Toshkentda ilk bor dzyudo bo‘yicha «Katta Dubulg‘a» turniri o‘tkaziladi

O‘zbekiston 11:32 / 14.01.2021 3137

Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Tokio Olimpiadasigacha bo‘lgan musobaqalar taqvimini e'lon qildi. Unda ilk bor Toshkentda «Katta Dubulg‘a» turniri o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bungacha har yili Toshkent shahrida Gran-pri turniri o‘tkazib kelinayotgan edi. 

Joriy yilning 5-7 mart kunlari Toshkent shahri dzyudo bo‘yicha «Katta Dubulg‘a» turkumiga kiruvchi yirik musobaqaga mezbonlik qiladi. Ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu turnir Tokio Olimpiadasi uchun katta reyting ochkolarini taqdim qilishi bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida ushbu musobaqaga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

«Musobaqaning nufuzi baland bo‘lgani bois unga dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan 1000 nafarga yaqin mehmon kelishi kutilmoqda. Tabiiyki, epidemiologik davrda barcha mehmonlarning xavfsizligi va salomatligini ta'minlash katta mas'uliyat talab etadi. Yig‘ilishda poytaxtimizga tashrif buyuradigan mehmonlar uchun Toshkent xalqaro aeroportida talab etiladigan COVID-19 testini topshirish, transport-logistika masalalari, mehmonxonalarga joylashtirish uchun barcha qulayliklarni yaratish kabi mavzular kun tartibining asosiy masalalari bo‘ldi», — deyiladi federatsiya xabarida.

Dzyudo bo‘yicha mavsumni 11-13 yanvar kunlari Qatarda o‘tgan «Masters» turniri boshlab berdi. Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar bitta bronza medali bilan turnirni 16-o‘rinda yakunladi.

Ko‘proq yangiliklar: