26 fevral kuni Kun.uz saytida «San'at instituti talabasi 5 kundan beri komada. Kursdoshlar janjali jiddiy oqibatga olib keldi» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.
27 fevral kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holat yuzasidan ma'lumot berdi.
Bayonotda institut talabasi - Jahongir Akramovga nisbatan qo‘l jangi usuli qo‘llangani ta'kidlanadi.
«Joriy yilning 19 fevral kuni soat 12:30larda 18 yoshli Madamin A. va O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti talabasi, 20 yoshli Jahongir A. o‘rtasida kelib chiqqan mojaro janjalga aylangan. Natijada, Madamin A. qo‘l jangi usulini qo‘llab, ikkalasi yerga yiqilgan. Yiqilish jarayonida Jahongir A. beton to‘siqqa boshi bilan urilgan. Oqibatda u tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Madamin A. jinoyat ishiga gumon qilinuvchi sifatida jalb qilingan. Tergov davom etmoqda», deyiladi Toshkent shahar IIBB bayonotida.
Ajablanarlisi, voqea tafsilotlarini o‘rgangan profilaktika katta inspektori Ravshan Qurbonaliyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Jahongirni kursdoshining ukasi bexosdan itarib yuborgani, u boshi bilan yerga tushgani oqibatida orqa miyasi shikastlanganini aytish bilan kifoyalangan, biroq tortishuv chog‘ida qo‘l jangi usullari ishlatilgani haqida lom-mim demagandi.
IIBB bayonotida dastlab Jahongir Akramov koma holatidan chiqqani, shifokorlar uning ahvolini mo‘'tadil deb baholayotgani aytilgan edi. Biroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati rahbari Furqat Sanayev, shuningdek, bemorning otasi Odiljon Valiyev Jahongir hamon komada ekanini, o‘ziga kelmaganini bildirdi.
Kun.uz muxbiri mazkur holat yuzasidan izoh so‘rab boshqarma axborot xizmati mas'ul xodimi bilan bog‘landi. U bu ma'lumotni tergov boshqarmasidagilar berishganini aytib, yana aniqlashtirib ko‘rishini ma'lum qildi. Shundan so‘ng rasmiy bayonotga tuzatish kiritilib, Jahongir Akramov yana komaga tushib qolgani ma'lum qilindi.
Shahar IIBB axborot xizmati rahbari Irina Sayfiddinova Jahongir Akramov kecha kechqurun ko‘zini ochgani, qo‘l va oyoqlarini qimirlatgani, biroq ko‘p o‘tmay yana komaga tushib qolganini ta'kidladi.