«Buxoro don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati joriy yilda viloyat aholisining un va un mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, fermerlar tomonidan mo‘l g‘alla hosili yetishtirish maqsadida samarali ishladi.
Aytish mumkinki, davlat rahbarining o‘tgan yili Buxoro viloyatiga tashrifidan so‘ng hukumat qarori bilan Buxoro shahrida «Bukhara City» zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazini barpo etish ko‘zda tutilgandi. Shunga asosan «Buxoro don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatining ham oldingi hududi buzilib, Buxoro shahridagi «Xalqlar do‘stligi-9» manziliga ko‘chirildi. 2019 yilning sentyabr oyidan qurilish ishlari boshlandi.
Joriy yilning may oyida esa sutkasiga 300 tonna donni qayta ishlashga mo‘ljallangan un tegirmoni to‘liq quvvatda ishlay boshladi. Bunda Turkiya davlatining «ALAPROS» kompaniyasidan tegirmon sexining qo‘shimcha zarur jihozlari, «OBIAL» firmasidan ikki dona 1500 tonna sig‘imli elevatorlar keltirib o‘rnatildi. 27000 tonna sig‘imga ega maxsus g‘alla ombori qurildi. Ishchi-xizmatchilar uchun dam olish xonalari kompleksi qurib, ishga tushirildi. Korxona hududiga yangidan toza ichimlik suvi quvurlari va suv-oqova tizimi o‘tkazildi. Elektr taqsimlash binosi qurib ishga tushirildi. Korxona hududiga asfalt yotqizilib, zarur bino-inshootlar qurildi. Jami 10 mlrd 573 mln so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi.
Jamiyatda qurilish, yangi, zamonaviy uskunalar o‘rnatish barobarida ish jarayoni ham to‘xtab qolgani yo‘q. 2020 yil g‘alla hosilini qabul qilib olish uchun kontraktatsiya shartnomalari tuzildi. Shu asosda viloyatning beshta tumani (Buxoro, Vobkent, G‘ijduvon, Peshku, Shofirkon) va Buxoro shahridagi fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan g‘allani qabul qilib olishga ixtisoslashgan bosh korxona elevatori, «Vobkent», «Peshku», «Shofirkon», «Q.Murtazoyev», «Paxtaobod» (ijara), «Varaxsho» (ijara), «Qo‘rg‘on» don qabul qilish shoxobchalari va «I.Naimov»-«Romitan» urug‘lik sexlari tomonidan moddiy texnika bazasi yaratildi. 1495 ta fermer xo‘jaliklaridan 72900 tonna tovar don va 10325 tonna urug‘lik don, jami 83225 tonna g‘alla qabul qilib olindi.
Ochiq maydonlarga qabul qilingan g‘alla yog‘in-sochinli kunlarga qolmasdan, uyushqoqlik bilan yopiq sig‘imlar (omborlar)ga kiritildi. Omborlarga kiritilgan g‘alla belgilangan tartibda zararkunandalarga qarshi doimiy dorilanib turibdi.
O‘z navbatida 2021 yil hosili uchun ham viloyatning 5 ta tumani (Buxoro, Vobkent, G‘ijduvon, Peshku, Shofirkon) va Buxoro shahridagi 1467 ta fermer xo‘jaliklari bilan 45618 tonna tovarbop don va 5765,4 tonna urug‘lik don, jami, 51383,4 tonna bug‘doy qabul qilib olish uchun kontraktatsiya shartnomalari tuzildi.
Viloyat aholisining sifatli un mahsulotlariga bo‘lgan talabini inobatga olgan holda dislokatsiyaga asosan har oyda 3300-3500 tonnadan temir moddasi bilan boyitilgan un mahsuloti shartnomaga ko‘ra non ishlab chiqarish, ijtimoiy ta'minot korxonalari va aholiga chakana xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarga yetkazib berilmoqda.
Viloyat chorvachilik xo‘jaliklari, baliqchilik va tovuqchilik xo‘jaliklariga har oyda 1500-1600 tonnadan sifatli omixta yem mahsulotlari ishlab chiqarilib, birja savdolari orqali sotilmoqda. Omixta yem mahsuloti ozuqabopligini oshirish maqsadida viloyat fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan 300 tonna makka doni shartnoma asosida, 250 tonna arpa doni birja savdolari orqali sotib olindi.
Ishlab chiqarish faoliyat turlarini kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida jamiyat hududida 60 sotixli issiqxona inshooti qurish ishlari boshlab yuborildi. Bundan ko‘zlangan maqsad xalqimiz dasturxonini sifatli pomidor-bodring mahsulotlari bilan ta'minlash, qo‘shimcha ish o‘rni yaratish va korxonani iqtisodiy rivojlantirishdan iborat.
Jamiyatga qarashli «Kuk saroy Wachtel», «Oltin boshoq issiq noni» va «Rabot non invest» mas'uliyati cheklangan jamiyatlari Buxoro shahri va Buxoro tumani aholisi dasturxonini sifatli non mahsulotlari bilan ta'minlab kelmoqda.
Aytish mumkinki, «Buxoro don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati sifat jihatdan joriy yilda tubdan yangilandi va hozirgi vaqtda ham bu jarayon davom etmoqda. Maqsadimiz xalqimizga sifatli mahsulot yetkazib berish, oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shish va shuning barobarida iqtisodiyotimizni yuksaltirishdan iboratdir.
«Buxoro don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati