2021 yilda 20 davlatdagi vatandoshlarga 50 mingta kitob yuboriladi

Jamiyat 11:10 / 26.02.2021 1385

2021 yil davomida 20ta davlatdagi vatandoshlarga 50 ming dona o‘zbek tilidagi kitoblar yetkaziladi. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi turli tilli 1865ta maktabga o‘qitish tilidagi kitoblar yetkazilishi reja qilingan. Bu haqda 25 fevral kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev ma'lum qildi.

Qo‘mita raisining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ushbu loyiha Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasini tasdiqlagach amalga oshadi, kitoblarni xorijga va O‘zbekiston bo‘ylab tarqatishga davlat budjetidan 2,5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Qaror loyihasi tez orada tasdiqlanadi.

«Deylik, AQShda istiqomat qiluvchi vatandoshlarning farzandlari Amerikada tug‘ilib o‘sgan bo‘lishi mumkin, ular shanba-yakshanbalik maktablarda ona tili - o‘zbek tilini o‘rganmoqchi. Ular uchun biz sharoit yaratib bermoqchimiz.

O‘zbekistonda nashr qilingan, ularga tushunarli bo‘lgan o‘quv darsliklari, badiiy kitoblar yetkazib beriladi. 50 mingta kitob 20ta davlatdagi vatandoshlarga yetkazilishi reja qilingan. Ushbu davlatlarda 158ta vatandoshlik jamiyatlari bor, shulardan 38tasi bilan aloqa o‘rnatganmiz. Bular AQSh, Buyuk Britaniya, Belgiya, Fransiya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlardir», dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, respublikadagi boshqa tilli maktablarga kitoblarni tarqatishda yetkazilayotgan kitob tili o‘qitish tiliga monand bo‘ladi. Masalan, qozoq tilli maktablarga Abay asarlari qozoq tilida, tojik tilli maktablarga Jomiy asarlari ularning o‘z tilida nashr qilingan kitoblar yetkaziladi.

Shuningdek, qo‘mita raisi o‘rinbosari tashkil qilinishi rejalashtirilayotgan «Vatandosh» jamg‘armasi haqida gapirdi.

«Butun dunyoda 10 milliondan ortiq o‘zbeklar xorijda istiqomat qiladi. Prezidentning 39-82 sonli qaroridan «Vatandosh» konsepsiyasi o‘rin olgan bo‘lib, unda xorijda istiqomat qiluvchi shaxs vatandoshimiz bo‘lishi uchun u o‘zbek bo‘lishi shart emasligi belgilab qo‘yilgan.

Agar boshqa millat vakili ham O‘zbekiston bilan yaqin aloqa qilishni xohlasa, bizning madaniyat bilan qiziqsa, biz ularni ham qo‘llab-quvvatlaymiz. 60dan ortiq xorij universitetlarida o‘zbek tili o‘rganilmoqda, demak, tilimizga qiziqish bor, biz albatta bularni ham qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hozirgacha xorijdagi 38ta vatandoshlik jamiyatlari bilan hamkorlik qilib kelayotgan bo‘lsak, yaqinda O‘zbekistonda «Vatandosh» jamg‘armasi tuzilishi reja qilingan. Bu jamg‘arma barcha ishlarimizning amaliy mexanizmi bo‘ladi», dedi Azamat Toshev Kun.uz bilan suhbatda.

Bundan tashqari, matbuot anjumanida 2021 yilda NNTlarga 60 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi, uning bir qismi O‘zbekistondagi milliy-madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanishi ma'lum qilindi. Shuningdek, 30 iyul - «Xalqaro do‘stlik» kuni arafasida «Do‘stlik» haftaligi o‘tkazilishi reja qilinmoqda.

Ma'lumot o‘rnida, Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida 2017 yil tashkil etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: