Toshkentda yana bir tadbirkor «dom»lar orasiga xususiy bog‘cha qurmoqchi. Mahalladagilar bunga qarshi

Jamiyat 20:27 / 02.03.2021 15149

Dastlab 0,15 ga yer ajratilgan, so‘ngra yana 0,9 ga qo‘shib berilgan...

Tahririyatga murojaat qilgan «Qatortol» mahallasi faollari ko‘p qavatli uylar oralig‘iga MTM qurishmoqchi bo‘lishayotgani, bundan esa mahalla ahli norozi ekanini ma'lum qilishdi. Ular qurilish qilinishi mo‘ljallangan hududdagi daraxtlarning taqdiridan ko‘proq xavotirda.

Joriy yilning 1 mart kuni bu yerda bog‘cha qurish niyatidagi tadbirkor, mahalla raisi, tuman IIB vakili va fuqarolar o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Biroq tomonlar o‘zaro til topisha olmadi.

Ma'lum bo‘lishicha, «Karera Obrazovaniya» MChJga 2018 yil Chilonzor tuman hokimining qarori bilan 9-mavzedagi 17, 19 va 20-uylar oralig‘idan dastlab 0,15 ga yer ajratib berilgan. Oradan bir oy o‘tgach, hokimning qaroriga o‘zgartirish kiritilib, xususiy bog‘cha uchun ajratilgan yer maydoni hajmi 0,24 gektarga o‘zgartiriladi.

Lekin oradan 3 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay maktabgacha ta'lim muassasasining qurilish ishlari boshlanmagan. Sababi bu yerda yashovchi fuqarolar uylari oldida bog‘cha emas, bolalar maydonchasi, mahalla ahli hordiq chiqaradigan joy va sport maydonchalari qurilishini istashmoqda.

«Bironta daraxtga zarar yetkazilmaydi» - MChJ vakili

«Karera Obrazovaniya» MChJ vakili Akmal Xo‘jayevning aytishicha, xususiy maktabgacha ta'lim muasssasasini qurish jarayonida bironta daraxt kesilmaydi.

«Bu yerda birinchi loyihamizda katta bino tushayotgan edi. Aholi norozi bo‘ldi. Chunki bizga ajratilgan hududa judayam ko‘p daraxt bor edi. Shundan so‘ng biz yerni o‘zgartirib berishni so‘rab, hokimlikka iltimos qildik.

Shundan so‘ng loyihani almashtirdik. Bitta katta binoni o‘rniga beshta kichkina bino tushyapti. Bog‘cha 2 qavatdan iborat bo‘ladi. Hamma hujjatlarimiz qonun doirasida. Bironta noqonuniy qurilish olib borilmaydi. Tashkilotlardan ruxsatlar olganmiz. Bu loyihamizda bironta daraxt kesilmaydi. Daraxtga tegmaslik uchun 1 ta katta bino emas, 5 ta kichkina bino qilmoqchimiz.

Qurilishga mahalla ahli qarshi bo‘lishmoqda. Lekin norozilik asosli bo‘lishi kerak. Shunchaki “biz bu yerda bog‘cha bo‘lishini hohlamayapmiz” degan bilan ish bitmaydi.

Bizda ham mas'uliyat bor. Ya'ni bog‘chadan tashqari fuqarolarga bolalar maydonchasi, qariyalar hordiq chiqaradigan joy va shu yerda yashayotgan fuqarolar uchun alohida avtoturargoh qurib beramiz. Bu masalalarni gaplashgani kelgandik, lekin fuqarolar gaplashishni va kelishishni istashmayapti» deydi Akmal Xo‘jayev.

«Hamma daraxtlar identifikatsiya qilingan» – «Qatortol» MFY raisi

«Qatortol» MFY raisi Parda Ergashevning aytishicha, bu muammo 3 yildan beri mavjud. Shuningdek, bu yerdagi barcha daraxtlar ro‘yxatga olingan.

«Qurilishga 3 yil oldin ishlagan tuman hokimi ruxsat bergan. Lekin buning uchun mahalla ahlining roziligi kerak. Bir necha marta boshqa hududdan joy berish masalasini aytganmiz. Yaxshi tomoni hududdagi barcha daraxtlar identifikatsiya qilingan.

Lekin bu hududlarni tozalash masalasi ham dolzarb. Mana hozir tadbirkorlar bilan uchrashuvlar boshlandi. Fuqarolar rozi bo‘lsagina qurilishni boshlash mumkin» dedi mahalla raisi.

Ergashevning aytishicha, shundan so‘ng mahalla faollari bir necha bor tuman hokimligi mutasaddilari bilan bog‘lanishga harakat qilishgan. Ammo bu urinishlar natija bermagan.

Hokimlik fuqarolar roziligisiz qaror chiqarishi qachongacha davom etadi?

So‘ngi vaqtlardagi ko‘p takrorlanuvchi holat: hokimlik oqibatini o‘ylamay, fuqarolarning roziligini olmay tadbirkorga qaror chiqarib beraveradi. Natijada esa tadbirkor va fuqarolar jiqqamush bo‘lib yuraveradi.

Chilonzor tumanidagi holatda ham kelishmovchilik ishtirokchilari yana tadbikor va fuqarolar. Uchrashuvga esa har doimgidek hokimlik vakili kelmagan. Aslida bunday holat vujudga kelishining bosh sababi tuman hokimi tomonidan chiqarilgan qarorda. Hokimlikning qarorini ijro etuvchi tadbirkor emas hokimlikning o‘zi bo‘lishi kerak. Chiqarilgan qarorga e'tiroz qat'iy bo‘lsa, u o‘zgartirilishi lozim.

Aks holda tadbikor ham fuqarolar ham mana shunday sarson va ovvora bo‘lib yuraverishadi. Bundan esa faqat hukumat va u olib borayotgan siyosat yutqazadi. Fuqarolar ma'naviy zarar ko‘radi.

Holat yuzasidan Toshkent shahar va Chilonzor tuman hokimliklaridan izoh so‘rab qolamiz. Ko‘ramiz 3 yildan beri davom etayotgan muammoning yechimi qanday hal etilar ekan?!

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Rahmatillo Isroilov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi Otaxon Yusupov

Ko‘proq yangiliklar: