«Vaqf» fondi ehsonlarni Qorbobo yordamida tarqatgan Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi mas'ullarini befarosatlikda aybladi

Jamiyat 15:48 / 02.01.2021 12098

«Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan respublikamizdagi har bir mahalladan 10 nafardan jami 91 ming 550 nafar kam ta'minlangan oilaga oziq-ovqat mahsulotlari ulashilgan.

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida ushbu xayriyalar Yangi yil arafasida Qorbobo kiyimidagi shaxslar yordamida tarqatib chiqilgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan. Bu esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin e'tirozlariga sabab bo‘lgan.

«Joylardagi tadbirlarning shakli va mazmuni hududlardagi tashkilotlar tomonidan uyushtirilgan bo‘lib, bunday farosatsizlikka yo‘l qo‘ygan mahalliy mutasaddilarni mutlaqo oqlab bo‘lmaydi. Xususan, mana shu holatga sababchi bo‘lgan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi vakillari uzr so‘rashlari kerak.

Shunday ekan, tarqatilgan suratlardagi qorbobolarning «Vaqf» xayriya jamoat fondiga hech qanaqa aloqasi yo‘q. Bu holat uchun Fond va uning xodimlarini obro‘sizlantirish, haqorat va adolatsizlikdir. Har qanday to‘g‘ri va ishonchli ma'lumotni istalgan vaqtda Fondning o‘zidan olish mumkinligini yana bir bor ta'kidlaymiz», deyiladi «Vaqf» xayriya jamoat fondining rasmiy munosabatida.

«Vaqf» fondining xayriya mahsulotlari joylardagi mutasaddi tashkilotlar vakillari, mahalla faollari, jamoatchilik vakillari hamda ko‘ngillilar ishtirokida tayyorlangan va ehtiyojmand oilalarga yetkazilgan.

Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi ham mazkur masalada o‘z rasmiy munosabatini e'lon qilgan, biroq matnda «Vaqf» fondidan uzr so‘ralmagan.

Ma'lum bo‘lishicha, Qumqo‘rg‘on tuman hokimligining o‘zi ham Yangi yil arafasida kam ta'minlangan oilalarning bolalariga Yangi yil sovg‘alari tayyorlab tarqatgan. Bunda qorbobo va qorqiz rolidagi ko‘ngillilardan foydalangan.

«Hech kimga sir emas, Yangi yil bayrami qorbobo, qorqiz va archalar bilan nishonlanadi. Shularni inobatga olgan holda, bu yil ham fuqarolarga yangi yil shukuhini olib kirish uchun tuman hokimligining sovg‘alari qorbobo bilan yetkazish rejalashtirilgan edi», deyiladi tuman hokimligi munosabatida.

Xarajatlarni qisqartirish maqsadida o‘sha mashinalarda «Vaqf» fondining ehsonlari ham tarqatilgan.

«Vaqf» fondi tomonidan qilingan ehsonlarning tarqatilishi Qumqo‘rg‘on tumanida aynan 31 dekabrga to‘g‘ri kelganligi bois, bayram arafasi, noqulay ob-havo hamda transport vositalari xarajatlarini inobatga olib, tuman hokimligining sovg‘alari va «Vaqf» fondi tomonidan ajratilgan mahsulotlarning tarqatilishida bitta transport vositasidan foydalanilgan. Bu esa [ijtimoiy tarmoqlarda] noto‘g‘ri talqin etilib, «ehsonlar qorbobolar yordamida tarqatildi», degan fikrlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan», — deyiladi munosabat yakunida.

«Vaqf» xayriya jamoat fondi prezidentning 2018 yil 16 aprel kungi farmoni asosida tashkil etilgan va o‘sha yil 10 may kuni Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan. Xayriya, zakot, ushr, fitr va fidya orqali fondga kelib tushgan mablag‘lar masjidlar va diniy ta'lim muassasalarining binolarini qurish, ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlar uchun sarflanadi.

Avvalroq fond mablag‘lari evaziga sotib olingan «Chevrolet Malibu» avtomobili ham ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: