Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkor tomonidan yo‘lda radar o‘rnatilgani aytilgan video tarqaldi. YHXBB bu videodagi ma'lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma'lum qildi.
YHXBB axborot xizmati vakili Muzifa Sultonova Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, videoda yolg‘on ma'lumotlar aks etgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, prezident qarori bilan 1 martdan boshlab tadbirkorlarga bunday huquq berilgani bilan hali ushbu tartibni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan Hukumatning maxsus qarori qabul qilingani yo‘q.
«Hali ushbu qaror qabul qilinmay turib, tadbirkorlarning kamera va radar o‘rnatishi haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Qaror bir nechta tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilmoqda. Bu faqat YHXBBga bog‘liq hujjat emas. Tegishli tashkilotlar bilan birgalikda kamera va radarlar o‘rnatish joylariga aniqlik qiritilmoqda. Hammasi hal qilinganidan so‘ng, Hukumat qarori qabul qilinadi va ushbu joylar elektron auksionda sotishga chiqariladi. Auksionda g‘olib bo‘lgandan keyingina tadbirkorlar yo‘llarga kamera va radarlar o‘rnatishga haqli bo‘ladi.
Bundan tashqari, yo‘llarga kamera va radarlar IIV va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan belgilangan texnik talablarga muvofiq o‘rnatiladi. Ya'ni videoda aks etganidek bu jarayonni o‘zboshimchalik bilan tashkil etishning imkoni yo‘q», deydi Muzifa Sultonova.
Eslatib o‘tamiz, prezident qarorida 2021 yil 1 martdan tadbirkorlarga yo‘llarga kamera va radarlar o‘rnatish huquqi berilishi nazarda tutilgan, biroq ushbu tartibni belgilovchi Hukumat qarori hali qabul qilinmadi.