MTV: Bir necha bog‘cha karantinga yopilishi ularning barchasi yopiladi degani emas

Jamiyat 19:34 / 15.03.2021 16930

Kun.uz muxbiri shu mazmundagi xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva bilan bog‘landi.

Matbuot xizmati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Olmazor tumanidagi bog‘chaning 2 nafar tarbiyalanuvchi va 2 nafar tarbiyachisida koronavirus infeksiyasi aniqlanishi sabab vaqtincha yopilishi respublikadagi barcha bog‘chalarga tegishli amaliyot emas.

«Telegramdagi turli kanallarda shunday xabarlar tarqatilayotganidan xabarim bor. Bu kabi kanal egalarining maqsadi shu kabi feyk xabarlar bilan kanaliga odam yig‘ish, e'tiborni tortish.

Ha, biz 2 nafar tarbiyalanuvchi va 2 nafar tarbiyachisida koronavirus infeksiyasi aniqlangani sababli Olmazordagi 117-sonli bog‘chani yopdik. Aslida, bu holatda ham bitta guruh yopilishi kerak edi, infeksiya yuqtirganlarning boshqalar bilan kontaktda bo‘lgani ehtimoli bilan butun bog‘cha 14 kunga karantinga olindi.

Biz keskin choralarni faqat maxsus komissiya qarori bilan qabul qilamiz. Hozircha esa bunday topshiriq yo‘q. Qolgan bog‘chalar ish faoliyatida davom etadi», – dedi Mavluda Asqarxo‘jayeva.

Bundan oldinroq 15 mart kuni Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 117-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: