Jumladan, 2021-2023 yillarda Yangihayot tumanida umumiy qiymati 8,1 trln so‘m bo‘lgan 54ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyihalarni amalga oshirish doirasida 14 ming 77ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
«2021 yil rejasiga ko‘ra, tumanda eksportyor korxonalar tomonidan 6,5 mln dollarlik tovar va xizmatlar eksporti amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 210 gektar hududda «Yangihayot» industrial park kichik sanoat zonasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, ushbu hududda umumiy qiymati 6 trln so‘m bo‘lgan 118ta taklif va loyihalar shakllantirilib, hozirgi kunda bular bilan ishlar olib borilmoqda», deydi Hayot Inog‘omov.
Tuman hokimi yig‘ilishda qurilish sohasida amalga oshiriladigan ishlarga ham to‘xtalgan. Unga ko‘ra, tuman markazida xavfsizlik talabiga javob bermaydigan uylar mavjud.
«149 gektar hududda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan 2 qavatlik yog‘och uylar bor. Hozirgi kunga kelib, ushbu uylar «avariya» holatiga kelib qolgan. Shu sababli hozir turkiyalik mutaxassislar bilan birga loyiha ishlab chiqyapmiz. Ayni vaqtda yer tanlab, yangi uylar qurilgandan so‘ng, aholini o‘sha uylarga ko‘chirishni rejalashtiryapmiz. Loyiha doirasida 3 bosqichda jami 409ta «avariya» holatidagi uylarni buzib, aholi uchun tuman markazidan zamonaviy uylar qurish rejalashtirilgan.
Tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, kamida 4ta poliklinika va 2ta ko‘p tarmoqli kasalxona, 10ta MTT qurish, shuningdek, bog‘chagacha qamrov, maktablarda darsliklar bilan ta’minlash darajasini 100 foizga yetkazish maqsad qilingan. Shu bilan birga, kamida bitta davlat va 2ta xususiy oliy ta’lim muassasasi ochishni rejalashtiryapmiz», deya qo‘shimcha qilgan tuman hokimi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil kuzida Toshkent shahridan 2 131,2 gektar hamda Toshkent viloyatidan 2 288,4 gektar, jami 4 419,6 gektar yer maydoni ajratilib, Yangihayot tumani tashkil etilgandi.