«Kadrlar bo‘lmasa, uskunalardan hech qanday naf yo‘q» – onkologiya mutaxassisi

O‘zbekiston 16:40 / 02.03.2021 6748

Kun.uz xodimlari onkogematologiya sohasidagi vaziyat bilan tanishish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy markazida bo‘lishdi. Markazda diagnostika uchun yo‘lga qo‘yilgan sharoitlar bilan tanishtirgan bo‘lim boshlig‘i Qodirjon Boboyev O‘zbekistonda onkologiyani davolash dunyo onkologiya xizmatidan 25 yil orqada qolgani haqida aytib o‘tdi.

«Rossiya bu borada Turkiyadan 10 yil ortda qolganini rasmiy aytadi. Biz esa 20-25 yil orqadamiz. Nega? Chet mamlakatlarda onkologiyani 1-bosqichdayoq aniqlashyapti. Biz 3-, 4- bosqichlardagina aniqlay olamiz. Bu paytga kelib allaqachon kech bo‘ladi. Bemorni operatsiya qilamiz, xursand bo‘lamiz. Lekin o‘lib ketishini o‘zimiz ham bilamiz.

Bunda asosiy sabab tashxislashda. Xorijda tashxis vaqtida qo‘yilgani bois bemorning ham umri uzayadi, ham ko‘plari tuzalib ketadi», deydi u.

Boboyevning aytishicha, onkogematologik kasalliklarni aniqlash uchun kerakli sharoit bo‘lsa-da, kadrlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida qator muammolar ochiq qolmoqda. Bu esa mavjud sharoitdan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilishi mumkin.

«Immunogistoximik tashxislash uskunasi markazimizga yaqinda kelgan. Uni ishlata oladigan mutaxassislarni tezda tayyorlash kerak. Bo‘lmasa, saraton hukm bo‘lib qolaveradi.

Mutaxassislarni tayyorlash uchun vaqt kerak. Yaqinda bir xodim 6 oy o‘qib keldi. Ammo endi uni xususiy klinika olib ketyapti. Chunki u bu yerda bolasini boqa olmaydi.

Ilmiy darajaga ega bo‘lganlar 2 mln so‘m, oddiy xodimlar esa nari-berisi bilan 1 mln so‘m maosh oladi. 900 ming so‘m oylikka ishlayotgan dotsent xodimimiz ham bor. Bu yerdagilarning barchasi yuqori malakali xodimlar. Yangi kelgan shifokorning oylik maoshi navbatchilik bilan qo‘shib hisoblaganda 2 mln so‘mga chiqishi mumkin. Oyda 10-11 kunni to‘liq kasalxonada o‘tkazish kerak, bu yerda og‘ir kasallar yotadi, bu ham shifokorning quvvatini olib qo‘yadi. Vaholanki, xorijda onkologiya sohasida ishlaydiganlarga alohida tarif belgilangan.

Gematologiya markazi bo‘lim boshlig‘i Qodirjon Boboyev

Uskunalar bor, yoshlarni o‘rgatyapmiz. Ammo masala siyosatga borib taqalyapti. Jahonda yuqori texnologiyalar sohasida 70-80 foiz erkaklar ishlaydi. Chunki bunda og‘ir mehnat talab qilinadi. Bizda esa barchasi ayollar. Erkaklar bu yerga ishlashga kelmaydi, chunki moliyaviy rag‘batlantirish mos emas.

1 yildan beri ilmiy loyihalarimiz tasdiqlanmay kelmoqda. Yanvar oyidan beri xodimlar oylik olmasdan ishlamoqda», dedi Qodirjon Boboyev.

Bundan tashqari, zamonaviy tashxis natijalarini to‘g‘ri talqin qila oluvchi shifokorlar tanqisligi masalasi ham hal qilinmay qolmoqda.

«Tashxislar borasidagi muammolarni hal qilyapmiz. Ammo natijalarni to‘g‘ri talqin qila oladigan shifokorlar kam. Tajribali vrachlar ham tashxis qog‘ozini «o‘qiy olmaydi». Bunda ularning o‘zi aybdor emas. Ular ham o‘zgarishni xohlaydi. Borib o‘qib keling, deymiz, ammo ularning bolasini kim boqadi?», deb masala moliyaviy omillarga taqalishini ta'kidladi bo‘lim boshlig‘i.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.
Tasvirchi: Muhiddin Qurbonov

Ko‘proq yangiliklar: