Tadbirda boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Otabek Bozorov anjuman ishtirokchilariga boshqarma tomonidan 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
2020 yilda viloyat adliya boshqarmasi hamda bo‘limlariga jami 4 271ta murojaat kelib tushgan. Ularning 2 647tasi inson huquqlarini himoya qilishga, 305tasi huquqiy xizmat ko‘rsatishni davlat tomonidan tartibga solishga, 692tasi ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo‘llash amaliyotiga, 627tasi boshqa sohalarga oid murojaatlardir.
Mazkur murojaatlarning 3 167tasi (74 foizi) shaxsiy va sayyor qabullarda kelib tushgan. O‘tgan vaqt mobaynida murojaatlarning 3 865tasini (90 foizini) hal etishga erishilgan.
Qanoatlantirilgan murojaatlar asosida turli idoralarga 285ta taqdimnoma, sudlarga 24,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni undirib berish bo‘yicha 480ta da'vo arizasi, 45ta ma'muriy taklif kiritilgan.
Boshqarma va tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 287 marta o‘rganishlar o‘tkazilgan. O‘rganishlar davomida 30 ming 571ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Tahlillarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash, xalq ta'limi, yer kadastr, yo‘l qurilish, hokimliklar hamda davlat xaridlari tizimlarida eng ko‘p qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Mutaxassislar tomonidan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan turli tashkilotlarga 1295ta taqdimnoma kiritilgan. Ana shu taqdimnomalar asosida fuqarolarga 7 milliard 689 million so‘m miqdoridagi mablag‘ qaytarilgan.
Shuningdek, 76ta hujjat ijrosi to‘xtatilgan, 33ta hujjat ijrosi bekor qilingan, 14 nafar mansabdor, 489 nafar mas'ul shaxs xatti-harakatlari bo‘yicha intizomiy javobgarlikka tortilgan, ularning 21 nafari vazifasidan ozod etilgan.
Ta'kidlanishicha, 2020 yil davomida shahar va tuman hokimlarining normativ tusga ega bo‘lmagan 33ta, normativ tusdagi 13ta, jami 46ta noqonuniy qarori bekor qilingan.
Anjuman davomida ishtirokchilar bugungi kunda aholini qiziqtirayotgan savollarni o‘rtaga tashlashdi. Xususan, Kun.uz muxbiri iste'molchilar va energiya yetkazib beruvchi korxonalar o‘rtasida shartnoma tuzilayotgani, lekin yetkazib beruvchilar tomonidan mazkur shartnomaning ta'minotga oid bandi buzilayotgani haqida gapirib, bu holatga adliya boshqarmasi qanday huquqiy baho berishini so‘radi.
Bunga javoban, adliya boshqarmasi vakillari elektr energiyasi bo‘yicha murojaatlar kelib tushmaganini, lekin e'tiroz asosli ekanligi, shu bois mazkur masala aholining tegishli tashkilotlarga murojaatlarini tahlil qilish asnosida ko‘rib chiqilishini aytib o‘tishdi.