Ijarada yoki qarindoshinikida yashayotgan talabalar bo‘yicha o‘rganish tizimiga universitet o‘qituvchilari jalb qilinmaydi - Musayev

Jamiyat 19:56 / 02.03.2021 10293

Tadbirda bosh vazir o‘rinbosari ijarada va yaqin qarindoshinikida yashayotgan talabalar bo‘yicha o‘rganish tizimiga universitet o‘qituvchilari jalb qilinmasligini ta'kidlagan.

«Bu muammo barcha universitet rektorlarini qiynab kelayotgan masala edi. Ular ham talabalarga yordam berib, jihozlar olib bersak deydi, lekin universitet mablag‘larini talabaning o‘qishdan tashqaridagi ehtiyojlariga ishlatish mumkin emas. Bu borada ham o‘rganamiz…

Talabalarning yashash sharoitini o‘rganishga oldin ma'naviyat-ma'rifat bo‘limlari mas'ul bo‘lgan. Ular butun ta'lim muassasasini qamrab ololmaydi. Biz talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish va ularni joylashtirish bo‘yicha bo‘limlar tuzib, ularning ta'minoti va kadrlar masalasi bilan ham shug‘ullanamiz.

Bu ishlar tizimli ravishda davom etadi va to‘xtatib qo‘yilmaydi, lekin buning uchun bir qancha vaqt va resurslar talab qilinadi. Biz avvalo qiyin sharoitda yashayotgan talabalarni yotoqxonaga yoki boshqa joyga ko‘chirish, ularga sharoit yaratish bilan shug‘ullanamiz», deya Behzod Musayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

  • Eslatib o‘tamiz, 27 fevral kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi kvartirada besh nafar talabaning jasadi topilgan edi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, ular noma'lum moddadan zaharlangani taxmin qilinmoqda.
  • Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqich talabasi ham ishlab, ham yashayotgan qurilish obekti hududidagi lift shaxtasiga yiqilib vafot etgan.
  • 1 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligida talabalar yashash sharoiti va harakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish, bu boradagi ishlarni takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilish o‘tkazilib, bir qator vazirliklar tomonidan qo‘shma qaror qabul qilingan. Qo‘shma qarorda har bir hududda ishchi guruh tuzilib, ijarada va yaqin qarindoshinikida yashayotgan talabalar bo‘yicha o‘rganish tizimini joriy qilish ko‘zda tutiladi.
Ko‘proq yangiliklar: