O‘zbekistonda ham joriy yil koronavirus infeksiyasiga qarshi aholini ommaviy emlash jarayoni o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Vaksinalar pandemiyani to‘xtatishga qodirmi? U o‘zi nima uchun kerak? Covid-19’ga qarshi vaksina xavfsizmi? Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov SSV matbuot xizmatining shu kabi muhim savollariga javob berdi.
— Olimlarning ta'kidlashicha, kasallik yuqishining epidemik jarayon zanjirini uzish uchun aholining kamida 60-70 foizida immunitet mavjud bo‘lishi kerak. Buning qanchalik tez sodir bo‘lishi ko‘pgina omillarga bog‘liq. Xususan, vaksinalarning samaradorligi qanchalik tez isbotlanishi, JSST tomonidan tasdiqlanishi, ishlab chiqarilishi va yetkazib berilishi hamda emlanuvchi aholi qatlamining shakllantirilishi kabilarga ham.
— Covid-19’ga qarshi vaksinatsiya o‘zi nima uchun kerak?
— Koronavirusga qarshi emlash pandemiyani jilovlashga yordam beradi. Vaksinalar immunitet tizimingizni mustahkamlab, cizga yuqishi mumkin bo‘lgan viruslarga qarshi kurashishda ishtirok etadi. Biz emlash orqali nafaqat o‘zimizni, balki atrofimizdagilarni ham himoya qilamiz.
Covid-19’ni keltirib chiqaradigan virus juda oson yuqadi. Fikrimizcha, aholining 60-70 foizida ushbu kasallikka qarshi immunitetni shakllantirmay turib, unga qarshi samarali kurasha olmaymiz. Shu o‘rinda dunyo bo‘yicha kasallanganlarning 3-5 foizi vafot etganini, ular orasida yaqinlarimiz ham bo‘lishi ehtimoli mavjudligini esimizdan chiqarmasligimiz lozim.
Niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish va jamoat joylariga borishdan o‘zini tiyish kabilar virus yuqishi yoki uni boshqalarga yuqtirish ehtimolini kamaytirishda samarali amal sifatida hisoblanishiga qaramasdan, bu choralar pandemiyani jilovlash uchun yetarli emas.
— Covid-19’ga qarshi vaksina xavfsizmi?
— O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan samaradorligi tan olingan, xavfsizligi kafolatlangan va favqulodda holatlarda koronavirus kasalligiga qarshi emlash uchun ishlatishga tavsiya etilgan vaksinalardan foydalanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ilk vaksina sifatida Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan vaksina 1 mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. O‘zbekistonning hissasi va sa'y-harakatlarini inobatga olib, kompaniya ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi. Ushbu yangi vaksinani ZF-UZ-VAC 2001 nomi bilan ishlab chiqarishga kelishilgan.
Vaksina koronavirusning «britancha» va «afrikacha» shtammlariga qarshi Moderna vaksinasidan olti barobarga yaxshiroq bo‘lib chiqqani ma'lum qilingan. Xitoy kompaniyasi mazkur vaksinani hamkorlikda ishlab chiqarish uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan bir qator farmatsevtika korxonalari faoliyatini o‘rganib, laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, Jurabek Laboratories MChJ qo‘shma korxonasini tanlagan.
Bundan tashqari, Rossiya tashqi ishlar vaziri «Sputnik V» vaksinasi O‘zbekistonda ro‘yxatga olinganini aytdi. Vaksinani ommaviy qo‘llash jarayoniga 17 fevral kuni ruxsat berilgan edi.
Shuningdek, O‘zbekiston COVAX dasturi doirasida 2,6 million doza AstraZeneca vaksinasini olishi ma'lum qilingan.