Olimpiada g‘olibi bo‘lgan o‘qituvchilarning ustamalari bo‘yicha muammolarga izoh berildi

Jamiyat 20:07 / 27.02.2021 11449

12 fevral kuni Kun.uz'da «O‘qituvchi prezident qarori yuzasidan vazirga o‘nta savol yo‘lladi: hujjat nega biryoqlama ishlayapti?» sarlavhasi bilan intervyu e'lon qilingandi. Jurnalist Isomiddin Po‘latov bilan suhbatda Samarqand shahridagi 77-umumta'lim maktabi direktor o‘rinbosari Bahrom Toshboyev «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish to‘g‘risida»gi prezident qarorining qator bandlari ijrosi oqsayotganini muhokama qilgandi.

Xalq ta'limi vazirligi Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti direktori Umid Rahmonov ushbu murojaatga rasmiy munosabat bildirdi.

– 2019 yil 3 maydagi «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish to‘g‘risida»gi prezident qarorining 5-bandi «g» kichik bandida xalqaro va respublika fan olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan va bugungi kunda ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar uchun mos ravishda 100-150 foiz oylik ustamalar belgilangan. Bu qarordan ko‘zlangan maqsad 2019 yilgacha bo‘lgan davrdagi g‘oliblarni ham ta'lim muassasalariga jalb qilishdir. Ushbu qarordan keyin 10 nafarga yaqin xalqaro olimpiada g‘oliblari ta'lim muassasalariga qaytdi va ularga ustama to‘lab berilyapti.

Respublika olimpiadalari g‘oliblariga kelganda esa muammo yuzaga kelyapti. 1991 yildan keyin o‘tkazilgan xalqaro va respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar o‘z fanidan pedagogik faoliyat olib borsa, muammosiz ustama to‘lab beriladi. 2019 yildan keyingi g‘oliblargagina ustama to‘lab beriladi, degan gap yo‘q.

– Qarorda ustama to‘lab berish muddati ko‘rsatilmagan va bu ham savollar yuzaga keltirmoqda...

To‘g‘ri, qarorda muddat belgilanmagan. Tabiiyki, bunday holatlarda qaror 3 mayda e'lon qilinib, 4 maydan amaliyotga joriy qilinadigan bo‘lsa, mana shu muddatdan boshlab o‘qituvchi ustama olishga haqli. O‘qituvchi bu ustamani o‘z faoliyatini yakunlagunicha olishi mumkin.

Umid Rahmonov

1991 yildan boshlab ma'lum muddatgacha maktablar 11 yillik tizimda fan olimpiadalarini o‘tkazish vakolatiga ega bo‘lgan. Keyin akademik litsey va kasb-hunar kollejlari tashkil etilib, 12 yillik ta'limga o‘tilganidan keyin Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi tizimiga o‘tgan. 2018 yildan keyin 11 yillik ta'limga qaytilgandan so‘ng fan olimpiadalari o‘tkazish vakolati Xalq ta'limi vazirligiga berildi.

2008 yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan nizomga ko‘ra, fan olimpiadalari tashkil qilingan. 2009 yildan boshlab bugungi kungacha respublika fan olimpiadalarining g‘oliblar reyestri mavjud. Undan oldingi davrda (1991 – 2008 yillar) bu reyestr yuritilmagan. Bu chalkashlik kelib chiqishining bitta sababi. Samarqandlik o‘qituvchining murojaati e'lon qilinishidan oldin ham bu muammoni o‘rganayotgan edik va yagona reyestrni shakllantirish harakatlarini boshlab yuborganmiz.

Bu vaziyatda respublika bo‘yicha tennis musobaqasida g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilardan ham ustama to‘lab berish bo‘yicha murojaat tushyapti. Ularga faqatgina belgilangan fan olimpiadalari g‘olibligini qo‘lga kiritganlargina ustama olishi mumkinligini tushuntirdik. Bundan tashqari, respublika fan olimpiadasida, masalan, nemis tilidan g‘olib bo‘lgan va hozirda ingliz tilidan dars berayotgan o‘qituvchilarning ham murojaatlari ko‘paydi. Mana shu chalkashliklar ham xalq ta'limi hududiy bo‘limlarida ikkilanishlarga sabab bo‘lyapti.

O‘tgan yilning 25 dekabrida respublika fan olimpiadalari g‘oliblarining reyestrini shakllantirish uchun hududiy bo‘limlarga xat chiqarganmiz va bu jarayon deyarli oxirigacha yetkazildi. Bu bo‘yicha Moliya vazirligi bilan ishlayapmiz. Qaror ijrosi boshlangan davrdan boshlab (2019 yil 4 may) o‘qituvchilarga ustamani qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz. Vazirlar Mahkamasining «Fan olimpiadalarini o‘tkazish va uni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hujjat loyihasida bu masala o‘z aksini topgan.

Hozirda 16 ta fandan respublika fan olimpiadalari o‘tkaziladi. Bular matematika, fizika, kimyo, biologiya, tarix, xorijiy tillar, qardosh tillar (qozoq, tojik, qoraqalpoq tili), rus tili (o‘zbek va rus tili sinflari uchun). Geografiya, chizmachilik, iqtisodiy bilim asoslari va davlat huquq asoslari fanlaridan olimpiadalar 2018-2019 o‘quv yiligacha o‘tkazib kelingan, hozir bu fanlar bo‘yicha olimpiada o‘tkazilmayapti. Maxsus maktablar (nogironligi bor o‘quvchilar) uchun ham matematika, fizika fanidan olimpiada o‘tkaziladi.

– Ingliz tilidan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchi nemis tilidan dars bersa, unga ustama to‘lab beriladimi? Shunga o‘xshash vaziyatlarda qanday yo‘l tutiladi?

Nemis tili bo‘yicha g‘olib bo‘lgan o‘qituvchi boshqa xorijiy tildan dars bersa, unga ustama to‘lanishi mantiqqa zid bo‘ladi. Qarorda «o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan» degan jumla mavjud. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 oktyabrdagi «Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorga asosan, direktor o‘rinbosari lavozimi rahbar xodimlar toifasiga kiritilib, alohida lavozim hisoblanadi. Bundan aniq bo‘ladiki, vazirga murojaat qilgan samarqandlik o‘qituvchiga ayni vaqtda direktor o‘rinbosari lavozimida ishlayotgani sabab ustama to‘lanishi muvofiq emas.

– Olimpiada g‘olibi bo‘lgan o‘qituvchiga boshqa turdagi ustamasi bo‘lsa ham, 100-150 foizlik ustama to‘lab berilaveradimi?

– Boshqa ustamalar bilan bu ustamani aralashtirmaslik kerak. O‘qituvchiga boshqa turdagi ustama to‘lanayotgan bo‘lishidan qat'i nazar, bu turdagi ustama to‘lab beriladi.

– Respublika fan olimpiadalari g‘oliblari taxminiy sonini ayta olasizmi? Ularning qancha qismi ta'lim tizimida faoliyat olib bormoqda?

– 1997 yildan boshlab birinchi bo‘lib matematika va biologiya fanlaridan xalqaro fan olimpiadalarida qatnashish boshlangan. Keyinchalik fizika, informatika va axborot texnologiyalari, kimyo fanlaridan ham o‘quvchilar ishtirok etishgan. Sanalgan 5 ta fan bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda 65 nafar g‘oliblar oltin, kumush, bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Shulardan bir nafari Navoiy viloyatida matematika fanidan dars beradi va 150 foiz oylik ustama olib kelyapti. 2008 yilgacha respublika fan olimpiadalari g‘oliblari reyestri yuritilmagani uchun aniq raqamlar bizda mavjud emas. Ularning taxminiy soni 1 200 nafarga yaqin. Ularning 44 nafari ta'lim tizimida faoliyat olib bormoqda. 80 foizi tillar: ona tili, rus tili, qardosh tillardan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilardir.

– Videomaterialda ustama qaysi ta'lim shaklida dars berayotgan o‘qituvchiga beriladi, degan bahsli savol ham berilgan. Bunga oydinlik kiritsangiz.

– Qaror barcha ta'lim muassasalariga tegishli. Boshqa turdagi ta'lim muassasalariga bu qaror tatbiq qilinishi kerak, deyish vakolatiga ega emasmiz.

Kun.uz muxbiri Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.

Ko‘proq yangiliklar: