Andijon viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Turkiya-Bishkek aviareysi bilan uchib kelib Qirg‘iziston orqali O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» chegara bojxona postiga kirib kelgan G.A. hamda E.M. respublika hududiga noqonuniy tarzda «quyma tilla» buyumlarini olib kirishga uringan.
Ma'lum qilinishicha, ushbu shaxslar tegishli yuklar orasida deklaratsiyada ko‘rsatilmagan, bojxonachilarning og‘zaki so‘rovida ma'lum qilinmagan, bojxona ko‘rigi va shaxsiy ko‘rik natijasida 1 kg. 100 gramm qiymati 880 mln so‘m bo‘lgan «quyma tilla» buyumlarini bojxona nazoratidan yashirib olib kirayotgani aniqlandi.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevraldagi «Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3512 sonli qaroriga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga 65 grammgacha bo‘lgan qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari bojxona to‘lovlarisiz olib kirilishi mumkin.
Hozirda yukoridagi holat yuzasidan Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda», deyilgan rasmiy xabarda.
Avvalroq bojxona postlarida qo‘lga olingan eng ko‘p kontrabanda mahsulotlari ma'lum qilingan edi. Unga ko‘ra, 2020 yilda bojxona organlari tomonidan eng ko‘p huquqbuzarik holatlari dori-darmon mahsulotlarida aniqlangan bo‘lib jami 37,302 milliard so‘mlik» dori-darmon musodara qilingan.