Toshkent shahridagi eng namunali 50ta mahalla raisiga «Spark» sovg‘a qilinadi

Jamiyat 13:53 / 19.01.2021 11642

19 yanvar kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 31- sessiyasida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev kelayotgan yil uchun moliyaviy rejalarni e'lon qildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Toshkent shahar hokimi saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan muammolarni bartaraf etish maqsadida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining har bir deputatiga shahar budjetidan 2 milliard so‘mdan, jami 60 nafar deputatga 120 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi, shuningdek, tuman kengashi deputatlariga o‘zi saylangan okrugdagi muammolarni bartaraf etish maqsadida 100 million so‘mdan mablag‘ ajratilishi haqida ma'lum qilgan.

Bundan tashqari, sayyor qabul davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida har bir sektor rahbariga 5 milliard so‘m, Toshkent shahar Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘iga joylarda aholi va yoshlar bilan o‘tkaziladigan tadbirlarni tashkil qilish maqsadida 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi aytilgan.

Shuningdek, joriy yil uchun rejalashtirilgan iqtisodiy-ijtimoiy dasturda Toshkent shahrida maktab, bog‘cha va sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha 80 milliard so‘m markazlashgan mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgani ma'lum qilingan.

Toshkent shahridagi 519ta MFY raisining har biriga mahallalardagi ijtimoiy muammolarni bartaraf etish uchun 50 million so‘mdan jami 26 milliard so‘m ajratilishi hamda Mustaqillik bayrami arafasida eng namunali deb topilgan 50ta MFY raisiga «Spark» avtomashinasi sovg‘a sifatida berilishi rejalashtirilgani ta'kidlangan.

«Joriy yil davomida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ishlari doirasida 15 mingta kichik tadbirkorlik sub'yektlari tashkil qilamiz va 56 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratamiz», – dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Qolaversa, 83 milliard so‘m mablag‘ evaziga 14ta davlat-xususiy sheriklik asosida, shuningdek, 35ta oilaviy ko‘rinishdagi yangi nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari tashkil qilinib, maktabgacha ta'lim muassasalarining qamrovi 91,5 foizdan 100 foizga yetkazilishi aytilgan.

Yil davomida 14ta ixtisoslashgan maktablar tashkil qilinishi va iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hokim stipendiyasi joriy qilinishi rejalashtirilgan.

Avvalroq, Senatning 11-yalpi majlisida Toshkent shahri hokimi shaharsozlik sohasida poytaxtda yuzaga kelayotgan muammolar haqida gapirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: