Qo‘qonlik qo‘lsiz musavvir: u paralimpiadaga yo‘llanma oldi

Jamiyat 18:37 / 19.01.2021 14812

«O‘n yoshimdan rasm chizishni boshlaganman. «Iqtidor» nomli to‘garakda ustozim Tursunali Ahmadaliyev qo‘l ostida rasm chizish saboqlarini o‘rganganman. Boshida rasm chizish qiyinchilik tug‘dirgan. Lekin shunday bo‘lsa-da, ustozim menga rasm chizish sirlarini sabr bilan o‘rgatgan.

O‘zim ham boshida oyoqlarimda rasm chizishga ko‘nika olmaganman, biroq buning uddasidan chiqdim», – deydi Lutfullo Qodirov.

Qo‘qon shahridagi «Iqtidor» imkoniyati cheklangan bolalar markazida saboq olgan rassom hozirgacha Qo‘qon, Farg‘ona va Toshkent shaharlarida shaxsiy ko‘rgazmalarini o‘tkazgan.

Lutfullo dastlab san'at kollejida, so‘ng oliygohning tasviriy san'at grafikasi yo‘nalishida tahsil olgan. Hozirda – ixtisoslashtirilgan san'at maktabida badiiy rahbar. Manzara yo‘nalishida ko‘proq tasviriy asarlar yaratadi.

«2015 yilda respublikada ilk bora o‘zimning shaxsiy ko‘rgazmamni o‘tkazganman. Odamlar hayron bo‘lib, «shu rasmlar oyoqda chizilganmi?» deya so‘rashgan. Chizgan rasmlarimni odamlar ilk marta sotib olganini ko‘rib, xursand bo‘lganman. Bu mening mehnatimning ilk natijalari edi», – deydi u.

Lutfullo Qodirov musavvir bo‘lish bilan birga taekvondochi hamdir. U – taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi a'zosi.

«Bu sport turi bilan shug‘ullanishga katta shijoat bilan kirishganman. Taekvondoda ba'zan muvozanatni yo‘qotasiz, raqibingizga ba'zida qo‘lingiz bilan javob qaytarishingiz, yiqilganingizda tezda turishingiz kerak bo‘lib qoladi – har ikki holatda ham men uchun tayanch va suyanch vazifasini oyoqlarim bajaradi.

Sportdagi ustozimdan juda minnatdorman. Mashg‘ulotga kelganimda ham, mashg‘ulotni tugatganimda ham ular meni yechinib, kiyinishimda g‘amxo‘rlik qiladi», – deydi Lutfullo Qodirov.

Sportchi yaqinda Tokio paralimpiadasiga borish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Biz unga olimpiada medallari bilan qaytishni tilab qolamiz.

Fayzullo Sultonov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: