O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 20 yanvardagi 9-sonli sayyor yig‘ilishi bayoni hamda 2021 yil 9 fevraldagi 22-sonli videoselektor yig‘ilishi bayoniga muvofiq vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati va xo‘jalik boshqaruv organlari tomonidan qora metall parchalari va chiqindilarini tayyorlash va topshirish maqsadli ko‘rsatkichlarining bajarilishini moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida Nizom tasdiqlangan.
Mazkur Nizomga ko‘ra vazirliklar, idoralar, viloyatlar hokimliklari, xo‘jalik boshqaruv organlari belgilangan oylik rejani bajargan taqdirda ularga metall parchalarini umumiy sotish hajmining besh foizi miqdorida pul mablag‘lari (bonus) to‘lab beriladi. Shundan bir foizi shaxsan birinchi rahbarga (vazirga), qolgan to‘rt foizi rahbar ko‘rsatmasiga muvofiq mas'ul xodimlarga berilishi belgilandi.
Shuningdek, vazirlik, idora, xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari tarkibiga huquqiy asosda kiruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan belgilangan qora metall parchalari va chiqindilarini yig‘ib topshirish oylik rejasi orttirib bajarilganda, orttirib bajargan hajmiga nisbatan 10 foizdan 50 foizgacha qora metall parchalari va chiqindilarining narxiga ustama shakllantiriladi.
Eslatib o‘tamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zmetkombinat» AJ boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 15 sentyabrdagi PQ-3277-son qaroriga asosan «O‘zmetkombinat» AJ O‘zbekiston Respublikasi hududida lom va qora metallar chiqindilarini (xarid qilish) tayyorlash bo‘yicha yagona vakolatli organ hisoblanadi.
«O‘zmetkombinat» AJ matbuot xizmati