Urgut hokimi murojaatchini sudga bermoqchi, Kun.uz'ni ig‘vogarlikda ayblagan deputat uzr so‘radi

Jamiyat 18:25 / 30.01.2021 28610

Tuman hokimi qabuliga kelgan fuqarolarga qo‘pol munosabatda bo‘lgani va Mergancha mahallasidagi xonadonlarga qurilish qilmaslik haqida ogohlantirish berilgani haqidagi reportajlar shular jumlasidan.

Kuni kecha bu maqolalar xalq deputatlari Urgut tuman kengashida tanqidiy muhokama etilgani haqida xabar kelib tushdi.

 Urgut tumani hokimi Botir Jabborov

Kengashning navbatdagi sessiyasida hokim Botir Jabborov O‘zLiDePdan saylangan deputat Baxtiyor Bekboyevga so‘z bergan. Deputat Kun.uz'da e'lon qilingan maqolani muhokamaga tortishga uringan. Sayt va fuqarolarni ig‘vogarlikda ayblagan. B.Bekboyev deputatlarga murojaat qilar ekan, ularni hokimiyat va tadbirkorlarni kimdir «chetdan kelib tepib ketishiga qarab turmaslik»ka undagan.

«Chekkadan keladigan Kun.uz bizning og‘ir-yengilimizni hech qachon hal qilib beradigan tashkilot emas. Bu narsani yaxshi bilib qo‘yishimiz kerak», – degan Bekboyev.

Deputat sessiyada mas'ul idoralarni Urgut erkin iqtisodiy zonasining imijiga salbiy ta'sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ta'sirchan chora ko‘rishga chaqirgan.

Kun.uz muxbirlari saytni ig‘vogarlikda hamda direksiya imijiga salbiy ta'sir o‘tkazayotganlikda ayblagan deputat bilan uchrashish maqsadida Urgut tumanida bo‘ldi. Umuman, holat bo‘yicha Urgut erkin iqtisodiy zona direksiyasining ham munosabati bilan qiziqdik.

Darvoqe, O‘zbekiston liberal demokratik partiyasining tuman bo‘limi ham Urgut EIZ direksiyasi binosida joylashgan ekan.

Urgut EIZ direksiyasi direktori o‘rinbosari G‘affor Madarov saytda e'lon qilingan maqolaga hech qanday e'tirozi yo‘qligini ma'lum qildi. U Mergancha mahallasi ahliga hokimlik bergan ogohlantirish xatlari bo‘yicha Urgut EIZ direksiyasi daxldor emasligi, ogohlantirish xati orqali tuman hokimligi nimani nazarda tutgani to‘g‘risida hech qanday ma'lumoti yo‘qligini bildirdi.

Urgut EIZ direksiyasi direktori o‘rinbosari G‘affor Madarov

G‘alati. Urgut EIZ direksiyasi saytda e'lon qilingan maqolaga hech qanday e'tiroz qilmayotgan ekan (aslida ham, maqolada mutlaqo direksiyaning faoliyati tilga olinmagan), deputat Baxtiyor Bekboyev nega Kun.uz'ni biryoqlama maqola yozganlikda ayblayapti?

O‘ylaymizki, jurnalist faqat murojaatchilarning iddaolari bilan cheklangan taqdirda biryoqlamalik bo‘lardi. Vaholanki, aynan aholi va hokimlik o‘rtasidagi muammo bo‘yicha ikki tomonning izohi e'lon qilingan.

Deputat biz bilan suhbatda ham sessiyada aytgan gaplarini takrorladi. «Sizlarda e'lon qilingan maqola direksiyaning obro‘yiga, ishchanlik kayfiyatiga putur yetkazadi», deb turib oldi.

Deputat Baxtiyor Bekboyev

Yana bir gap. Maqolada sanoat zonaning aholi yashash hududiga juda yaqinligi, bu jihatlari bilan ekologiya va mahalliy aholiga zarar yetkazishi mumkinligi aytib o‘tilgan. Shuning barobarida EIZ direksiyasi tadbirkorlik faoliyati uchun o‘zi joy tanlamasligi, bu bo‘yicha tuman va viloyat mutasaddilarining jo‘yali taklif berishi lozimligi haqida so‘z borgan.

Shu o‘rinda bir qator savollar paydo bo‘lmoqda:

  • Deputat O‘zLiDeP vakili bo‘lgani uchun direksiyani himoya qilmoqchi bo‘lyaptimi?
  • Tadbirkorlarni himoya qilyapti ham deylik. Hatto direksiyaning o‘ziga yaqqol ko‘rinib turgan haqiqat – sayt xolis yondashganini nega u anglamayapti?
  • Mergancha mahallasidagilarga ogohlantirish xati bergan hamda hududda tayinli loyiha va maqsadi bo‘lmagan tuman hokimligining yonini olmoqchimi?
  • Xalq vakili sifatida nega bu yerda fuqarolarning ham manfaati yotganini o‘ylab ko‘rmayapti?
  • Darhaqiqat, sessiyada tuman hokimi Botir Jabborov bu deputat so‘zga chiqqanda ikki-uch marta rahmat aytgani va fikrini qo‘llab-quvvatlaganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Hokim so‘zining oxirida fikrlari o‘ziga ma'qul bo‘lgan Baxtiyor Bekboyevga atay so‘z berganini ta'kidlagan.

Masalaning eng qizig‘i, Kun.uz muxbirlari Urgutdan qaytayotganida yuz berdi. Deputat Baxtiyor Bekboyev o‘zining fikri qat'iy ekanini aytganidan chamasi bir soatlar o‘tib, muxbirga telefon orqali bog‘landi. Bu safar u negadir o‘zining jiddiy xato qilgani, saytni ig‘vogar demoqchi bo‘lmaganini izohlashga urindi va uzr so‘radi.

Yana bir gap. Sessiyada hokim Botir Jabborov Kun.uz'da e'lon qilingan maqolada o‘zining fuqarolarga nisbatan qilgan qo‘polligi aks etgan audioni yozib olgan va saytga taqdim qilgan fuqaroni sudga berishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, hokimning po‘pisasidan so‘ng tabiiy gaz so‘rab kelgan murojaatchilarning uyiga gaz emas, ichki ishlar idorasining terrorizmga qarshi kurash bo‘limi vakillari yo‘qlab borishgandi...

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Faxriddin Hotamov

Ko‘proq yangiliklar: