Kasaba uyushmalari federatsiyasi: Ishchilar xavfsizligi uchun doim qayg‘uriladi

Jamiyat 14:41 / 22.01.2021 5641

Kasaba uyushmalari federatsiyasi ishchilar yaxshi ish sharoitlarida ishlashi uchun mehnatini muhofaza qilish yo‘nalishida seminar-treninglar tashkil etmoqda. Federatsiya tashabbusi bilan o‘tgan yillarda mehnat munosabatlariga doir qonun va qonunosti hujjatlari asosida 3 tomda “O‘zbekiston Respublikasining mehnat muhofazasi va xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlari to‘plami” ham o‘zbek va rus tillarida nashr etildi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilish obektlari tobora ko‘payib bormoqda va tabiiy ravishda qurilish sohasida band bo‘layotgan aholi soni ham oshmoqda. Bu esa Kasaba uyushmalari federatsiyasi zimmasiga ham qurilish obektlarida ishlaydigan xodimlarning mehnat muhofazasi haqida ko‘proq qayg‘urish mas'uliyatini yuklamoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini qurilish tarmog‘i obektlarida joriy etishni ta'minlash belgilangan.

Mana shu yo‘nalish doirasida 21 yanvar kuni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kapital Qurilish boshqarmasining “Ish joyidagi xavfsizlik – inson salomatligi garovi” mavzusida seminar-treningi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaning soha mutaxassislari, tarmoq kasaba uyushmalari hamda qurilish sohasida maxsus kiyim va himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi tashkilot muassasalari xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda asosiy urg‘u ish beruvchi ish joyida mehnat muhofazasini qanday shartlar asosida ta'minlashi kerakligi, xodim esa xavfsiz sharoitda ishlashi uchun huquqlarini yaxshi bilishi kerakligiga qaratildi.

Tadbir davomida Kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i Haydar Fozilov o‘tgan yillar davomida qanday qurilish obektlari qurilganligi va kelgusidagi rejalar haqida ham to‘xtaldi.

“O‘tgan 4 yil davomida kasaba uyushmalari 100dan ziyod obektlarda qurish, kapital ta'mirlash, rekonstruksiya ishlarini amalga oshirdi. 2021 yilning o‘zida 20ga yaqin obektlarda qurilish, ta'mirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

Jumladan, Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida 200 o‘rinli, Jizzaxning Zomin tumanida 400 o‘rinli, Xorazmning Xonqa tumanida 150 o‘rinli, Namanganning Chortoq  tumanida 200 o‘rinli sanatoriyalar va Buxoro shahrida 200 o‘rinli bolalar oromgohi qurishni rejalashtiryapmiz”, – dedi Kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i.

Bu sanatoriyalar va bolalar oromgohida ishchilar band bo‘lmoqda, qolaversa, keyinchalik ular faoliyati davomida fuqarolarga xizmat ko‘rsatish orqali mehnat muhofazasini ta'minlashga xizmat qiladi.

Ishchi va ish beruvchi mehnat muhofazasi bo‘yicha haq-huquq va burchini bilishi zarur

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Nodira Karimova seminar ishtirokchilarini ish joylaridagi xavfsizlikni ta'minlash, ishchilarning salomatligi va mehnatini muhofaza qilish bo‘yicha muhim tavsiyalar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi seminar ham aynan qurilish tashkilotlarini injyener-texnik rahbar xodimlari bilan o‘tyapti. Undan so‘ng joylarda ishchilari bilan ham o‘tkaziladi. Sababi ishchilarni qonun hujjatlarida mehnat xavfsizligi haqida nima deyilgani, ishni qanday tashkil etish kerakligi bilan batafsil tanishtirish zarur.

“Chunki ish beruvchining o‘zi mehnat muhofazasini tushunmasa, ertaga xodim talab qilingandan keyin bu narsani tashkil etish qiyin bo‘ladi. Qachonki, ish beruvchining o‘zi mehnat qonunchiligini yaxshi bilsa, shunda ish to‘g‘ri tashkil etiladi.

Shuning uchun bugun aynan rahbarlar, bosh muhandislar, injyener-texnik xodimlarga qonun talablarini tushuntiryapmiz. Chunki mehnat muhofazasida birinchi o‘rinda xodimning salomatligi turadi. Xodim salomatligini ta'minlash uchun avvalo dastlabki tibbiy ko‘riklarni o‘tkazib, keyin ishga qo‘yilishi zarur va vaqti-vaqti bilan ularning salomatligini tekshirib borish kerak”, – dedi Nodira Karimova.

“Mehnat sharoitini baholash muhim”

Qayd etilishicha, mehnat sharoitlarini baholash ham juda muhim. Sababi mehnat sharoiti baholanar ekan, u yerda xavf bor-yo‘qligini tekshirishga imkon tug‘iladi. Qandaydir zarar bo‘ladigan bo‘lsa, unga ish beruvchini himoyalagan holda ish tashkil etib beriladi. Natijada, shu zarar insonga zarar yetkazishi mumkinligini bilib, insonga kiyim-bosh, maxsus poyabzal, shaxsiy himoya vositalari berish yoki jamoaviy himoya vositalari bilan ta'minlash mumkin.

“Shu masalalarni ham biz alohida tushuntirib berdik. Xodimlar xavfsiz sharoitlarda ishlashlari uchun ularni ishga qo‘yishdan oldin, dastlabki yo‘riq juda ham muhim. Masalan, kasblar juda ko‘p va xilma-xil. Har bir kasbning o‘zining yo‘riqnomasi bor va u yo‘riqnomalar ish beruvchi tomonidan ishlab chiqilishi va tegishli mutasaddilar bunga mas'ul ekanligi, ishlab chiqilgan hujjatlar bilan xodimlar tanishtirilishi zarur ekanligi va bu bilimlarni olgan xodimlari bilimini sinab, keyin ishga qo‘yish kerak ekanligi muhimligini ta'kidladik”, – dedi Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi ishchilar xavfsizligi uchun doim qayg‘uradi

Ta'kidlanishicha, ishchi salomatligi, unga maxsus kiyimlar berish, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish bilan bir qatorda xodimlarga rahbarning ruhiy holati ham muhim.

Bu o‘rinda kasaba uyushmalarining o‘rni katta. Uyushma jamoatchilik nazorati orqali kamchiliklarni aniqlaydi va ularni bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchilarga taqdimnomalar kiritadi. Boquvchisini yo‘qotgan baxtciz hodisaga uchragan, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatib keladi. Kasaba uyushmalari xodimlarining vakillik organi sifatida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qiladi. Xodimning jamoaga, ya'ni kasaba uyushmasiga birlashishi, bevosita o‘zining orasidan lider saylab, unga o‘z fikrini to‘g‘ri tushuntirishi va u ish beruvchiga ishchilar fikrini to‘g‘ri yetkazishi kabi masalalarda hamisha ko‘maklashadi.

O‘tgan yillarda federatsiya tashabbusi bilan mehnat munosabatlariga doir qonun va qonunosti hujjatlari asosida 3 tomda “O‘zbekiston Respublikasining mehnat muhofazasi va xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlari to‘plami” o‘zbek va rus tillarida nashr etilgan. Shuningdek, sohaga oid 100ga yaqin qo‘llanma, kitob va broshyuralar tayyorlangan. Albatta, bularning barchasi ishchilarning xavfsiz muhitda faoliyat yuritishlari uchundir.

Mehnat muhofazasiga bag‘ishlangan seminar ham xavfsiz mehnat sharoitlarini tashkil qilishga erishish uchun muhim qadam bo‘ldi. 

Ko‘proq yangiliklar: