Tadbirkorga o‘qotar qurol o‘qtalib, 70 000 dollar pul talab qilgan jinoiy guruh aniqlandi

Jamiyat 15:49 / 09.03.2021 9510

Buxorolik, 1975 yilda tug‘ilgan T.S. ismli shaxs aholi orasida moddiy jihatdan yaxshi ta'minlangan shaxs sifatida tanilgan, deb xabar bermoqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, bu shaxsning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, katta daromadga ega ekani va moddiy jihatdan yaxshi ta'minlanganidan xabardor bir necha shaxslar oldindan jinoiy til biriktirib, undan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirish payiga tushgan.

Shu maqsadda, uni tanigan, 1962 yilda tug‘ilgan B.S. o‘z jinoiy sheriklari - akasi, 1960 yilda tug‘ilgan B.I. hamda 1992 yilda tug‘ilgan T.S., 1983 yilda tug‘ilgan Sh.D. ismli sportchi yigitlar bilan bir guruh bo‘lib, oldindan jinoiy til biriktirib, jabrlanuvchidan pul undirish rejasini tuzib, vazifalarni o‘zaro taqsimlab olishgan.

Bunda, jabrlanuvchining ishxonasiga qo‘shni qurilish firmasida qorovul bo‘lib ishlab kelayotgan B.I. jinoiy to‘da a'zolarini kunlik ma'lumotlar bilan ta'minlab, uning qaysi vaqt ishga kelishi va ishdan ketishi, qay rusumdagi avtomashinalar bilan yurishi, yonida kimlar bo‘lishi hamda boshqa shu kabi ma'lumotlarni yetkazib turadi.

Jinoiy guruhning qolgan ishtirokchilari esa, gumon qilinuvchi Sh.D.ning boshqaruvida bo‘lgan “Captiva” rusumli avtomashinada bir necha kun davomida jabrlanuvchi avtomashinasi orqasidan kuzatib, zaruriy ma'lumotlar to‘plashgan. Jinoiy reja obdon o‘ylab chiqilib, jabrlanuvchini qo‘rqitish maqsadida “TOZ” rusumli qirqma o‘qotar qurol ham tayyorlab qo‘yilgan.

2021 yil 4 mart kuni gumon qilinuvchi B.S. o‘z jinoiy sheriklari T.S. hamda Sh.D. bilan birgalikda, Sh.D.ning “Captiva” rusumli avtomashinasida jabrlanuvchi boshqaruvida bo‘lgan “Captiva” rusumli avtomashinani soat 17:10larda A-380 avtomobil yo‘lida to‘xtatib, avtomashina saloniga o‘tirgan va yonida olib kelgan “TOZ” rusumli qirqma o‘qotar qurol bilan o‘qtalib, uni o‘ldirish uchun buyurtma tushganini, buyurtmani bajarsa 50 000 AQSh dollar miqdorida xizmat haqi olishini, agarda buyurtmachi tomonidan beriladigan summadan ortiqroq pul bersa, uni o‘ldirmasdan, buyurtma bergan shaxslar to‘g‘risida ma'lumot berishini, buning evaziga 70 000 AQSh dollar pul talab qilib, jabrlanuvchini o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘ygan.

Jabrlanuvchi bu talabga rozi bo‘lib, ikki kun muhlat so‘ragan holda ularning qo‘lidan qutulib, joriy yil 5 mart kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga murojaat qilgan va o‘z arizasida unga nisbatan tovlamachilik qilayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Jabrlanuvchi arizasi va bergan ma'lumotlariga asosan, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi tomonidan tergov-tezkor guruh tuzilib, kechiktirib bo‘lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi.

Joriy yil 6 mart kunidan 7 mart kuniga o‘tar kechasi o‘tkazilgan tezkor tadbirda B.S.ning topshirig‘iga asosan uning akasi, jinoiy guruh a'zosi B.I. kimyoviy ishlov berilgan milliy so‘mga nisbati 522 000 000 so‘m bo‘lgan 50 000 AQSh dollar pullarni jabrlanuvchidan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Jinoiy guruh tashkilotchisi B.S.dan esa bir dona "TOZ" rusumli qirqma o‘qotar qurol, 6 dona jangovar patron, jinoiy guruhning yana bir a'zosi T.S.dan esa bir dona sovuq qurol hisoblangan pichoq ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Tergov boshqarmasi tomonidan jinoiy guruh a'zolariga nisbatan Jinoyat kodeksi 165-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: