Xivadagi bozor MChJ va AJ o‘rtasida talash bo‘lmoqda. Qurilish 3 yildan beri bitmayapti

Jamiyat 16:22 / 18.01.2021 6841

Kun.uz 2019 yil 8 aprelida «Hokimlik tadbirkorlarni chuv tushirdimi? – Xiva buyum bozoridagi mojaro» sarlavhali tanqidiy-tahliliy maqola e'lon qilgan edi. Unda Xiva shahar buyum bozoridagi tadbirkorlar duch kelgan qator muammolar haqida so‘z yuritilgan, biroq masalaning ayrim jihatlari sud orqali o‘z yechimini kutayotgani bois, noaniqligicha qolgan edi.

Muammo viloyat prokurorining 2019 yil 26 iyuldagi protesti asosida Xorazm viloyati hokimining 2018 yil 26 maydagi 351q-sonli qarori bekor qilinishi bilan yanada chigallashgan.

2020 yil oxirida Kun.uz'ga xorazmlik tadbirkordan navbatdagi murojaat kelib tushdi. Xorazm viloyatiga safarimiz chog‘ida voqealarning keyingi rivojini o‘rgandik.

Dastlab «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJ raisi Ganja Tojiyev bilan suhbatda bo‘ldik.

«2018 yil may oyida «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJ tashkil etilib, shahar hokimining qarori chiqdi. Viloyat hokimligi tasdiqladi bu qarorni, o‘sha yil oktabr–noyabr oyiga qadar barcha hujjatlarni tayyorladik. Prezident apparatidan rahbarlar 3 marta kelganlarida hujjatlarni tekshirishdi, so‘nggi marta kelganlarida bozorni 2019 yil sentyabriga bitkazish kerakligini aytishdi», – deydi Ganja Tojiyev.

«Xiva shahar savdo kompleksi» MChJ raisi Ganja Tojiyev

Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman va viloyat hokimligi rahbarlari 4 oy mobaynida bozor qurilishini tezlashtirishni talab qilib kelishgan.

«Biroq, 2019 yil iyul oyida viloyat hokimi kelganida qurilish ishlarini to‘xtatishni aytib, yerni zaxiraga olishdi. Shundan so‘ng, men Urganch shahar ma'muriy sudiga shikoyat kiritdim, sud viloyat hokimining qarori noto‘g‘ri deb qaror chiqardi», – deydi G.Tojiyev.

Oradan biroz o‘tgach, ma'muriy sud qarori ustidan prokuratura kassatsiya protesti kiritgach, ish qaytadan ko‘rib chiqilgan. Urganch tumani ma'muriy sudi 2020 yil 13 yanvarda ishni qaytadan ko‘rib chiqib, «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJ arizasini qanoatlantirishni rad etgan. Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma'muriy sudi appelyatsiya instansiyasi va O‘zbekiston Oliy sudi ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati ishni qaytadan ko‘rib chiqib, Urganch tumani ma'muriy sudining 2020 yil 13 yanvardagi qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Ganja Tojiyevning aytishicha, u bozorni bugungi ko‘rinishiga qadar turli xarajatlar bilan 9,5 mlrd so‘m mablag‘ sarflagan. Shundan 6 mlrd 166 mln so‘mdan ortiq mablag‘ «Xiva obod yo‘l qurilish» MChJga bajargan ishlari uchun berilishi kerak. Bugungi kunda 108 nafar tadbirkor MChJ bilan shartnomaga asosan do‘konlari bitkazib berilishini kutmoqda.

Biz vaziyatni yanada aniqroq tasavvur qilish maqsadida Xiva shahrining o‘sha vaqtdagi hokimi Sobir Jumaniyozov bilan uchrashdik. U muammoli masala yuzasidan tushuntirish berdi. Uning aytishicha, Xiva shahriga zamonaviy dehqon va buyum bozori ham zarur.

Sobir Jumaniyozov, Xiva shahar sobiq hokimi

«Xiva shahridagi «Xiva universal savdo kompleksi» AJ 2017–2018 yillarda buzilishga tushgani munosabati bilan hokimiyat vakillari va AJ rahbari (G.Tojiyev) aksiyadorlar bilan yig‘ilish o‘tkazib, kim qancha maydonda tadbirkorlik qilayotgan bo‘lsa, xuddi shunday maydonda tadbirkorligini davom ettirishi tushuntirilgan», – deydi Jumaniyozov.

Uning bildirishicha, Yangi bozor qurish uchun yer maydoni AJga emas, balki yangidan tashkil etilgan MChJga berilgan.

«Eng qizig‘i, Tojiyev MChJ tashkil etilgan vaqtda «Xiva universal savdo kompleksi» AJ rahbari lavozimida ham ishlagan va ikki oy mobaynida ikki tashkilot rahbari bo‘lib kelgan. Siz AJ rahbari sifatida, birinchi galda aksiyadorlar manfaatlarini himoya qilishingiz kerak emasmidi, desak, savolga javob yo‘q.

Yana bir tomoni, mazkur MChJga qaror chiqqan vaqtda, qarorosti hujjatlarining barchasi AJ uchun tayyorlangan. Kotibiyatda saqlanayotgan barcha hujjatlarda buni ko‘rish mumkin. Ammo, negadir eng yuqoridagi qaror MChJ uchun chiqarilgan. Bir sanada bir raqam bilan ikki xil qaror chiqqan», – deya tushuntirish bergandi Sobir Jumaniyozov.

Shu o‘rinda, 108ta tadbirkorlik sub'yekti «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJ bilan shartnoma imzolab, do‘konlari bitishini kutayotganini ham unutmaslik kerak.

Xiva shahrining endilikda sobiq hokimi bu masalaga izoh bergan edi. Unga ko‘ra, MChJga pul to‘lab qo‘ygan va avvaldan AJda faoliyat yuritgan tadbirkorlarning barchasi teng huquqli bo‘lib, qur'a tashlash orqali do‘konlar taqsimlanishi belgilangan. Bundan tashqari, MChJning qurilish tashkiloti bilan shartnomasi mavjud. Pudrat tashkiloti pulini AJ to‘lab berishini hokimlik nazorat qilishi bo‘yicha uch tomonlama shartnoma ham imzolangan. Sobiq hokim izoh berganidek, bozorning bitmaganligi va 2 yildan ortiq vaqtga cho‘zilishining asosiy sababi – tomonlarning sudlarga murojaat qilishlari oqibatidir.

Umuman, «Xiva universal savdo kompleksi» AJ 2009 yili Xiva tumanida «Buyum bozori» OAJ sifatida tashkil qilingan bo‘lib, 2013 yilda «Xiva universal savdo kompleksi» AJga aylantirilgan. Uning tarkibida 331 aksiyador va aksiyador hisoblanmagan 500ga yaqin mulkdor, jami 800dan ortiq tadbirkor faoliyat yuritib kelgan, deydi «Xiva universal savdo kompleksi» AJ rahbari Dilshod Davletov.

Kezi kelganda qayd etish kerak, MChJ rahbari Tojiyev uning tashkiloti yangi buyum bozori qurish uchun tashkil etilganini, AJ Xiva shahar dehqon bozorini qurishi kerakligini ta'kidlasa, AJ rahbari Davletov bunday emasligini aytmoqda.

Xullas, bugungi kunda Xorazm viloyati prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan Xiva shahar hokimligi mansabdor shaxslari E. Yaqubov va boshqalarga nisbatan JKning 205-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) va 209-moddasi 1-qismi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Unda «Xiva universal savdo kompleksi» AJda faoliyat yuritgan tadbirkorlar va aksiyadorlar manfaatlari buzilganiga doir holatlar tekshirilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar muammoli masalani o‘rganganida, hujjatlar soxtalashtirilgani ma'lum bo‘lgan. Ya'ni 2018 yil 3 may kuni Xiva shahar hokimi E.Yakubov 835-sonli ikkita qarorga imzo chekkan. Ulardan biri «Xiva shahar hokimligi Xiva shahar Sangar mahallasi hududidan «Yangi buyum bozori» qurilishi uchun doimiy foydalanishga yer maydoni ajratish to‘g‘risida» deb nomlanib, buyruqlar kitobida ham aynan shu qaror ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Biroq, xuddi shu sana va shunday tartib raqami bilan shahar hokimi yana bir qarorga imzo chekkan. U «Xiva shahar savdo kompleksi» mas'uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilish va mazkur jamiyatga yer maydoni ajratish to‘g‘risida» deb nomlanadi. Viloyat hokimining 2018 yil 26 maydagi qarori aynan ikkinchi – soxta qarorga asosan chiqarilgan va tadbirkorlarning noroziliklariga sabab bo‘lgan.

Ushbu mavzu bilan bog‘liq masala sudning deyarli barcha instansiyalarida ko‘rib chiqilgan va tegishli xulosalar berilgan. Xolislik uchun aytish kerak, Xorazm viloyati Urganch shahar ma'muriy sudigina 2019 yil 11 noyabrdagi ochiq sud majlisida viloyat hokimining 2019 yil 30 iyuldagi 515q-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topgan. Biroq, 2019 yil 3 dekabrda viloyat prokuraturasi sud qaroriga nisbatan kassatsiya tartibida protest keltirgan. Boshqa sud mahkamalarining barchasini birlashtirib turuvchi bir jihat borki, u ham bo‘lsa, «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJ shikoyatini qanoatlantirishni rad etishdir.

Xullas, salkam 3 yildirki, tomonlar o‘zaro munosabatlari-yu, bozorni kim qurishi kerakligini sud orqali aniqlashda davom etar ekan, bu yoqda Xiva shahri va uning atrofidagi hududlarda istiqomat qiluvchi aholiga xizmat ko‘rsatuvchi birorta bozor mavjud emas. Borlarida ham sharoit yo‘q, sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan holatda savdo qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: