«Ushbu virusning o‘zgaruvchan ekanligi, doimiy ravishda mutatsiyaga uchrashi, Covid-19 bilan bog‘liq xavflar yuqoriligi va koronavirus bilan qayta kasallanish ehtimoli borligi sababli, ushbu kasallik bilan avval kasallangan bo‘lishidan qat'i nazar, emlanish tavsiya etiladi», degan Qurbonov.
Dastlab JSSTning tavsiyasiga ko‘ra va dunyodagi boshqa davlatlar tajribasini o‘rgangan holda, sog‘liqni saqlash vazirining joriy yil 15 fevraldagi tegishli buyrug‘iga asosan, aholi kasallikni yuqtirib olish xavfiga qarab toifalarga bo‘lingan. Demak, olib kelingan vaksinalar bilan emlash ham shu ketma-ketlikda amalga oshiriladi. Unga muvofiq:
- Yuqish xavfi juda yuqori bo‘lganlar: 65 yoshdan katta bo‘lganlar (65-74, 75-84, 85 yosh va undan yuqori), tibbiyot xodimlari, surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turuvchilar;
- Yuqori xavf ostida bo‘lganlar: Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlari, transport xodimlari (metro, temir yo‘l, aeroport), maktabgacha ta'lim tashkilotlari va maktablarda xizmat qilayotgan xodimlar, chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar, Mehnat migrantlari ketma-ketlikda emlanishi rejalashtirilmoqda.
Shundan keyingina asta-sekin aholining boshqa qatlamlari ham qamrab olinadi.
Qayd etilishicha, koronavirusga qarshi emlash ishlari ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika, oilaviy shifokor punktlarida va mobil guruhlar tomonidan amalga oshiriladi. Hududiy ambulatoriya-poliklinika xizmati tomonidan fuqarolarga emlanadigan kuni, vaqti va joyi haqida xabar beriladi. Emlash ishlari maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, alohida sertifikatlarga ega bo‘lgan vaksinatorlar tomonidan amalga oshiriladi.
- Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi eng birinchi emlanadigan aholi toifasini elektron ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda.
- Avvalroq fuqarolar emlanishdan oldin albatta tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi va qanday toifadagi aholi vakillariga emlanish tavsiya etilmasligi ma'lum qilindi.