O‘zbekistonda milliy test tizimining ilk namunalari 3 mart kuni e'lon qilinadi

Jamiyat 18:31 / 02.03.2021 2277

Mazkur fanlardan test sinovlarini aprel oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkazish rejalashtirilgan. Keyingi bosqich uchun kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha talabgorlarni ro‘yxatga olish 2021 yil 3 mart kunidan boshlanadi.

Talabgor test sinovida qatnashish uchun Davlat test markazi rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tishi lozim bo‘ladi. Bunda test sinovida ishtirok etish uchun talabgordan ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

To‘lov talabgor tomonidan amaldagi elektron to‘lov tizimlari orqali ariza berilgan kundan boshlab uch kun mobaynida amalga oshiriladi. To‘lov to‘g‘risidagi ma'lumotni talabgor o‘zining shaxsiy kabineti orqali biladi. Agar ariza beruvchi turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok eta olmaydigan bo‘lsa, Davlat test markaziga test sinovlari o‘tkaziladigan kundan kamida uch kun oldin yozma va elektron shaklda murojaat etishi lozim. Uzrli sababga ko‘ra (kasalligi yoki oila a'zolarining vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda) test sinovlarida qatnasha olmagan talabgor test sinovi boshlangan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni Davlat test markaziga bevosita yoki elektron tarzda taqdim etishi lozim. Bunda talabgorning arizasiga muvofiq navbatdagi test sinovlariga kiritilishi ta'minlanadi yoki to‘langan to‘lov to‘liq miqdorda talabgorga qaytariladi.

Talabgor test sinoviga kechikkan yoki sababsiz kelmagan hollarda, uning arizasiga binoan talabgor tomonidan amalga oshirilgan to‘lovning 50 foizi qaytariladi.

«Test sinovi o‘tkazilishi jarayonida talabgor bir vaqtda faqat bitta umumta'lim fanidan test topshirishiga ruxsat etiladi. Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi. Test sinovlari natijalari ular yakunlangan kundan boshlab yigirma ish kunidan kechikmay Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi. Test natijalaridan norozi bo‘lgan talabgor test sinovi natijalari e'lon qilingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida Davlat test markaziga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya berish huquqiga ega», deya ma'lum qildi DTM mutasaddisi.

Sertifikat test sinovidan ijobiy natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari e'lon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida Davlat test markazi direktorining buyrug‘i asosida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin. Sertifikatlar reyestri Davlat test markazi tomonidan yuritiladi.

Ko‘proq yangiliklar: