75 kilometr masofadagi maktabga qatnayotgan o‘qituvchi qizga chipta bepul qilib berildi

Jamiyat 12:27 / 05.03.2021 12964

Kun.uz saytida poplik o‘qituvchi qiz Munisa Meliboyeva haqida maqola e'lon qilingandi. Unda qahramonning 2017 yildan beri har kuni 75 km yo‘l bosib ishga borishi, Popdan Namangan shahridagi maktabga qatnab dars berishi haqida hikoya qilinadi.

Munisa Meliboyeva har ish kuni soat 7:15da poyezdda yo‘lga chiqadi va poyezddan tushganidan keyin ham maktabgacha yana 9 km yo‘l bosadi. O‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan ushbu o‘qituvchi qiz har kuni temir yo‘ldan foydalanishini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan unga imtiyozli sertifikat taqdim etildi.

Jamiyat Axborot-tahliliy media markazining xabar berishicha, Munisa Meliboyeva ushbu sertifikat bilan 6381/6382-sonli «Qo‘qon–Namangan» yo‘nalishidagi shaharlararo qatnovchi elektropoyezdlarda «Pop–Namangan» va «Namangan–Pop» yo‘nalishida 2021 yilning 31 dekabriga qadar bepul yurish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Yosh o‘qituvchi bu uning uchun 8 mart bayramiga o‘ziga xos sovg‘a bo‘lganini aytib minnatdorchilik bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: