Yoshlar ittifoqi tashkiloti homilador ayollarni ishdan g‘ayriqonuniy bo‘shatgan. Sudning ishga tiklashga oid qarorlari ijro etilmayapti

Jamiyat 18:59 / 09.03.2021 7502

«2017 yil sentyabrdan buyon Yoshlar ittifoqi Koson tuman Kengashida tashkiliy kadrlar, axborot-tahlil masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassis lavozimida ishlab kelar edim.

6 oylik homilador bo‘lishimga qaramasdan tuman Kengashining 2020 yil 29 avgustdagi farmoyishiga asosan men bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 97 va 100-moddalariga asosan, shtat jadvali qisqargani vaji bilan bekor qilindi», deydi Laziza Allayorova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

U bu tizimda 12 yildan buyon ishlab kelayotgani, jamoada va tuman yoshlari o‘rtasida obro‘-e'tiborga egaligi, ishdan Mehnat kodeksiga zid ravishda bo‘shatilgani va ishsiz qolishi o‘zi, qolaversa, homilasiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani hamda ruhan ezilib, moddiy va ma'naviy zarar ko‘rayotgani sababli 2020 yil 21 sentyabr kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumanlararo sudiga ishini tiklash va ma'naviy zararni undirish maqsadida da'vo arizasi bilan murojaat qilganini aytdi.

Ma'lum bo‘lishicha, da'vo ariza FIB Chiroqchi tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib, 2020 yil 22 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra Laziza Allayorovani ishga tiklash, majburiy progul davri uchun 5,8 mln so‘m haq va 1 mln so‘m ma'naviy zararni undirish belgilangan.

  • Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 237-moddasiga ko‘ra homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ammo, Koson tuman Majburiy ijro byurosi 4 oydan buyon sud qarori ijrosini ta'minlay olmayapti. Kun.uz muxbiri o‘zini «Shuhrat» deb tanishtirgan MIB xodimi bilan bog‘langanida, u bu ishni viloyat MIB hal etishi mumkinligi, Koson tuman MIB bu bo‘yicha sudga javob xati yuborayotganini ta'kidladi.

«Shu kunga qadar Koson tuman Majburiy ijro byurosi xodimlari bir necha marta o‘zgardi. Shu bois meni ishga tiklashga oid ijro harakatlari ta'minlanmadi. MIB tuman bo‘limi mendan ijro varaqasini o‘z xohishim bilan qaytarib olishimni so‘radi», deydi L.Allayorova.

Masala yuzasidan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Dilshod Usmonov ham izoh berdi.

«Ushbu holatda sud ijrosini ta'minlay olmayman. Tumanlarda 1 nafar xodim uchun shtat ajratilgan. Yoshlar ittifoqi xodimlari Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgani sababli qisqartirilgan. Tuman Kengashi shtatlar jadvali qisqargani sababli Mehnat kodeksining 97-, 100-moddalariga asosan ishdan bo‘shatilgan. Tashkilotimiz respublika kengashi tomonidan moliyalashtirilishi sababli moddiy zararni to‘lashga ham imkoniyatimiz yo‘q. Ushbu holat bo‘yicha amaliy yordam so‘rab markaziy kengashga xat yuborganmiz», deydi Dilshod Usmonov.

Qonunchilik bunga nima deydi?

«Sudlar to‘g‘risida»gi (yangi tahriri) qonunning 5-moddasiga ko‘ra, sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart.

Mehnat kodeksining 111-moddasiga ko‘ra esa, mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan hollarda, u ish beruvchining o‘zi, sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan avvalgi ishiga tiklanishi lozim.

Ittifoq va uning hududiy tuzilmalari tugatilmagani, faqatgina mavjud shtat birliklari optimizatsiya qilingani inobatga olinsa, L.Allayorovani ishga tiklashga oid sud qarorini ijro etmaslik g‘ayriqonuniydir.

MIBning «bahona»lari qonunga xilof – ta'sir mexanizmlari ishga solinishi lozim

Fuqarolik protsessual kodeksining 266-moddasi va «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 30-moddasiga ko‘ra, sudning mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan xodimni avvalgi ishiga tiklash to‘g‘risidagi qarori darhol ijro etilishi kerak.

Qonunga ko‘ra, ijro harakatlari va ijro hujjatining talablari ijro hujjatining ixtiyoriy ijro etilishi uchun belgilangan muddat tugagan kundan e'tiboran ko‘pi bilan ikki oy muddat ichida davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilishi va ijro etilishi kerak.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-1-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ko‘p miqdordagi summani undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatining ushbu hujjatning ixtiyoriy ravishda ijro etilishi uchun belgilangan muddatda qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmasligi yoki qarzdorning zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish majburiyatini yuklovchi ijro hujjatining davlat ijrochisi belgilagan muddatda qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmasligi — mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Faqat qonunlarning ushbu normalarini qo‘llashga MIB xodimida xohish va istak bo‘lishi kerak.

Bu ittifoq tizimida qonun buzilayotgan yagona holat emas

Qarshi tumanidan Marhabo Raupova ham tahririyatga xuddi shunday mazmunda murojaat yo‘llagan.

Ma'lum bo‘lishicha, da'vo ariza FIB Qarshi tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib, 2020 yil 12 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra Marhabo Raupovani ittifoqning Qarshi tuman kengashiga ishga tiklash, majburiy progul davri uchun 4,7 mln so‘m ish haq va 3,1 mln so‘m ma'naviy zarar undirish belgilangan.

Mazkur masalani Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Yoshlar ishlari agentligi nazoratiga olishiga umid bildirib qolamiz.

O‘roljon Kamolov, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: