytib o‘tsangiz?

O‘tgan asr avvali va yangi asr boshlarida O‘zbekiston Jahon tillari universiteti nemis filologiyasi yo‘nalishida tahsil olganman. Xorijiy til yo‘nalishida o‘qigan inson borki, o‘sha til egalari yashaydigan davlatni ko‘rishni, u yerda ta'lim olishni xohlaydi. Menda ham talabalik davridan shunday istak, ya'ni Germaniyaga borish, o‘qish, yurt ko‘rish maqsadi bo‘lgan. 2003 yilda Germaniyaga kelib, Berlin texnika universitetining kommunikatsiya va til ixtisosligi bo‘yicha magistraturaga kirdim. O‘qishni tugatganimdan keyin ikki davlatdan ham ish izlagandim, Germaniyada ish tezroq topilgani sabab keyinchalik shu yerda qolib ketdim.

Nega aynan pedagogika sohasini tanlagansiz?

Men asli Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilib, shu yerda o‘rta maktabni tamomladim. Aynan o‘zim o‘qigan - tumandagi 51-o‘rta ta'lim maktabi keyinchalik o‘qituvchilik kasbiga qiziqishimga sabab bo‘lgan, deb hisoblayman. Bizning maktabda nemis tilini yaxshi o‘qitishgan, shu uchunmi, nemis tiliga mehrim bo‘lakcha edi. Bundan tashqari, tuman va viloyat fan olimpiadalarida maktabimiz o‘quvchilari doimo yuqori o‘rinlarni olardi, ana shu muhit ham ta'sir etgan, menimcha. Onam va tog‘alarim ham pedagog bo‘lgani, o‘qituvchi bo‘lib ishlagani uchun oiladagi tarbiya muhiti meni o‘qishga undagan, deb o‘ylayman.

O‘zbek pedagogikasi rivojlangan davlatlar ta'limidan qanchalik ortda?

Rivojlangan davlatlar pedagogikasini O‘zbekistondagi holat bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri taqqoslab bo‘lmaydi. Chunki bu yerda juda ham katta farqlar bor. Biz 70 yildan ortiq vaqt mobaynida sobiq ittifoq davlati tarkibida bo‘lganimiz uchun haligacha sovet pedagogikasi unsurlari saqlanib qolgan. To‘g‘ri, mustaqil bo‘lganimizga 30 yil bo‘ldi, o‘shandan beri davlat ta'lim standartlari tuzildi, ta'lim to‘g‘risida qonun qabul qilindi va ancha-muncha o‘zgarishlar bo‘ldi, takomillashdi. Lekin bu o‘sishni rivojlangan davlatlar, xususan, Germaniya bilan taqqoslay olmaymiz, anchagina farq mavjud.

Ta'lim tizimini yangilash bo‘yicha katta ishlar qilinyapti. Masalan, prezident maktablari, maxsus fanlarga ixtisoslashgan maktablar tashkil qilinyapti, bu kabi ishlarni oddiy bir pedagog sifatida olqishlayman. Lekin haligacha o‘z muammolarini kutib yotgan, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Mening kuzatishimga ko‘ra, ko‘pincha yangi maktablar qurilyapti-yu, ammo tashqi tomondan chiroyli bo‘lgan maktablarning ta'lim sifati ancha pastligicha qolmoqda.

Bolalarga ta'lim beradigan o‘qituvchilar malakasini oshirish barobarida, pedagogikaga yo‘naltirilgan universitetlar tizimini jiddiy qayta ko‘rib chiqish zarur, deb o‘ylayman. Ya'ni, bo‘lajak pedagog universitetda yaxshi o‘qitilgan, zamonaviy bilim berilgan, zamonga mos ta'lim texnologiyalarga o‘rgatilgan bo‘lsa, maktabga borganda o‘sha o‘rganganlarini o‘z o‘quvchilariga yetkazib bera oladi. Shu jihatdan, dars o‘tish metodikasi, uslubiyatini qayta ko‘rib chiqish foydadan xoli emas.

Hozirgacha O‘zbekiston maktablarida asosan o‘qituvchi bosh rolda bo‘lyapti, hamma narsani ko‘proq o‘qituvchi hal qiladi, o‘qituvchi belgilab beradi. Mana shu o‘rinda o‘qituvchining rolini o‘zgartirish kerak. O‘qituvchi barcha narsani o‘zi hal etadigan avtoritar emas, balki ko‘proq moderator sifati ko‘rinishi ta'limni ancha zamonaviylashtiradi. Dars jarayonini tashkil qilishda o‘quvchilar faolligi oshirilishi, birinchidan, bilim olishga ta'sir etadi, qolaversa, bolaning nafaqat o‘ziga bo‘lgan ishonchi, balki ijtimoiy, guruh yoki o‘zaro masalalarda qaror qilishdagi ishonchi ham o‘sadi.

Germaniyadagi ta'limga biroz to‘xtalsam. 1-6-sinflar bu yerda boshlang‘ich sinflar deyiladi va ularning o‘zlashtirishi keyingi bosqichni aniqlab beradi. Shunga qarab o‘quvchilar boshqa maktab turlariga o‘tishadi. Baholari yaxshi bo‘lsa gimnaziyaga yoki o‘rtaroq bo‘lsa boshqa maktablarga yo‘naltiriladi. Gimnaziyaga o‘tgan o‘quvchi u yerda 12-sinfgacha o‘qiydi va oxirgi bitiruv imtihoni bo‘lgan «Abitur»da olgan bahosi kelajagini hal qiladi. Ya'ni, universitetga kirmoqchi bo‘lsa, «Abitur»dagi reytingiga qarab talab katta bo‘lganlari meditsina, huquqshunoslik, iqtisodning BBL yo‘nalishlariga yoki boshqa universitetlarga qabul qilinadi. Bu yerda shunday tizim yo‘lga qo‘yilganki, universitetlarga kirish imtihonlari yo‘q. Bolaning taqdirini maktabda olgan baholari hal qiladi. 

Ma'lumki, O‘zbekistonda oliy ta'lim tizimidagi korrupsiya, kirish imtihonlari haqida juda ko‘p gapiriladi. Balki, shu tizimni tajriba uchun sinab ko‘rish kerakdir, deb o‘ylayman. Negaki, ko‘proq maktab ta'limiga urg‘u berib, bitiruv imtihonlariga, qaysi yo‘nalishga qiziqishiga qarab universitetlarga yo‘naltirilsa, biz ayni xohlagan ta'limdagi o‘sishga erishish mumkin. Buning uchun esa, yuqorida ta'kidlaganimdek, pedagogikaga yo‘naltirilgan oliygohlarda ta'lim sifati tubdan qayta ko‘rib chiqilishi ham muhim hisoblanadi.

Umuman olganda, Germaniya ta'lim tizimidagi ilg‘or tajribalarni taklif sifatida tayyorlayapmiz. O‘ylaymanki, bu O‘zbekiston uchun faqat foyda beradi. O‘zbekiston uchun aynan bir davlat tajribasiga tayanib, ulardan namuna olish emas, balki turli davlatlar ta'lim tizimlarini, ilg‘or tajribalarini o‘zimizga moslab, azaldan shakllangan tarbiyamizga xos holda tatbiq etish maqsadga muvofiq ko‘rinadi.

Germaniyada o‘zbeklarning o‘ziga xos diasporasi shakllangan, desa bo‘ladimi? Bu AQSh, Rossiya yoki Turkiyadagidan nimasi bilan farq qiladi?

Germaniyada ham qaysidir ma'noda o‘zbek diasporasi shakllanib bo‘ldi. Shu davrga qadar bu yerga xorijliklar faqat o‘qish yoki ilm qilish uchungina kela olar edi. Germaniya hukumati universitetni muvaffaqiyatli tugatgan talabalarga 18 oy davomida ish qidirib topishi uchun ruxsat berardi. Shundan keyin mehnat shartnomasi va mamlakatda qolib ishlashga ruxsat berilgan. Shuning uchun bu davlatning Qozog‘iston, Turkiya, Rossiya yoki AQShdan farqi mehnat migrantlarining kamligida edi. Bu yerda o‘ziga xos akademik diaspora shakllanib borayotgandi. Lekin, 2021 yildan boshlab, Germaniya mehnat bozorida talab ko‘paygani uchun migratsiya qonunlariga tuzatishlar kiritildi, unga ko‘ra oliy ta'limni o‘qimasdan ham shifoxonalar, qariyalar uylari yoki umuman, ish kuchi zarur joylarda ishlash uchun Germaniyaga kelish mumkin. Ularga yagona talab — nemis tilini biladigan bo‘lsa, qonunda belgilangan talablar asosida ishlash huquqi beriladi. Ularning bunday qarorga kelishiga o‘ziga xos asoslari bor. Germaniyada tug‘ilish kam bo‘lgani uchun ishchi bozorida talab kuchli. Ayniqsa, meditsina sohasida chet elliklar Germaniyaga kelib, o‘z faoliyatlarini davom ettirishlariga imkoni katta.

Endi o‘zbek diasporasi haqida to‘xtalsam, bu yerda o‘zbeklar asosan katta shaharlar: Berlin, Frankfurt, Myunxen va Kyolnda yashashadi. Ular mahalliy aholi bilan birgalikda o‘zbek-nemis jamiyatlarini tuzishgan va bu quvonarli holat. Qaysi ma'nodaki, bu yerga ko‘chib kelgan o‘zbeklar tug‘ilayotgan farzandlariga o‘zbek madaniyatini singdirish, urf-odatlarini saqlab qolish uchun shunga qo‘l urishgan. Yuqorida ham aytdimki, bu yerga ko‘chib kelib yashayotganlar asosan akademik diaspora hisoblanadi.

Germaniya sizga nima berdi?

Birinchi navbatda, bu yer menga ilm berdi, dunyoqarashim kengaydi, keng dunyoni o‘zim uchun kashf etyapman. Biroq, bu joylarda ayolim bilan birga yashab, ishlasak-da, farzandlarimiz shu davlat maktablarida ta'lim olishsa-da, asli kimligimizni doim yodda tutamiz, farzandlarimizga ham uqtirib boramiz, har yili bir marta O‘zbekistonga borib, qarindosh-urug‘lar davrasida vaqt o‘tkazib kelamiz. Uyda ham o‘zbek tilida gaplashamiz. Shu bilan birga, nemis xalqidan o‘rganish kerak bo‘lgan jihatlar ham talaygina. Masalan, har bir ishga javobgarlik hissi bilan yondashishi, sovuqqon emasligi, belgilangan vaqtda ishlarni bajarishi, biror nuqsoningiz bo‘lsa, buni bevosita o‘zingizga aytib, maslahat berishi kabi xislatlari o‘rgansa arzirli, deb o‘ylayman.

Prezidentning Germaniyadagi tashrifidan yurtdoshlar nima kutgan edi, qaysilari amalga oshdi?

Prezidentimizning 2019 yil yanvar oyida Germaniyadagi tashrifi biz uchun muhim voqealardan biri sifatida yodimizda qolgan. Chunki biz birinchi marta davlatimiz rahbari bilan ochiq muloqot qilishga muyassar bo‘lgandik. Suhbat belgilangan 15 daqiqadan ham o‘tib ketgan, yaqindan tanishuv va esda qoladigan ochiq suhbat bo‘lgandi. Uchrashuv chog‘ida prezidentimiz yurtdoshlarni masofadan bo‘lsa ham O‘zbekiston uchun hissa qo‘shishga da'vat etgandi. «Mana sizlar dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan birida o‘qib, shu yerda oilalaring bilan yashab kelyapsiz. Sizda shunday imkoniyat borki, siz O‘zbekistonga bormay turib ham bilim-tajribalaringiz bilan O‘zbekiston rivojlanishi uchun hissa qo‘shishlaringiz mumkin», dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu o‘sha yerda to‘plangan vatandoshlarni ruhlantirdi.

Ma'lumki, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so‘ng xorijdagi vatandoshlarga munosabat o‘zgardi, juda ham ko‘p yengilliklar yaratildi. Hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar ko‘paydi, ko‘plari amalga oshdi ham. Ayrim vatandoshlar qatori men ham 2020 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlandim.

O‘zbekiston bilan soha bo‘yicha qanday amaliy ishlar olib borasiz? Yurt rivoji uchun qanday takliflar bildirgan bo‘lardingiz?

O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tashkil etilgandi. Bu tashkilot turli davlatlardagi yosh tadqiqotchilar, professorlar va talabalarni o‘z safiga birlashtirib kelmoqda. Men hozirda ushbu assotsiatsiyaning Germaniyadagi vakili bo‘lib ham ishlab kelyapman.

Bundan tashqari, Germaniyadagi vatandoshlarni izlab topib, ularni O‘zbekiston bilan yaqin aloqalar bog‘lashga da'vat etish, yurt rivoji uchun nima bilandir bo‘lsa-da hissa qo‘shishga harakat qilaman. Yuqorida ham aytdim, Germaniyadagi o‘zbek diasporasi bu akademik diaspora, ular orasida dunyoda ko‘zga ko‘ringan professorlar, olimlar, o‘z sohasining ekspertlari bor. Ularning tajribalari O‘zbekistonda rivojlanmagan sohalar uchun juda qo‘l keladi, deb hisoblayman.

Ayni pandemiya vaqtida bu ishlarni amalga oshirish yanada dolzarb va sharoit taqozosi ham bo‘ldi. Onlayn tarzda vebinarlar tashkil etib, talabalar va yosh olimlar uchun qiziqarli mashg‘ulotlar o‘tkazib kelyapmiz. Assotsiatsiya va elchixona orqali turli universitetlarni shunday hamkorlikka chaqirib qolardim, chunki bunday vebinarlar ko‘proq va davomiy bo‘lishi lozim, hozirgi asosiy muammolar ham shunda. Menimcha, bu vebinarlardan faqat universitet va talabalar yutadi.

Bundan tashqari, shunday bir ishni maqsad qilyapmanki, sohasi bo‘yicha eng yaxshi kadrlarimiz va universitetlar o‘rtasida mustahkam aloqa bog‘lanishi kerak. Balki, ularni universitetlar tomonidan «faxriy professor» sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni bo‘lar. Ular Germaniyada juda katta maosh oladi, O‘zbekistonda doimiy ishlaganda buncha to‘lash imkoni yo‘q. Shundan kelib chiqib, ikki o‘rtada mos yo‘l tanlash kerak. Chunki bu yerdagi vatandoshlar ham vatanga qay tarzda yordam berish yo‘lini izlashadi.

Vatanga xizmat qilish faqat uning ichidan bo‘lishi shart emas. Dunyoning istalgan nuqtasidan turib ham rivojlanishga hissa qo‘shish mumkin. Masalan, yuqoridagi loyihalar orqali taraqqiyotga ozgina bo‘lsa-da hissa qo‘sha olsak baxtiyor bo‘lamiz. Muammoni ko‘pchilik aytadi, lekin tahlilga asoslangan yechimni juda kam odamgina bera oladi. Kelajak uchun shunday insonlar xizmatidan foydalanish kerak.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: