2020 yil may oyida Sardoba suv ombori to‘g‘oni buzilib ketishi oqibatida yuz bergan fojia nafaqat aholi uylarini vayron qildi, balki minglab gektar ekin maydonlari, chorvachilik, parrandachilik va hatto baliqchilik xo‘jaliklarining ham hosillarini bir zumda oqizib ketdi.
Kun.uz’ga murojaat qilgan Sirdaryodagi o‘nlab baliq xo‘jaligi rahbarlarining aytishicha, Sardoba suv omborining buzilib ketishi oqibatida Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi 66ta baliq xo‘jaligining sun'iy ko‘llari va undagi baliqlar nobud bo‘lgan.
«Sardoba fojiasi bor-budimizdan ayirdi»
«Sirli ko‘l siri» baliqchilik xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Shoyimqul Ochilovning aytishicha, Sardoba fojiasi baliqchilarni bor-budidan ayirgan.
«Toshqin bizni ham cheklab o‘tmadi, ko‘rib turganingizdek, sun'iy baliq ko‘l chekkalarida birorta damba qolmadi. 50 tonna baliqlarimni suv oqizib ketdi, milliarddan oshiq mayda baliq – lichinka tashlagan edim, ular ham oqib ketdi. Baliqlarni ko‘paytiradigan inkubatsion qurilmalarim, 10 tonna ona baliqlar, nasoslarimiz, transformatorlarimiz – hamma-hammasi oqib ketdi. Hozir 6 milliard so‘mdan oshiq zarardaman.
Prezidentimiz birorta ham baliqchi bu yerda zarar ko‘rgan holda qolib ketmasligi, hammasi to‘lab berilishini aytgan edi. Lekin hech kim bu ishni amalga oshirmayapti. Sirdaryo viloyat hokimligidagilar va'dadan nariga o‘tishmayapti», deydi tadbirkor.
Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yilning 8 yanvar kuni bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bir hafta ichida Sardoba fojiasidan zarar ko‘rgan baliq xo‘jaliklari ko‘rgan zararni qoplash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirig‘i berilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatdagi 66ta baliq xo‘jaligining 3 ming 478 gektar sun'iy ko‘l havzalari yaroqsiz holga kelgan, zarar miqdori 135 milliard 623 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Zarar ham baliqchilar pulidan hisoblatildi
Baliqchilarning aytishicha, viloyat hokimligi 2020 yilning avgust-sentyabr oylarida yetkazilgan zararni baholash uchun barcha baliqchilar faqatgina «Guliston» baholash konsalting MChJga murojaat qilishi kerakligini ma'lum qiladi. Baliq xo‘jaliklariga yetgan zarar ham ularning o‘z mablag‘lari hisobidan baholatiladi, bu xo‘jalikning kattaligiga qarab har bir baliqchiga 5 million so‘mdan 30-40 million so‘mgacha tushgan. 2020 yilning noyabrida baliqchilar ushbu zararlarni ham qarz-havola qilib hisoblatib berishadi, lekin hali ham puldan darak yo‘q.
«Aziz-Shoxruz Fayz» baliqchilik xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Shohruz Bobojonovning aytishicha, viloyat va tuman hokimliklari vaziyatdan to‘la xabardor.
«Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Karimov yig‘ilish o‘tkazadi, 2-3 soatlab kutamiz uning kelishini. U esa kelib 2-3 kunda ishingiz hal bo‘ladi, pullarni to‘lab beramiz deydi. Oxirgi va'dasi 10 mart sanasiga edi, lekin hali ham zarar to‘lab berilmadi.
O‘zagrosug‘urta va Kapital sug‘urta kabi kompaniyalar ham majburiy sug‘urtalash uchun har yili millionlab pulimizni olishgan. Lekin endi Sardoba fojiasi texnogen hodisa, biz buncha pulni to‘lab berolmaymiz deyishyapti», – deydi u.
[Hozirda ushbu masala yuzasidan sug‘urta kompaniyalari bilan ham bog‘lanib izoh olishga harakat qilinmoqda].
«Yozmagan tashkilotimiz qolmadi»
«Baraka Klaster» MChJ ish boshqaruvchisi Murodillo Botirovning aytishicha, xo‘jalikda 500 gektar yer bor.
«3 yil davomida yerni yaroqli holatga keltirish va agrotexnika ishlari uchun juda katta pul sarflagandim. 1,5 ming metrgacha bo‘lgan suv lotoklarini ham o‘z hisobimizdan olib kelganmiz. Bu suv ofati hamma narsamizni oqizib ketgani yetmaganidek, yerlarimizni ham yaroqsiz holatga keltirib qo‘ydi. 372 gektar yerga majburiy oziq-ovqat ekinlarini ekkan edik, 30 gektarlik sun'iy ko‘l bor edi. Xudo shukrki, odam o‘lmadi, lekin 3-4 yillik mehnatimiz va xarajatlarimizning hammasini bir soat ichida suv oqizib ketdi.
Umid bilan deyarli bir yildan buyon ko‘z tikamiz, davlat qanday yordam berarkan deb. Sirdaryo viloyati hokimligi, ombudsmanga chiqdik, yozmagan joyimiz qolmadi. Hamma xatlar aylanib viloyat va tuman hokimliklariga kelyapti. Shu bilan hammasi tugayapti.
Bizga qo‘rqmasdan investitsiya kiritaveringlar deyishgan edi, endi bor-budimizdan ayrildik. Qayerga borsak pul to‘laydigan tashkilot aniq emasligini aytishadi», – deydi Murodillo Botirov.
Yana bir masala, ba'zi baliqchilik xo‘jaliklari 2020 yilning boshida tuman hokimliklari bilan 49 yillik ijara shartnomasi tuzib ish boshlagan. Keyinchalik mart oyidan karantin boshlanib, kadastr hujjatlarini olishga ulgurmagan. May oyida esa Sardoba toshqini baliq ko‘llarini yuvib ketgan. Endi viloyat hokimligi kadastr hujjati bo‘lmagan (hujjat qilishga ulgurmagan) baliqchilarga zararni to‘lab berishdan bosh tortmoqda.
«Soliq to‘lashga kelganda kadastring bormi demaydi, hamma qatori soliqni olib ketadi. Karantin boshlanib, hujjatlarni qila olmay qoldim. Tuman hokimining qaroriga ishonib, 1 milliard so‘mdan ortiq pul sarflab ko‘lni aprel oyida bitirgan edim. Yo‘lda IIB xodimlari ushlab olsa, ishchilarni qanday ishlataman, pullarini qanday beraman deb, karantin vaqtida ko‘l qurilishga velosipedda qatnab yurdim. Qanday qilib kadastr qilishim mumkin edi, u vaqtda? Pul bermaslik uchun har xil bahonalar qilishyapti», – deydi «Gulzoda barakali baliq» xo‘jaligi rahbari.
Ularning aytishicha, aprel oylari boshlarigacha yerni yaroqli holatga keltirib baliq chavoqlarini tashlash kerak. Aks holda baliqchilar yana bir yil kutishlariga to‘g‘ri keladi. Oqibatda 2021 yilda minglab tonna baliqlar yetishtirilmasdan, minglab gektar yer esa yaroqsiz holda qolib ketadi.
«Zarar to‘lab beriladi, lekin hozir viloyatda buncha pul yo‘q»
Biz holatga izoh olish uchun Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Karimov qabuliga kirmoqchi bo‘ldik. Lekin Karimov hududlarda ekani aytilib, vaziyatga ushbu masala bilan bevosita shug‘ullanayotgan «Sirdaryobaliqsanoat» MChJ direktori O‘ktam Rahmatillayev izoh berishi ma'lum qilindi.
O‘ktam Rahmatillayevning aytishicha, Sardoba suv toshqinidan zarar ko‘rgan fermer xo‘jaliklariga zararni qoplash bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev boshchiligida o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng, shu yil 27 yanvar kuni viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev yig‘ilish o‘tkazgan. Unda tuzilgan bayonnomada baliqchilarga yetgan zararni qoplab berish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi orqali Moliya vazirligiga taklif kiritish masalasi qo‘yilgan.
«Anvar Karimov 3 mart kuni viloyatdagi barcha zarar ko‘rgan baliqchilik xo‘jaliklari rahbarlari bilan suhbat o‘tkazdi. Suhbatda 66talik ro‘yxatga kirmay qolgan, lekin talafot ko‘rgan baliq xo‘jaliklari ham borligi ma'lum bo‘ldi. Ishchi guruh bularni ham o‘rgandi.
O‘rganishlarimizga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 72ta baliq xo‘jaligining 3 ming 461 gektar yer maydoni zarar ko‘rgani aniqlandi. Har bir zarar ko‘rgan bir gektar yer maydoni uchun 30 million so‘mdan to‘lab berish bo‘yicha ma'lumot kiritildi. Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarda farqli ravishda ko‘rilgan zarar miqdori ham 135 milliard 623 million so‘mdan 103 milliard 872 million so‘mga kamaytirilgan.
Zarar ko‘rgan yer maydonlari hududini qisqartirishimizga sabab, biz 1 maydan bir kun avval ushbu hududlarning rasmlarini sun'iy yo‘ldosh orqali ko‘rganimizda ba'zi hududlar hali ishlov berilmagan holda bo‘lgani aniqlandi. Ya'ni dastlabki hisob-kitoblarda hali pul sarflanmagan hududlar ham zarar ko‘rgan hududlarga qo‘shib yuborilgan edi. Shuning uchun biz bularni o‘rganib, maqbul holga keltirdik.
Xo‘jaliklarning ko‘lga tashlangan baliqlar va chavoqlarning, yem xarajatlariga ham hujjatlari (cheklar, to‘lov hisob-varoqlari) mavjud bo‘lsa, ular ham alohida to‘lab beriladi.
Lekin Anvar Karimov hozirda mahalliy budjetda buncha miqdorda pul mavjud emasligini aytgan. Shuning uchun Moliya vazirligiga xat kiritilib, budjetdan pul ajratilgan holatdagina baliqchilarning pullari to‘lab berilishi mumkin.
Mablag‘larni dastlab 10-15 martga qadar to‘lab berish va'dasi berilgan bo‘lsa-da, yangi holatlar aniqlanayotgani uchun bu muddat cho‘zildi. Hozir viloyat moliya boshqarmasi Moliya vazirligiga hujjatni kiritsa, kechi bilan mart oyining oxiriga qadar pullar to‘lab berilishi kutilmoqda», – deydi O‘ktam Rahmatillayev.
Agar pul to‘lanmasa bu yil 3,5 ming gektar ko‘l tiklanmay, 30 ming tonna baliq yetishtirilmay qoladi
O‘ktam Rahmatillayevning aytishicha, agar Moliya vazirligi ushbu zararni qoplash uchun pul ajratmasa, viloyatdagi 3,5 ming gektar sun'iy suv havzalarida 30 ming tonna baliq yetishtirish bo‘yicha qo‘yilgan reja bajarilmay qoladi. Shuningdek, 7 ming tonnadan ortiq baliq mahsulotlari aholi dasturxoniga yetib bormaydi. Baliqchilarning ko‘rgan zararni baholatishga ketgan mablag‘lari ham belgilangan tartibda qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.
31 martni kutamiz
Guvohi bo‘lganimizdek, mas'ul shaxs tadbirkorlar ko‘rgan zarar mart oyi yakuniga qadar qoplab berilishini aytmoqda. Baliqchilarning kayfiyatida tushkunlik bo‘lsa-da «shuncha kutgan yana bir oz kutamiz-da» degan umid uchqunlari yo‘q emas.
Kun.uz ushbu masalaga yana qaytadi.
Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.