«Tiktokerlar ‘ijodi’ bema’nilikdan iboratligini o‘zlari ham tan olishadi, lekin...»

Jamiyat 19:19 / 30.12.2020 10964

Ortda qolayotgan yilda asosan bema’ni videolar platformasi – TikTok ijtimoiy tarmog‘i O‘zbekistonda ham katta tezlikda ommalashib, bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.

Dekabr oyi boshida Kun.uz homiyligidagi «SUBYEKTIV» loyihasi «TikTok pandemiyasi» haqida hikoya qiluvchi ko‘rsatuvni e’lon qildi. Unda muallif Jamshidxon Ziyoxonov bugungi yoshlar hayotidan ko‘pchilikka noma’lum sahifalar haqida so‘z yuritgan.

Jurnalist Bobur Akmalov o‘zining «Kun. Munosabat» ruknining navbatdagi sonida Jamshidxon Ziyoxonov bilan shu mavzuda fikr almashdi.

«TikTok'ning yaxshi yoki yomon tomonlari? Bu savolga ko‘rsatuvni tayyorlash jarayonida ham javob qidirdim. To‘g‘risini aytsam, javob topishim juda qiyin bo‘ldi. O‘zbekistondagi mashhur tiktokerlar bilan gaplashdim, menda ular haqida yomon taassurot qolgani yo‘q. Vaholanki, men ular ishlayotgan videolarga yomon munosabatdaman.

Bu bema’ni videolarning hech qanday foydali tomoni yo‘q. Menimcha, bu bolalar, ya’ni tiktok auditoriyasi so‘ragan narsani berayotgan tiktokerlar – hozirgi trenddagi talabning qurbonlari.

Ularning ko‘pchiligi videolari bema’ni ekanini tan olishyapti. Ko‘pchiligi ma’noliroq videolar qilib ko‘rishgan, lekin u videolarni hech kim ko‘rmagan. Aksincha, bema’ni kontentni tomoshabinlar ko‘proq ko‘rib, layk qo‘ygani uchun ular shunaqa videolarni ishlashyapti. Va ularga katta-katta reklama takliflari tushyapti.

Albatta, bunaqa katta kompaniyalar kelib, yillik shartnomalar tuzganidan keyin, tiktokerlarning o‘zlariga ishonchi ortadi, qilayotgan ishiga tanqidiy munosabati kamayadi. Shunday ekan, bema’ni video olishda davom etaverishadi. Chunki ular bo‘lmasa, o‘rniga boshqalar shu ishni qiladi.

Saviya juda ham sayozlashib ketdi? Ha, shunday. Buni bekorga pandemiya deb atamadim. Ilk marta tiktokka kirib ko‘rganimda, logikaga to‘g‘ri kelmaydigan, maza-matrasiz videolarni shunchalik ko‘p odam ko‘rayotgani, layk bosayotgani, muhokama qilayotganini ko‘rib shokka tushganman.

Bunaqa saviyadagi kontent tarqalishini kamaytirishni istasak, ularni o‘zimiz ham boshqalarga ulashmasligimiz, behuda vaqt sarflab ko‘rib yurmasligimiz kerak», – deydi Jamshid Ziyoxonov.

Ko‘proq yangiliklar: