To‘raqo‘rg‘ondagi gaz «zapravka»da «Damas» yonib ketishi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berildi

Jamiyat 19:26 / 11.01.2021 9542

11 yanvar tongida Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani «Kumidon» mahallasi hududida joylashgan «Afsona-4» nomli avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida «Damas» avtomobili yonib ketdi. 

Avtomobil haydovchisi gaz zapravkaga tungi soat 02:00da borib, 6:00da gaz quydirgan va chiqib ketayotgan paytda yong‘in chiqqan. Bunga avtomobil elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan, haydovchi avtomobildan chiqishga ulgurgan, atrofdagi boshqa haydovchilar yong‘inni o‘chirishgan. Namangan viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati ushbu hodisa bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi.

«Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi gaz to‘ldirish shoxobchasida yonib ketgan «Damas»ning o‘rindiq va elektr jihozlari zarar ko‘rgan. Shoxobchada bo‘lgan yon-atrofdagi fuqarolar va avtomashinalarga talafot yetmagan.

To‘raqo‘rg‘on tumanining «Yakkatom» mahallasida yashovchi avtomashinani fuqaro B.A. ishonchnoma orqali boshqarib kelgan. U gaz to‘ldirish shoxobchasidan chiqayotganda ushbu hodisa ro‘y bergan va shoxobcha xodimi tomonidan yong‘in tezkorlikda dastlabki o‘t o‘chirish quroli orqali bartaraf etilgan.

Yong‘in natijasida «Damas»ning o‘rindiq va elektr jihozlari zarar ko‘rgan. Shoxobchada bo‘lgan yon-atrofdagi fuqarolar va avtomashinalarga zarar yetmagan», deyiladi ma'lumotda.

Yong‘in yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Boshqarma shu kunlarda gaz zapravkalarda tartibsizliklar kuzatilayotganini qayd etib o‘tgan.

«Ayni paytda gaz to‘ldirish shoxobchalarida tartibsizliklar kuzatilyapti. Avtomashina egalari nima qilib bo‘lsa ham, tezroq gaz quyish ilinjida belgilangan vaqtga va tartibga amal qilishmayapti. Avtomobil yo‘lining qatnov qismiga ham qatorlashib turib olib, boshqa transportlarning harakatiga xalaqit berishmoqda.

Shuningdek, gaz to‘ldirish shoxobchalaridan chiqishga mo‘ljallangan yo‘laklarni ham navbatsiz kirishga oshiqayotgan mashinalar band qilib olishgan. Oraliq masofani saqlash haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Oqibatda, joylarda transport va haydovchilar o‘rtasida turli ko‘ngilsiz holatlar kelib chiqmoqda.

Haydovchilarga murojaat etamizki, hayotingiz xavf ostida qolmasligi uchun ogoh bo‘ling. Avtomobilingizning texnik holatini nazorat qiling, gaz to‘ldirish shoxobchalariga borganda belgilangan tartiblarga rioya qiling va favqulodda holatlar ro‘y berganda maxsus avtomashinalar yo‘laklari (evakuatsiya yo‘lagi) ochiq turishini ta'minlang», — deyiladi FVB izohida.

10 yanvar kuni Namangan shahridagi gaz zapravkalarning birida navbatda turgan haydovchilardan biri vafot etgani xabar qilingandi. Undan avvalroq namanganlik haydovchilar yonilg‘i quydirish uchun navbat talashib, mushtlashib ketgani ma'lum bo‘lgan edi.

Ma'lumot uchun, 4 yanvardan «magistral gaz quvurlaridagi gaz bosimini qayta tiklash maqsadida» O‘zbekistondagi barcha gaz shoxobchalarda ish vaqti cheklandi - gaz quyish shoxobchalari soat 15:00dan 05:00gacha yopiq bo‘lmoqda. Natijada shoxobchalarida bir necha soatlik navbatlar yuzaga kelmoqda. Ushbu tartib qachongacha davom etishi noma'lum.

Ko‘proq yangiliklar: