Kitobda yolg‘iz o‘g‘il pichoqlandi va bir ko‘zidan ajraldi: zarar qoplanmadi, ish esa «bosti-bosti» qilindi

Jamiyat 16:01 / 30.01.2021 41344

Keling, bir boshidan hikoya qilamiz. Xadicha Husinova Qashqadaryo viloyati Kitob tumani «Ali Qushchi» mahallasida ijarada istiqomat qiladi. Shahzod va onasining o‘z uylari yo‘q. Xadicha Husinovaning katta opasining o‘g‘lining uyida ijarada turishardi.

U turmushidan ajralgan, ikki nafar farzandini yolg‘iz o‘zi katta qilgan. Ayni paytda to‘ng‘ich farzandi — qizini turmushga uzatgan.

Xadicha opaning hali 17 yoshga kirmagan, yagona o‘g‘li Shahzod Usmonov bugungi hikoyamiz qahramonidir.

2020 yil 2 mart kuni oilada mash'um voqea ro‘y beradi. Shahzodni xolavachchasi (Xadicha opaning opasi Zulayho Husanovaning o‘g‘li) 24 yoshli Dadaxon Hasanov mushtlari bilan urib, chap ko‘zi soqqasini yorib yuboradi. Kamiga uning badaniga 2 marta pichoq bilan urib, og‘ir tan jarohati yetkazadi. Hozir Shahzodning chap ko‘zi ko‘rmaydi.

«O‘sha kuni bozorda 1,5 million so‘mga qo‘y sotgan edim. Zulayho xolam nevaralik bo‘lgani uchun ularning uyida yig‘in tashkil etildi. Dadaxon bo‘lam bizni chaqirib keldi. Onam kiyinib ketdi, ortidan men uydan 500 ming so‘m pul olib bozorlik qilish uchun do‘konga Dadaxon bilan kirdim va uylariga yetib bordik».

Mash'um voqea yuz bergan kuni Shahzod onasi bilan Dadaxonlarnikida mehmon bo‘lgach, oshni yeb darhol uyiga qaytadi. Uni xolasi va Dadaxon kuzatib qo‘yadi. Serial ko‘rayotgan onasi esa Dadaxonlarnikida qoladi.

Shahzodning hikoya qilib berishicha, u uyga qaytib kelgach, biroz o‘tib Dadaxon eshikni taqillatib kirib keladi.

«Dadaxon Varganzaga bormoqchiman, yur seni ham olib ketay dedi. Men yo‘q dedim. So‘ng u «unda biroz shu yerda o‘tirib turay», dedi. Birga televizor ko‘rib o‘tirdik. Bozorda qo‘y sotganimni so‘radi. Suhbat asnosida kutilmaganda chap ko‘zimga mushti bilan qattiq urdi. Men yiqilib qolganimdan so‘ng ustimga chiqib yana 3-4 marta musht tushirdi. Ko‘zim tirsillab yorildi va qon otilib oqa boshladi. Men jon holatda uydan chiqib, darvozaxona tomon yo‘naldim. Ortimdan Dadaxon yetib borib, bo‘ynimdan bo‘g‘ib, cho‘ntagidan pichoq chiqarib ikki marta ko‘kragimga sanchdi. Yana bo‘g‘a boshladi. Uning changalidan bir iloj qilib qutulib, xolamlarnikiga bordim. Darvozani taqillatib, o‘sha yerda hushimdan ketibman», — deb hikoya qiladi Shahzod Usmonov.

Xonadan chiqishdagi qon dog‘lari

Shahzodning onasi Xadicha opa farzandiga yetkazilgan jismoniy zarardan o‘zini qo‘yarga joy topa olmaydi: «U soppa-sog‘ edi, tengdoshlari bilan Shahrisabzdagi nodavlat Temurbeklar maktabida tahsil olayotgan edi. Harbiy libos kiygan kuni bu dunyoda mendan baxtli inson yo‘q edi. O‘g‘lim o‘qib katta odam bo‘lishini istagan edim», — deb yig‘laydi onaizor.

Bugungi kunga kelib, xolavachchasining sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazgan, Jinoyat kodeksi 111-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi bilan ayblangan Dadaxon Hasanov javobgarlikka tortilmadi va zararni qoplash uchun jabrlangan tarafga bir so‘m ham bergani yo‘q.

Xadicha opa buni tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari, jumladan, tergovchi podpolkovnik Hulkar Ne'matova hamda mahalla profilaktika inspektori Feruz To‘xtamishevning yolg‘onlariga chuv tushgani bilan izohlaydi.

«Ichki ishlar xodimlari nima deyishsa, ular sari bordim. Hammasiga ko‘ndim. Chunki umrimda militsiyaga ishim tushmagan. Ular yordam beradi, deb o‘ylagan edim. Qolaversa, Dadaxon ham begona emas, opamning o‘g‘li. Lekin ular meni aldab, chuv tushirishdi. Jabr ko‘rib, sudma-sud idorama-idora sarson bo‘lganimiz qoldi, xolos», — deb tushuntirdi X.Husinova.

Ma'lum bo‘lishicha, tergov jarayonida ichki ishlar organi xodimlarining xatti-harakatlari avvaldan qarindosh oilalarni yarashtirib, ishni bosti-bosti qilishga qaratilgan.

Jumladan, 2020 yil 30 mart kuni xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Choriyev Qahramon To‘xtamishevich huzurida Dadaxon Hasanovning onasi Zulayho Husanova singlisi Xadicha Husinovadan 10 million so‘m qarz olgandek, qarz shartnomasi tuziladi.

O‘g‘li birovni urib mayib qilgani uchun tovon puli to‘lashi kerak bo‘lgan kishiga jabr ko‘rgan tomon qarz berishi sog‘lom aqlga sig‘maydi, albatta. Bu — oddiy qishloq ayollarining xayoliga kelmaydigan yuridik protsedura. Buni kim o‘rgatganini so‘radik.

Xadicha opaning hikoya qilishicha, Kitob tuman IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, podpolkovnik Hulkar Ne'matova, «Ali Qushchi» mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Feruz To‘xtamishev va yana bir ichki ishlar xodimi Surum mahallasida joylashgan notarial idoraga 10 million so‘m olib borishadi va qarz shartnomasi imzolanadi. Albatta, protsedura o‘tib olgach, tomonlarga pul berilmaydi. U shunchaki, notariusning ko‘zini bo‘yash uchun. Opa singildan 10 million so‘m qarz qilinadi.

Boz ustiga, Zulayxo Husanova o‘g‘liga sudlanmasligi uchun, zararlarni qoplash maqsadida 8 sotix hujjatsiz yer maydonini uy-joyi yo‘q singlisiga rasmiylashtirib berish uchun ham tilxat beradi. Ushbu tilxatga «uchastkovoy» Feruz To‘xtamishev va tergovchi Hulkar Ne'matova (Niymatova) ham imzo chekkan.

2020 yil 7 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudining ajrimiga ko‘ra, tomonlar yarashganligi tufayli jinoyat ishi tugatiladi.

Xadicha Husinovaning aytishicha, sud majlisiga Hulkar Ne'matova yana 10 million so‘m naqd pul olib keladi va zo‘ravonlik qilgan tomon zararni qopladi, deya sudyaga ko‘rsatiladi.

Sud o‘tib, ishlar «bosti-bosti» bo‘lgach, Xadicha opaga hech narsa berilmaydi. Qo‘lida opasi imzolab bergan 10 million so‘mlik qarz shartnomasi va tilxat turibdi, xolos. Ikkita varaq.

Ushbu mashmashada eng qizig‘i Kitob tuman ichki ishlar bo‘limi tergovchilari tomonidan jinoyat ishida voqeaning qay tarzda ro‘y bergani bayon qilinganidir.

Ichki ishlar organi tergovchilarining versiyasiga ko‘ra, Dadaxon Hasanov o‘sha kuni Shahzod onasi bilan istiqomat qiladigan uyga keladi. Shahzod uyda pichoq bilan olma archib o‘tirgan bo‘ladi. Dadaxon darvozani qattiq tepadi. Shahzod qo‘lida pichoq bilan yugurib chiqadi. Darvoza ochilib ketib, uning qulf iladigan joyi Shahzodning chap ko‘ziga kirib ketadi. Shahzodning qo‘lidagi pichoq qo‘lidan tushib ketadi va Shahzod o‘sha pichoqning ustiga yiqilib tushadi.

Ikki marta! Chunki pichoq tanaga ikki marta kirgan. Bu mashhur anekdotni eslatib yubormayaptimi?

Holbuki, Shahzod Usmonovning ekspertiza chog‘idagi dastlabki ko‘rsatmalari va bizga so‘zlab bergan tafsilotlari farqlanmayapti. Boz ustiga u voyaga yetmagan hisoblanadi. Tergov materiallarida uning nomidan yozishgan va asosan ishonchli vakili — onasidan so‘ralgan.

Ish bilan tanishganimizda hech joyda hozirgina o‘z uyidan mehmonni kuzatib yuborgan odam nima maqsadda yana uning uyiga kelganiga aniqlik kiritilmagan.

Voqea sodir bo‘lganda Xadicha Husinova Dadaxonlarnikida mehmonda bo‘lgan. Dadaxon qo‘llari qon holatda kirib kelib onasiga «Pasportimni topib bering, men odam o‘ldirdim», deb baqirgan. Ya'ni, qochmoqchi bo‘lgan. Hali Xadicha opa o‘z o‘g‘li pichoqlanganini bilmasdi...

Endi bir kun oldin bozorda 1,5 million so‘mga qo‘y sotganini yodda saqlaymiz, Dadaxon Hasanov oldin ham o‘g‘rilik va boshqa jinoyatlarda gumonlanib, tergovga jalb qilinganini, ichki ishlar xodimlari, mahalla-ko‘yning «opa-singilsizlar, zararlar qoplanadi, yaxshi emas sudlashish», deb tushuntirishlarini bunga qo‘shing. Yaxlit manzara hosil bo‘ladi.

Shahzod Usmonov esa bizga ichki ishlar xodimlari qattiq bosim qilganini, agar Dadaxon qamalib ketsa, qaytib chiqib kelib o‘ch olishi mumkinligini ham aytganini ta'kidlab o‘tdi.

Biz Shahzodga yetkazilgan jarohat borasida o‘sha kuni uni operatsiya qilgan vrach, Samarqand viloyat ixtisoslashtirilgan ko‘z kasalliklari shifoxonasi mikroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i Otabek Bahromovdan intervyu oldik.

Vrachning aytishicha, Shahzodga og‘ir tan jarohati yetkazilgan, ko‘z soqqasi ko‘rish qobiliyati tiklanmaydigan tarzda jarohatlangan. Shifoxonada unga barcha yordam ko‘rsatilgan. Kasallik tarixi Kitob tuman IIB xodimlariga topshirilgan.

Biz mazkur masala bo‘yicha Kitob tuman ichki ishlar bo‘limida bo‘lib, podpolkovnik Hulkar Ne'matovaga savollar bilan murojaat qildik. U intervyu davomida ovoz yozib olinishiga qarshilik qildi: «boshliq ruxsat bermadi», deb.

Nima ham derdik, aynan mana shunday «boshliq»lar tergovning videoyozuv yordamida o‘tkazilishiga ham tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilib kelishadi. Axir yashiradigan hech narsasi bo‘lmasa, qilgan hamma ishlari to‘g‘ri bo‘lsa – nega so‘zlashuv yozib olinishiga qarshi bo‘ldi? Bunisi endi o‘zlarining vijdoniga havola.

Taxminimizcha, Hulkar Ne'matova hozir siz o‘qib turgan, u bizga aytgan gaplarni keyinchalik «men aytmaganman», deya rad etishi uchun shunday yo‘l tutdi, deb tushunib qo‘ya qoldik.

Biz nima maqsadda kelganimizni eshitgan Hulkar Ne'matova «Jinoyat ishi tomonlar yarashgani tufayli tugatilgani bois» endi jabrlanuvchilarning shikoyat qilish huquqi yo‘qligini bepisandlarcha e'lon qildi. Ishni «pishirib» bo‘lganmiz, endi qo‘llaringdan hech narsa kelmaydi, degandek.

Biroq, jabrlanuvchi tomonning kassatsiya shikoyati viloyat sudida qanoatlantirilgani, jinoyat ishi noto‘g‘ri malakalangani sababli qayta ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudiga qaytarilganini bizdan eshitib, tergovchining rangi oqarib ketdi, kalovlanib qoldi. O‘sha kuni tuman bo‘ylab elektr o‘chgani, xona qorong‘i bo‘lganiga qaramasdan bu bilindi.

Keyingi taktikasiga ko‘ra, tergovchi Ne'matova jabrlanuvchi bolaning onasi murdasho‘y ekanligini pesh qildi. Albatta, bizni irgantirish uchun. Lekin biz bu ayol bilan uchrashish uchun ikki marta Kitobga bordik va har ikki safar ham ayol janozadan o‘lik yuvib kelib, bizga uchrashgan edi.

Nihoyat, Hulkar Ne'matova notarius va sudga borganini ham, 10 million so‘m naqd pul olib borganini ham rad etdi.

(Buni ham, 30 mart va 7 may kunlari Hulkar Ne'matova va Feruz To‘xtamishev o‘sha hududda bo‘lganligi, notarius va Shahrisabz tumanidagi sudyalarga qo‘ng‘iroq qilganini mobil telefon raqamini pelengatsiya qilish yo‘li bilan aniqlash mumkin. Bizda bunday vakolat yo‘q, bunisi endi IIV tomonidan amalga oshiriladi, agar ularda haqiqatni ro‘yobga chiqarish istagi bo‘lsa!)

Albatta, jinoyat jazosiz qolmasligi kerak. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi Xadicha Husinovaning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirdi va ishni o‘rganishni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudiga qaytardi. Sud ishni qayta tergovga oshirgan. Ayni paytda Kitob tuman prokurori ishni qayta tergovga yo‘naltiradi.

Umid qilamizki, tergovni olib borish boshqa tumanga beriladi. Kitoblik tergovchilarning mahorati oqibatini barchamiz ko‘rib turibmiz — jabrlanuvchining onasi ularni ko‘rsa nafratlanadi.

Chunki, jiyani Dadaxonni bozorda uchratib qolgan Xadicha Husinova undan haqorat va mazax eshitganini aytib berdi: «Nachalnik melisa va tergovchilar mening tarafimni olishdi, senlar nima qiloldinglar?» degan. Darhaqiqat, jinoyatchini suvdan quruq olib chiqib ketgan ichki ishlar vakillaridan har qancha nafratlansa arziydi. Onaga bu borada hech qanday e'tiroz yo‘q.

Kun.uz voqealar rivojini, bu ishda aybdorlarga qanday choralar ko‘rilishini sinchkovlik bilan kuzatishda davom etadi.

Biroq, ushbu voqeada barchamizni sergak torttirishi kerak bo‘lgan yana bir muhim jihat bor: Ona va bola ishsiz va uysiz. Salomatligiga putur yetgach, Shahzod ham harbiy maktabdagi o‘qishini tashladi. U hali yana davolanish kurslarini o‘tashi kerak. Oila nochor. Qarzga botgan. Aldangan.

Xadicha Husinova o‘g‘lini davolatish uchun yig‘ib qo‘ygan barcha mablag‘larini sarflab bo‘lib, qarz ham olishga majbur bo‘lganini aytib o‘tdi.

Musibat ustiga musibat ekan, ushbu material tayyorlanayotgan asnoda Xadicha opa chaqaloq nevarasidan ham judo bo‘ldi.

Biz ushbu oila uchun xayriya aksiyasini o‘tkazib, o‘g‘ilni davolatish, shuningdek, ona-bola uchun chog‘roqqina uy xarid qilishni maqsad qildik. Ular shu paytgacha istiqomat qilib kelayotgan ijara uyining egasi bo‘lgan yigit — jiyani uylandi, qolaversa, endi ular mash'um voqea ro‘y bergan xonadonda turishni ham istashmayapti. Albatta, Kun.uz tahririyati ham bunda o‘z ulushini qo‘shadi.

Qarindoshlarning sitamidan, ichki ishlar organlarining aldovidan jabr ko‘rgan ona va bolaga kim yordam qo‘lini cho‘zishni istasa, Xadicha opaning nomiga ochilgan plastik kartochkalarga baholi qudrat, himmatlariga yarasha mablag‘larini o‘tkazib berishi mumkin.

Ona barcha yaxshilarni uzoqdan uzoq duo qilib qoldi.

Karta raqamlari:

HUMO: 9860 0303 0225 4724

UZCARD: 8600 1404 9856 3957

VISA: 4023 0602 2171 3778

Telegram orqali aloqa uchun: @shokirjonovbot

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri
Tasvirchi: Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: