Andrey Kubatinga oid sud ishi: marhum yaqinlarining ma'naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da'vosi rad etildi

Jamiyat 13:47 / 30.01.2021 11493
Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova

Sudda qatnashgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, majlisga javobgar sifatida chaqirilgan Toshkent shahar Moliya boshqarmasi va da'vogar yashash joyi bo‘yicha chaqirilgan qo‘shimcha javobgar - Bektemir tumani Moliya boshqarmasi vakillari kelmagan.

Sud ishi marhum Andrey Kubatinning opasi, da'vogar Klara Saxarovaning roziligi bilan javobgar taraflar ishtirokisiz ko‘rib chiqildi.

Sud ishida muzokaraga o‘tildi va da'vogarning muzokara nutqi tinglandi.

Sudya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kirib chiqqanidan so‘ng, ish bo‘yicha hal qiluv qarorini e'lon qildi.

Unga ko‘ra, Klara Saxarovaning da'vo talablari qanoatlantirishdan rad etildi. Shuningdek, sudya protsess ishtirokchilariga nima sababdan bunday qarorga kelgani haqida izoh berib o‘tdi. 

Da'vogarga sud qarori ustidan belgilangan tartibda shu sud orqali apellyatsiya shikoyati kiritish huquqi borligi tushuntirildi.

Sudya Ergasheva Hilola

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sud majlisida marhum Andrey Kubatinning opasi javobgar Toshkent shahar Moliya boshqarmasidan yetkazilgan ma'naviy zarar uchun 3,5 milliard so‘m mablag‘ undirishni so‘ragan edi.

Toshkent shahar Moliya boshqarmasi vakili

Javobgar - Toshkent shahar Moliya boshqarmasi vakili esa, ushbu summa davlat budjeti hisobidan emas, balki marhumga ma'naviy zarar yetishiga sabab bo‘lgan organlar, uni tergov qilgan tashkilotlar, prokuratura va ayblov hukmini chiqargan sud tomonidan qoplanishi kerakligini aytgan.

Shuningdek, Klara Saxarova 2020 yilda O‘zbekiston harbiy sudiga ham 560 mln so‘m miqdorida moddiy zararni qoplash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. Sud uning da'vosini qisman qanoatlantirib, 478 ming so‘m undirish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent davlat sharqshunoslik institutining katta o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan turkolog olim Andrey Kubatin 2017 yili Jinoyat kodeksining 157-moddasi (Davlatga xoinlik qilish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblanib, hibsga olingan edi.

“Chet el olimiga noyob kitoblarning skaner qilingan nusxalarini topshirgani” haqidagi ayblov xulosasi bilan olimga nisbatan o‘sha yili 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, apellyatsiyadan so‘ng bu muddat 5 yilga tushirildi.

Bu orada Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va Kubatinni tanigan dunyodagi yirik boshqa olimlar bu ish uyushtirilganini aytib, prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi.

2019 yil 26 sentyabr kuni esa jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida Andrey Kubatinning ishi qayta ko‘rib chiqilgan va olim to‘liq oqlanib, sud zalidan ozod etilgandi.

Qamoqdan chiqqani

2,5 yillik qamoqdan so‘ng Kubatin 2019 yil dekabrdan buyon O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida faoliyat yuritib keldi.

Andrey Kubatin va uning turmush o‘rtog‘i, olima Feruza Jumaniyozova Kun.uz'ga intervyu berib, suhbat davomida hayotlarining ommaga ma'lum bo‘lmagan qirralari, ilm va olim tiynati, tarixchi olimni qiynagan muammolar, shuningdek, ilmiy faoliyatlari haqida so‘zlab berishgan edi.

2020 yil 29 oktyabr kuni turkolog olim Andrey Kubatin koronavirusdan xastalanib, shifoxonada vafot etdi.

Farrux Absattarov, Kun.uz
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Ko‘proq yangiliklar: