Deputatlar taksi qilayotganlar o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatiga kiritilishi kerakligini aytdi

Jamiyat 21:56 / 19.01.2021 16620

19 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan «Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashga bag‘ishlangan fraksiyalararo munozara o‘tkazildi.

Parlament matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, tadbirda shaxsiy avtotransportidan foydalangan holda yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatish orqali faoliyat yuritayotganlar masalasiga ham e'tibor qaratilgan.

«Shaxsiy avtotransportidan foydalangan holda yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatish faoliyatini loyihada belgilangan «Amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan» faoliyat turidan chiqarib, «Vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan» faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritishni, ya'ni taksi xizmatini ko‘rsatayotgan tadbirkorlarimizga o‘z faoliyatlarini qonuniy amalga oshirishlarida yengillik yaratishni ilgari surdi.

Ushbu faoliyat turini bir ro‘yxatdan ikkinchi ro‘yxatga olinishi haydovchilarga yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofida va shaharlararo yengil avtomobillarda tashish uchun ruxsatnoma olish jarayonini yengillashtiradi va to‘lov summasini adolatli belgilanishiga olib keladi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari ro‘yxatiga notarial idoralar va uy bog‘chalari kiritilmagani ham deputatlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.

«Uy bog‘chalari bilan shug‘ullanish qaysidir ma'noda yosh bolalar uchun javobgarlik mas'uliyatini olishi lozim. Shunday takliflardan yana biri bu litsenziyani alohida filiallarga qo‘llanmasligidir. Bu turdagi yengillik ayrim «ishbilarmonlar» uchun qonunni aylanib o‘tishlariga imkon berishi mumkin. Ya'ni, litsenziya olmay turib biror bir katta yuridik shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, o‘zini katta yuridik shaxsning bir filiali sifatida ko‘rsatishi mumkin», degan O‘zXDP fraksiyasi a'zosi Shohista Turg‘unova.

Ma'lum qilinishicha, ushbu tadbirda bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida ko‘rib chiqiladi.

2020 yilning 19 maydagi prezident selektorida taksichilar daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi ma'lum qilingan, ammo 9 iyunda e'lon qilingan tegishli qarorda taksichilar ko‘zda tutilmagan edi.

Shundan so‘ng keng jamoatchilik 2021 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida 5 kishidan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqli (haydovchini hisobga olgan holda) yengil avtomobil transportida tashish faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilishini kutayotgandi. Lekin, prezident Shavkat Mirziyoyevning «Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida ham ushbu band tushirib qoldirildi.

Sentyabr oyi boshida esa moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov taksichilarni ham o‘zini-o‘zi band qilganlar ro‘yxatiga qo‘shish bo‘yicha ishlanayotgani va bu bo‘yicha 1-2 oyda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilishini ma'lum qildi.

2020 yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov kirakashlik bilan shug‘ullanayotganlar o‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tsa, aholining xavfsizligini ta'minlash bilan bog‘liq masala yuzaga kelishini aytgan edi. Shuningdek, u bu masala bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzilgani hamda maqbul yechim izlanayotganini aytgan.

Ko‘proq yangiliklar: