American Councils O‘zbekistonga yana mingga yaqin tilshunos mutaxassislarni yuboradi

Jamiyat 11:39 / 26.02.2021 3078

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Xalqaro ta'lim bo‘yicha Amerika kengashlari (American Councils) katta vitse-prezidenti Maykl Kertis bilan muzokaralar o‘tkazdi.

«Dunyo» ma'lum qilishicha, uchrashuvda O‘zbekistonda ta'lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha tashkilotning joriy faoliyati, mamlakatda til o‘rgatish loyihalarining istiqbolli yo‘nalishlarini joriy qilish, shuningdek, American Councils’ni respublikada ingliz tilini o‘qitish sifatini oshirish jarayoniga jalb qilish masalalari muhokama qilingan.

«O‘zbekistonda kadrlar salohiyatini sifat jihatdan yuksaltirish va ularning bilimini oshirish maqsadida yana 1000ga yaqin o‘qituvchi yuborilishi rejalashtirilgan», degan Maykl Kertis.

Tashkilot tomonidan 2022 yil oktyabr oyiga qadar English Speaking Nation dasturi doirasida O‘zbekistondagi o‘rta maktablarda 15 mingdan ziyod ingliz tili o‘qituvchisining malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, FLEX dasturi doirasida respublika umumta'lim maktablarining 40 nafar yuqori sinf o‘quvchisini AQShga jo‘natish rejalashtirilgan. Faculty Enrichment Program dasturi orqali esa 30 nafar mahalliy o‘qituvchi AQShda almashinuv kurslarida qatnashadi.

Muzokaralar yakunida tomonlar 2021-2022 yillarda O‘zbekiston fuqarolari uchun ta'lim loyihalari sohasida grant ko‘magi hajmini oshirish, Amerikaning yetakchi universitetlarini jalb qilgan holda respublikada ta'lim ko‘rgazmasi tashkil etish, ingliz tili bo‘yicha test sinovlari markazlari (TOEFL) faoliyatini kengaytirish va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.

Ma'lumot uchun, American Councils - bu AQShning notijorat tashkiloti bo‘lib, madaniy almashinuv, til o‘rganish va kasb malakasini oshirish orqali xalqaro ta'lim dasturlarini targ‘ib qilishga ixtisoslashgan. Tashkilot 90ta mamlakatda turli loyihalarni amalga oshirmoqda. Bugungi kunga qadar 94 mingdan ortiq bitiruvchi American Councils ta'lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan. Ushbu nodavlat tashkilot 2018 yilda O‘zbekistonda ham o‘z faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda respublikada ta'limni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 50 million dollarlik grant loyihasini amalga oshirishda ishtirok etmoqda.

  • Avvalroq, O‘zbekistondagi ta'lim muassasalarida dars berish uchun AQShdan 27 nafar ingliz tili o‘qituvchilari kelgani xabar qilingandi.
  • Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova 2020-2030 yillarda O‘zbekistonga mingga yaqin rus mutaxassislarini jo‘natish rejalashtirilgani, ular respublikada xalq ta'lim tizimidagi 14ta hududiy markazlar va 10 mingga yaqin maktablarda pedagogik kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanishini ma'lum qilgandi.
Ko‘proq yangiliklar: