Farg‘onadagi omborda 800 million so‘mlik ko‘mir talon-toroj bo‘ldi

Jamiyat 15:35 / 18.01.2021 8367

Farg‘onada ko‘mir omborining sobiq mudiri bir yarim ming tonna ko‘mirni noqonuniy sotib yuborganlikda ayblanmoqda

«Ko‘mir ta'minot» MChJga qarashli Oltiariq ko‘mir ombori sobiq mudiri M.M. o‘zining moddiy javobgarligida bo‘lgan, umumiy qiymati 807,1 mln so‘mlik 1 566 tonna ko‘mir mahsulotlarini sotib yuborib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlandi.

M.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergovga qadar tekshiruvni Departamentning Oltiariq tuman bo‘limi o‘tkazgan.

«Farg‘ona viloyat yagona hisob-kitob markazi» DUKdagi talon-torojliklar fosh etildi

«Farg‘ona viloyat yagona hisob-kitob markazi» DUK mansabdor va mas'ul shaxslari markaz inspektorlari tomonidan aholidan sovuq suv va oqova suv ta'minoti xizmati uchun yig‘ilgan 60,4 mln so‘mni abonentlar hisob raqamiga tushirmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

Bundan tashqari, markaz mas'ul shaxslari inspektor vazifasida ishlab kelgan xodimlar nomiga soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali maishiy texnikalarni kreditga olib, ularning manfaatiga 46,9 mln so‘m zarar yetkazgan.

Holat yuzasidan JKning 167-moddasi 2-qismi, 168-moddasi 3-qismi va 228-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergovga qadar tekshiruv Departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan, «Farg‘ona suv ta'minoti» MChJning murojaatiga asosan o‘tkazilgan.

Fuqaroni Andijon davlat universitetiga turmush o‘rtog‘i orqali o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

Sh.T. fuqaro R.R.ning ishonchiga kirib, uning jiyanini ADUda ishlovchi turmush o‘rtog‘i va boshqa tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 000 dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Sh.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tezkor tadbirni Departamentning Shahrixon tuman bo‘limi va IIB xodimlari o‘tkazgan.

Buxoro shahar madaniyat bo‘limi sobiq rahbari 263 mln so‘mlik texnikalarni o‘zlashtirgan bo‘lishi mumkin

Buxoro shahar madaniyat bo‘limi sobiq rahbari V.N. va boshqalar madaniyat bo‘limiga tegishli 24 dona, 89,8 mln so‘mlik rangli «LED» ekranlarini belgilangan talablarga zid ravishda hisobdan chiqargani va viloyat madaniyat boshqarmasidan qabul qilib olingan 173,6 mln so‘mlik «LED» ekranlarini Buxoro shahar madaniyat bo‘limiga topshirmasdan 263,5 mln so‘mlik davlat mulkini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlandi.

V.N. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergovga qadar tekshiruvni Departamentning Buxoro shahar bo‘limi o‘tkazgan.

Jizzaxda fuqaroning elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani haqidagi dalolatnomani yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan elektromontyor ushlandi

«Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bo‘lim elektromontyori M.Ya. fuqaro A.X.ning xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani yo‘q qilib berish evaziga 1,5 mln so‘m olgan vaqtida, Departamentning Jizzax shahar bo‘limi tomonidan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruvda, M.Ya. 2 nafar fuqaroning elektr energiyasidan bo‘lgan 7,2 mln so‘m qarzdorligini bazadan o‘chirib berish evaziga ularning 200 dollari va 1,4 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlandi.

M.Ya.ga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tadbirkorning aslida mavjud bo‘lmagan qarzdorligini yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan suv ta'minoti korxonasi mas'uli ushlandi

«Toshkent suv ta'minoti» MChJ Angren shahar abonent xizmati bo‘limi boshlig‘i K.Sh. «N.» MChJga qarashli noturar binoning suv ta'minotidan qarzdorligi bo‘lmasa-da, jamiyat rahbariga 4,8 mln so‘m qarzdorligi borligini aytib, bu qarzdorlikni yo‘q qilib berish va qarzdorlik mavjud emasligi haqidagi ma'lumotnomaga imzo qo‘yib berish evaziga 2 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

K.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tezkor tadbirni Departamentning Angren shahar bo‘limi o‘tkazgan.

Paxta va g‘alla yer maydonini 30 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan fermer ushlandi

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida «B.M.» fermer xo‘jaligi rahbari «M.I.», xo‘jalikka tegishli paxta va g‘alla yer maydonining 60 sotixini kadastr xizmatida ishlovchi tanishlari orqali fuqaro S.R.ga uy-joy uchun hujjat qilib berish evaziga 30 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

M.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tezkor tadbirni Departamentning Sherobod tuman bo‘limi o‘tkazgan.

Juda ko‘p miqdordagi «Meropenem» dorisining noqonuniy aylanmasi to‘xtatildi

Toshkent viloyatida fuqaro B.I. va boshqalar noqonuniy daromad orttirish maqsadida dori vositalarini dorixona va ularning filiallaridan tashqarida muomalaga kiritib, xaridor Z.ga xorijda ishlab chiqarilgan «Covid-19» infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan umumiy narxi 175 mln so‘m bo‘lgan 3 500 dona «Meropenem» nomli dori vositalarini qimmat narxlarda baholab, 40 000 dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

B.I. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186(3)-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tezkor tadbirni departament, DXX va Bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmalari o‘tkazgan.

Ko‘proq yangiliklar: