Uzoq yillardan buyon Sharja shahrida yashab kelayotgan Nasiba Ishoqiy BAAga kelishi, dastlabki faoliyati turizm bilan bog‘liq bo‘lgani, oilasi va boshqa mavzularda so‘z yuritdi.
— Men Toshkent shahrida tug‘ilganman. Bolaligim va yoshligim Toshkentda o‘tgan. Ziyolilar oilasidanman. Oilamning hamma a'zolari – ilm-fan, madaniyat, san'at bilan aloqador insonlar. Shuning uchun oilamiz a'zolari ilmni, san'atni qadrlashadi.
Otam Abdurahmon Eshonxo‘jayev – texnika fanlari doktori, professor; 25 yildan ortiq Toshkent avtomobil yo‘llari institutida kafedra mudiri sifatida faoliyat yuritgan. Bir necha mukofotlar, shu jumladan Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibi. Onam hozirda nafaqaxo‘r, boshlang‘ich sinflarga 30 yildan ortiq dars berganlar.
Maktabni tugatgach, hamma aka-opalarim singari men ham oliy ta'lim dargohiga o‘qishga topshirganman. Mutaxassisligim bo‘yicha injyener-iqtisodchiman. Oilada kenja farzandman, erkatoy. To‘rt farzandmiz, ikki akam va bir opam bor, – deya hikoya qiladi u.
«Mehnat faoliyatimni BAAda boshlaganman»
— Institutni bitirib turmushga chiqdim. Turmush qurishimiz an'anaviy tarzda, odatdagidek bo‘lgan, sovchi qo‘yib uylanganlar. Boshlang‘ich kursda unashtirilganmiz va o‘qishni tugatgunimcha kutdilar. U kishi Tojikistondan. Qarindoshmiz.
Diplom olganimdan bir hafta o‘tib, to‘yimiz bo‘lgan. O‘sha paytda bo‘lajak turmush o‘rtog‘im shu yerda ishlardi va tabiiyki, men ham BAAga keldim. Kareramni shu yerda boshladim.
BAAga kelishimdan avval turmush o‘rtog‘im 2 yil bu yerda yashagan bo‘lganlar, shuning uchun ro‘zg‘orda qandaydir judayam katta qiyinchiliklarni o‘tkazmaganman. Albatta, hammamizda qiyinchiliklar bo‘ladi, menda hammasi yaxshi deydigan bironta odamni bilmayman; shunchaki qiyinchiliklar kimdadir ko‘proq, kimdadir kamroq. Lekin vaqt o‘tgani sari biz olg‘a harakatlanish uchun nimadandir voz kechishimiz kerakligini tushunib yetamiz. Hatto o‘zimiz yoqtirgan narsani qo‘yib yuborish kerakligini xam.
Men uchun eng qiyinchilik tug‘dirgan narsalar bu yaqinlarimga, ona yurtimga nisbatan sog‘inch tuyg‘usi edi. Lekin ertami-kechmi bularni boshdan kechirishimiz kerak edi, chunki har bir kishi o‘z yo‘lini bosib o‘tib, o‘z tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
«BAA iqtisodiyoti gullay boshlagan paytlarda turizm sohasida ish boshlagandim»
— Bu yerga kelganimda ingliz tilini yaxshi bilardim, shunga qaramay amaliyotda ingliz tilidan ko‘p foydalanmaganim sababli avvaliga biroz qiyin bo‘lgan. Bu yerda 200dan ortiq millat vakillari yashaydi; har birining o‘z aksenti, o‘z lug‘at boyligi bor.
Men turistik kompaniyalardan birida o‘z kareramni qurish baxtiga muyassar bo‘ldim. Baxtiga deyishimga sabab, biz o‘sha vaqtda amirliklar iqtisodiyoti ravnaq topishining boshlang‘ich nuqtasida turgandik, har kuni yangi loyihalar, yangi mehmonxonalar, yangi ko‘ngilochar markazlar ishga tushardi. Bunday ishlarning boshida turish har doim qiziq. Biz hozir o‘tirgan yerda men kelgan vaqt hech narsa bo‘lmagan. Amirliklarda turizmning boshlanishini tomosha qilish menga judayam qiziq bo‘lgan.
Ishni turizm sohasida O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashdan boshlaganman. O‘z vatandoshlarim bilan ishlash o‘z ishimga qiziqishimni oshirgan. Bu yerda orttirilgan tajriba faoliyatingizning har qanday nuqtasida juda ham qiziqarli bo‘ladi. Amirliklar eng oxirgi texnologiyalardan foydalanishi, butun dunyodan yig‘ilgan sara aql sohiblarini ishga yollashi, yangi g‘oya sohiblariga ochiq davlatligi hech kimga sir emas.
Har bir mamlakatda bo‘lgani kabi bu yerda ham ko‘nikishda muammolar bo‘lishi mumkin, lekin inson eng kamida ingliz tilini bilsa, u o‘z yo‘lini albatta topib ketadi. Hatto eng kam maosh to‘lanadigan ishda boshlagan bo‘lsa ham. Bunga men o‘zim misol bo‘la olaman. Birinchi ishim kam maosh to‘lanadigan ishlardan edi, lekin men o‘z maqsadimga erisha olishimga ishonar edim.
Shuning uchun ham inson chindan xohladimi, demak albatta erishadi. Ich-ichidan haqiqiy xohishi yo‘qmi, demak uddalay olmaydi. Xayollarimiz bumerang kabi bizga qaytadi.
BAAning issiq iqlimi va farzandlar ta'limi haqida
— Albatta, bunday havoga avvalambor ko‘nikish kerak. Boshida bu juda qiyin bo‘ladi. Havo harorati juda yuqoriligi bois bo‘lsa kerak, deyarli hammada avtomobil bor. Issiqdan kunduzi ko‘chada yurib bo‘lmasligi – bir, ikkinchidan esa infratuzilma. Bu yerda u juda yaxshi rivojlangan. Eng yuqori texnologiyadagi avtobus, metrolar bo‘lishiga qaramay, yozgi jaziramada odam uyidan avtobus bekatigacha 10 daqiqalik yo‘lni piyoda bosib o‘tishining imkoni bo‘lmay qoladi.
Xudoga shukr, farzandlarim shu yerda. Ikki nafar o‘g‘lim bor. Ular bizning g‘ururimiz.
Shu yerdagi maktabda o‘qishdi. Keyin universitet tanlashimiz kerak bo‘ldi. Yo O‘zbekiston, yoki bo‘lmasa boshqa bir davlatni tanlashimiz kerak edi. O‘zimiz bilan birga shu yerda yonimizda qoldirish emasdi bizning fikrimiz. Chunki erkak kishi mustaqil bo‘lishni o‘rganishi kerak. Bizning maqsadimiz ularga bu imkoniyatni berish edi. Katta o‘g‘lim o‘zining qiziqishlaridan kelib chiqib, kompyuter dasturchisi sohasini tanladi va hozirda Kanadada o‘qiyapti. Kichim o‘g‘lim esa Chexiyani tanladi, u xalqaro munosabatlar va Yevropa siyosatini o‘rganyapti. Universitetga topshirganida kirish inshosi yozishi kerak edi va u Shavkat Mirziyoyevning tashqi iqtisodiy siyosati mavzusini tanlagandi.
Farzandlarimizga tanlash imkoniyatini bera olganimizdan juda ham xursandman. Chunki ular o‘z xohishlari bilan o‘zlariga yo‘nalish tanlashdi va bu ilm olishlarida, tajriba orttirishlarida yengillik yaratadi. O‘zlari xohlagan sohani tanlab kelajakda yurtimizga o‘z hissalarini qo‘shishadi.
Turizmdan aviatsiya sohasiga
— Ayni damda men BAAdagi eng ilg‘or aeroportlardan birida ishlamoqdaman, kasbim taqozosi bilan bu aeroport nomini oshkor qila olmayman. Umuman aytganda, vazifam – aeroportning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishdan iborat. Masalan, aviakompaniyalarni jalb qilib, aeroportdagi qatnovlarni oshirish orqali.
Biz buni qanday amalga oshiramiz? Ko‘rgazmalarda ishtirok etib, uchrashuvlar tashkil qilib, aeroportimiz imkoniyatlari haqida ma'lumot beramiz.
Bilasizmi, men uy bekasi bo‘lishni o‘z ixtiyori bilan tanlagan oliy ma'lumotli, tarbiyali juda ko‘p ayollarni bilaman. Uy bekasi bo‘lish juda og‘ir, aslida bizga, ishlaydiganlarga oson. Misol uchun, kechki soat 20da uyga qaytdikmi, bilamizki, dam olish uchun. Uy bekalari esa kuniga 24 soatlab ishlashadi. Shuning uchun ham mening ularga hurmatim juda baland.
Uy bekasi bo‘lish ayolning shaxsiy tanlovi bo‘lsa, albatta bu unga baxt olib keladi.
Til bilish, bilim olish va orzularga ishonish haqida
— O‘sishni, rivojlanishni istaganlar birinchi o‘rinda til o‘rganishlari kerak, degan bo‘lardim. Ingliz, nemis, fransuz tilimi, farqi yo‘q, ammo jahon tillaridan birini albatta bilish zarur. Nafaqat BAAda, umuman inson o‘zi uchun, masalan hordiq chiqargani sayohatga chiqqanida til bilishi hayotini yengillashtiradi.
Dunyoqarashni kengaytirish uchun ham til o‘rganish va unda bemalol so‘zlasha olish juda muhim. Yana o‘z tajribamdan kelib chiqib shuni aytamanki, bilim olish ham zarur. Omadli inson bo‘lish uchun chet davlatda o‘qishning o‘zi kifoya emas, yaxshi o‘qish va eng muhimi, qo‘lidan biror bir ish kelishi kerak.
Biror kompaniyada ishlagingiz kelsa, tortinmang, rezyume jo‘nating. Orzularingiz amalga oshishiga ishoning! Komfort zonangizdan chiqishni o‘rganing. Chunki bu juda muhim. Bizni to‘xtatib qolayotgan narsalar bu – biz o‘z komfort zonamizdan chiqa olmayotganimiz.
«Bolalarimga uqtirganman, biz ertami-kechmi vatanimizga qaytamiz»
— Ta'lim olishimizga sharoit yaratib berganliklari uchun ota-onamdan juda ham minnatdorman. Turmush o‘rtog‘imga esa har bir boshlagan ishimda qo‘llab-quvvatlab turganliklari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Hamjihatlik – bu juda muhim. Chunki aynan ahillik, hamjihatlik bo‘lgangina oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga yeta olamiz.
Sog‘inch? Vatanni doim sog‘inganman. Bu sog‘inch hozir ham bor. Bu yerda ko‘p tanishlar va do‘stlarimiz bor. Ilk vaqtlarda ularning borligi menga ancha ko‘mak bo‘lgan. Qay ma'noda ular bilan chalg‘irdim va sog‘inch biroz yengil o‘tgandek bo‘lardi. Uyga – Vatanga 1 yilda kamida 2 marta borib turishga harakat qilaman. Afsuski, o‘tgan yil hamma uchun og‘ir o‘tdi. Ilgari ishsiz paytimda butun yoz oylarini uyda – O‘zbekistonda o‘tkazardim.
Qalban O‘zbekistondaman. 23 yildan beri bu yerda yashasam ham, qalbim yurtim bilan. Aslim, o‘zligim shunday axir. Balki bizni shunday tarbiyalashgandir, balki bolaligimizda shunday poydevor qo‘yilgandir. O‘zim ham bolalarimga shuni uqtirganman, bolalarim hammasi bilishadi, erta yoki kech hammamiz yana birgalikda o‘z yurtimizda yashashimizni.
Bobur Akmalov suhbatlashdi.